24 aprel kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro eksperti Georgiy Tugushi bilan  videokonferentsaloqa shaklidagi ishchi uchrashuvi bo'lib o'tdi. Ushbu onlayn-muloqot BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo'limi hamda BMTning O'zbekiston Respublikasidagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Tadbirdan maqsad – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasini muhokama qilishdan iborat.

Videoaloqa jarayonida xalqaro ekspert O'zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga ijobiy baho berdi. Georgiy Tugushi, xususan, “Economist” jurnalini muntazam tahlil qilib borishi, keyingi vaqtlarda mazkur nufuzli nashrda O'zbekistondagi siyosiy va huquqiy islohotlarga doir bir qator materiallar bilan tanishgani haqida so'zladi.

– Mamlakatingizning BMT bilan inson huquqlari masalasida yaqin hamkorligi e'tirofga sazovor, – dedi G.Tugushi. – Fikrimcha, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya ushbu yo'nalishdagi muhim va ildam qadamdir. Bu hujjat bilan tanishish asnosida unda xalqaro amaliyotdan keng foydalanilganiga amin bo'ldim. 

Uchrashuv davomida qayd etilganidek, Milliy strategiya loyihasi davlat organlari va idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari tarafidan keng muhokama qilingani diqqatga loyiqdir.

Loyiha, shuningdek jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz va Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning rasmiy saytida joylashtirilgan. Muhokamalar jarayonida 100 dan ortiq davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlaridan 500 dan ziyod takliflar olindi.

Bundan tashqari, loyiha yuzasidan joriy yilning 28 fevralida Milliy maslahatlashuv tashkil etilgan. Unda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari faol qatnashgan.

Loyiha bo'yicha BMTning O'zbekiston Respublikasidagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi va BMT Agentliklari, Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo'limi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Buyuk Britaniya elchixonasi  o'z taklif-mulohazalarini taqdim qildi.

Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Litva, Latviya, Shvetsiya, Xitoy, Qozog'iston, Ukraina, Finlandiya kabi davlatlarning tajribasi bevosita o'rganildi. Shuningdek, loyiha yuzasidan Jeneva, London, Moskva shaharlarida brifinglar o'tkazildi.

Milliy strategiya loyihasi Markaz veb-saytiga joriy yil 23 martida ikkinchi marotaba jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Shu vaqtgacha 50 dan ortiq yangi takliflar kelib tushdi.

Tomonlar ayni vaqtda loyiha matnini 30 dan ziyod davlat organlari va NNTlar bilan kelishuv jarayoni amalga oshirilayotganiga alohida e'tibor qaratdilar.

Muloqot yakunida Milliy strategiya loyihasi bo'yicha BMT eksperti ham o'z takliflarini bildirdi. Tomonlar loyihani maromiga yetkazilganidan so'ng yana bir bor muhokama qilish haqida kelishib oldilar.

Ma'lumot uchun: G.Tugushi – 2009-2012 yillarda Gruziya Ombudsmani  va 2012 yilda ushbu mamlakatning Jazoni ijro etish va huquqiy yordam masalalari bo'yicha vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, u BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi a'zosi bo'lgan. Hozirgi vaqtda BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari masalalari bo'yicha eksperti hisoblanadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech