Bugun sayyoramizda urchib borayotgan turli ekologik tahdid va muammolar butun insoniyatni tashvishga solmoqda. Dunyoning qay burchagida bo‘lmasin, iqlim o‘zgarishi, atmosferaning buzilishi, suv tanqisligi, tuproq tarkibining o‘zgarishi, cho‘llanish, yashillik va o‘rmonlarning kamayishi, chiqindi muammolari o‘z bo‘y-bastini namoyon qilmoqda. Bu kabi hadsiz ekologik inqirozlar, o‘z navbatida, insoniyatning ekologik madaniyatini yuksaltirishni taqozo etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Ekologik partiyasining fuqarolar ekologik bilimlarini oshirishga qaratilgan tashabbuslari asosida “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan Konsepsiyada bir qator ustuvor vazifalar o‘z aksini topdi.
— “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish sohasida yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni samarali hal etish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda muhim tarixiy hujjat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrullo G‘afforov. — Mazkur qaror bilan birinchi navbatda dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari sifatida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi, uni 2025-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan.
Konsepsiyaning asosiy maqsadi o‘sib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, aholining barcha qatlamlarida ekologik madaniyatni, shu jumladan “yashil” iste’mol madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat.
Bu maqsadga erishish uchun 5 ta muhim yo‘nalish aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilangan. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishning huquqiy va uslubiy bazasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish, ekologik ta’limni rivojlantirish, ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirishda oilaning hamda ta’lim tashkilotlarining rolini oshirish, davlat organlari, mahalliy vakillik va ijro organlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarining rolini yanada oshirish shular jumlasidandir.
Shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda parlamentning rolini oshirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Konsepsiya, “yo‘l xaritasi” va maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish borasida chora-tadbirlarning amalga oshirilishi to‘g‘risida davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish, xalqaro tajribani o‘rgangan holda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan, — deydi xalq vakili.
Darhaqiqat, ushbu muhim hayotiy qaror o‘z vaqtida qabul qilingan hujjat bo‘ldi. Eng muhimi, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash orqali aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirishga, atrof-muhit muhofazasida yosh avlod va keng jamoatchilikning rolini oshirishga erishish mumkin. Ekologik madaniyatni yuksaltirish esa ekologik barqarorlikka, ekomuammolarni yumshatishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 21.05.2025
- Ko'rishlar: 51
- Chop etish