Dunyoda yadro qurollari ko‘paymoqda(mi)? (+video)

Mutaxassislarning fikricha, yadroviy arsenallarga ega to‘qqizta davlat 2024 yilda bu qurollarni ishlab chiqarishni sezilarli darajada kuchaytirgan.

Yaqinda “Euronews” nashri Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti ekspertlari tahlillarini e’lon qildi. Hisobotda yozilishicha, global keskinliklar va mintaqaviy mojarolar fonida so‘nggi 12 oy ichida yadroviy qurollar soni ortgan.

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha yadro qurollari zaxirasi 9 ming 614 ta jangovar kallakni tashkil etadi, bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 0,3% ga ko‘pdir. Ta’kidlanishicha,  Xitoyning yadroviy dasturi “muhim modernizatsiya va kengaytirish harakatlari” tufayli boshqa mamlakatlarga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda. Pekin hozirda o‘lka shimolidagi uchta yirik konda, shuningdek, sharqdagi tog‘li hududlarda qit’alararo ballistik raketalar uchun yangi joylar qurmoqda.

2023 yildan beri Xitoy arsenali yiliga 100 ta yadroviy bomba bilan to‘ldirilib, joriy yilda ularning soni 600 taga yetdi va dunyodagi uchinchi yadroviy davlat maqomini oldi. XXR o‘n yillikning oxiriga kelib Rossiya yoki AQSH kabi ko‘plab qit’alararo ballistik raketalarga ega bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda. 

Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi yadroviy qurol bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha keskinlik mavjud. Bunga AQSHning Tayvanni qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Xitoyga qarshi iqtisodiy sanksiyalar sabab qilib ko‘rsatilmoqda. 

E’tiborli jihati, AQSH va Rossiya 2026 yilgacha yadroviy qurollarni kamaytirishga va’da berishgan. 

Ma’lumotlarga qaraganda Rossiya va Qo‘shma Shtatlar hali ham dunyodagi yadro qurollarining qariyb 90 foiziga ega. 

– Ikkala davlat ham arsenallar hajmi va xilma-xilligini oshirish uchun keng qamrovli modernizatsiya dasturlarini amalga oshirmoqda, - deyishmoqda soha ekspertlari. – Agar ularning zaxiralarini cheklash bo‘yicha yangi kelishuvga erishilmasa, strategik raketalarga joylashtiriladigan jangovar kallaklar soni ortishi mumkin. 

Ayni paytda Fransiya va Buyuk Britaniya ham yadroviy suv osti kemalari parkini ko‘paytirish niyatida.

Yevropa davlatlari orasida Fransiya eng katta yadroviy arsenalga ega bo‘lib, ularning deyarli barchasi jangovar holatdaligi aytiladi.

O‘tgan yildan beri Parij uchinchi avlod suv osti kemalarida uchiriladigan yadroviy raketalarni, shuningdek, havodan uchiriladigan yangi qanotli raketalarni yaratish dasturini davom ettirmoqda. Qolaversa, Britaniya ham to‘rtta yangi yadroviy ballistik raketa suv osti kemasini qurish orqali dengiz yadro flotini kengaytirish majburiyatini olgan.

Bir necha hafta oldin hukumat “AUKUS” dasturi doirasida 12 ta yangi atom suv osti kemalarini qurishga sarmoyalar kiritilishini e’lon qildi. Britaniyaliklar buni “o‘sib borayotgan tahdidlarga javob” deb tushuntirdi. Sarmoyaning ko‘lami 17,5 milliard yevroni tashkil etadi. 

K.Bekjonov, O‘zA

Powered by GSpeech