Toshkent viloyati Kumushkon qishlog'idagi "Edelweiss Hotel&Resort" mehmonxonasi majlislar zalida 23-27 dekabr kunlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun odam savdosi, majburiy mehnat va gender tenglik masalalari bo'yicha muvofiqlashtiruv forumi bo'lib o'tmoqda. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash komissiyasi va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda o'tkazilmoqda.
25 dekabr kuni forum doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev ishtirokida brifing uyushtirildi. Ushbu anjuman O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan media-reja asosida tashkil etildi.
Brifingda jurnalistlar e'tiboriga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha "Yo'l xaritasi" ijrosi yuzasidan 2020 yil 20 dekabrgacha bo'lgan holatga doir ma'lumot taqdim etildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ning jami 78 bandidan 32 bandi bo'yicha ijro muddati yakunlangan. Xususan, 20 ta band bo'yicha ishlar o'z muddatida, 2 ta band bo'yicha muddatidan oldin bajarilgan; 13 ta band bajarilmoqda. Ijro muddati yakunlanmagan 46 ta bandni amalga oshirish ishlari izchil davom etmoqda.
Milliy strategiyada 33 ta qonun loyihasi ishlab chiqish nazarda tutilgan. Ushbu qonun loyihalari bo'yicha bandlarning 12 tasi bajarilgan bo'lib, qolgan 21 tasi ijro etilmoqda.
Xususan, o'tgan davrda “Ta'lim to'g'risida”gi qonun (yangi tahriri), “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun (yangi tahriri), shuningdek “Aholi bandligi to'g'risida”gi hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Shuningdek, 3 ta yangi Kodeks - Sog'liqni saqlash kodeksi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks, Ekologiya kodeksi loyihasi, 7 ta amaldagi Kodeksning yangi tahriri, ya'ni Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi, Uy-joy kodeksi loyihasi tayyorlangan. Ularni qabul qilish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Ayni vaqtda 2 ta yangi Kodeks, ya'ni Axborot kodeksi va Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqishga tayyorgarlik bosqichi bormoqda. Bundan tashqari, 6 ta yangi qonun loyihasi tayyorlangan.
Shu bilan birga, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga O'zbekiston Respublikasi saylanishini ta'minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada 2020 yil 13 oktyabr` kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.
Ko'krak nishoni bilan taqdirlash marosimi joriy yil 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida o'tkazilib, ko'krak nishoni o'z sohiblariga tantanali ravishda topshirildi. “Ko'krak nishoni” bilan taqdirlanganlar ro'yxati Markaz veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida e'lon qilindi.
Shu bilan birga, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo'yicha “Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul asosida hozirga qadar 32 ta vebinar o'tkazilib, jami 500 nafardan ortiq rahbar xodimlar o'qitildi.
O'quv jarayoniga yetakchi xalqaro mutaxassislar jalb etilgan. Mashg'ulotlar BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Qochoqlar masalalari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Taraqqiyot dasturi, UNODC, YEXHTning Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o'tkazilmoqda.
Shunday qilib, Milliy strategiya ijrosi yuzasidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan qat'iy monitoring amalga oshirilmoqda. Monitoring natijalari Markaz rasmiy saytida va ommaviy azborot vositalarida muntazam e'lon qilib borilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.12.2020
- Ko'rishlar: 3950
- Chop etish