Ekologik ta’lim – aholining atrof-muhitga nisbatan ongli va ehtiyotkorona munosabatini shakllantirish, tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash, hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim omildir. Bugungi kunda ekologik ta’lim O‘zbekiston va butun dunyoda umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonda 12 may sanasi Ekologik ta’lim kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana – tabiatni muhofaza qilishda ta’limning tutgan o‘rni, uning jamiyat hayotidagi dolzarbligini yodga soluvchi muhim kun hisoblanadi.
Mamlakatimizda ekologik ta’lim tizimiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda 10 mingdan ortiq maktabda 32 mingta ekologik-biologik to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, ularga qariyb yarim million o‘quvchi jalb etilgan. Shuningdek, 5 ming 200 dan ortiq maktabda "ekologik burchaklar" faoliyat yuritmoqda.
Ekologik ta’limning ilmiy va innovatsion rivojlanishida Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib tashkil etilgan "Green University" alohida o‘rin tutadi. Ushbu oliy ta’lim dargohida ekologik muammolarning ilmiy yechimlariga yo‘naltirilgan tadqiqotlar olib boriladi. Universitet tarkibida ekologiya, barqaror rivojlanishni boshqarish, ekologik huquq va ekologiyada raqamlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan institutlar va kollejlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasa nafaqat ta’lim beradi, balki ilmiy loyihalar hamda xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etadi.
Kelgusida ekologik ta’limni yanada kengaytirish rejalashtirilgan: bolalar bog‘chalarida "ekologik koridorlar" tashkil etish, sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha dasturlarni joriy qilish, shuningdek, hududlarda "yashil" texnikumlar ochish mo‘ljallanmoqda.
Bu tashabbuslarning barchasi – atrof-muhitni himoya qilishga tayyor, ekologik madaniyatga ega yangi avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 13.05.2025
- Ko'rishlar: 213
- Chop etish