Eldor Aripov: Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega

Shu kunlarda “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov o‘z nutqida anjumanning Termiz shahrida o‘tkazilishi ramziy ma’noga egaligini qayd etdi. 

— Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan ushbu qadimiy shahar azaldan mintaqalarni bog‘lovchi muhim markaz bo‘lib xizmat qilgan, - dedi ekspert.

Shuningdek, E.Aripov Termiz zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik va islom an’analari paydo bo‘lgan va rivojlangan madaniyatlararo hamda diniy muloqot markazi bo‘lganini ham qo‘shimcha qildi.  Yunon-Baqtriya, Kushon podshohliklari va boshqa qadimiy davlatlar o‘rtasida joylashgan shahar Temuriylar davrida taraqqiy etib, yirik savdo, hunarmandchilik va ilm-ma’rifat maskaniga aylangan. 

Qolaversa, Hindiston va O‘rta Osiyoni bog‘lovchi qadimiy Shimoliy savdo yo‘li ham Termiz orqali o‘tgan.  Bugun shahar izchil modernizatsiya qilinmoqda va O‘zbekistonning janubiy darvozasi sifatidagi maqomini tiklagan holda yana Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanmoqda. 

— Termizning boy tarixiy merosi umumiy taraqqiyot uchun yangi strategik imkoniyatlarni ochadigan hamkorlikning yagona makonini barpo etish uchun mustahkam zamin yaratmoqda, — deydi u. 

Eldor Aripov Termiz muloqotining ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global beqarorlik sharoitida barcha o‘zaro hurmat va teng huquqli ishtirokka asoslangan erkin va konstruktiv muloqot har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.  Shu maqsadda 2021 yilning iyul oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro anjuman o‘tkazildi, 2022 yilda esa BMTning tegishli rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu qadamlar hamkorlik va tarixiy aloqalarni tiklashga asoslangan yangi mintaqaviy kun tartibiga asos soldi. 

— Bugun buning uchun barcha zarur sharoitlar mavjud,— dedi E.Aripov. — Markaziy Osiyoda Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni birgalikda chuqurlashtirish uchun mustahkam hamjihatlik shakllangan. “CASA-1000”, TAPI va Transafg‘on yo‘lagi loyihalarining qo‘llab-quvvatlanishi ham bunga isbot bo‘la oladi. Bundan tashqari, SMTI direktori Afg‘oniston bosqichma-bosqich transformatsiya bo‘layotgani va qo‘shnilar bilan tinchlik va hamjihatlikda yashashga intilayotganini ta’kidladi. Mamlakatning mintaqaviy aloqalarga, jumladan, Markaziy Osiyo bilan to‘laqonli integratsiya bo‘lishga qiziqishi ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun tarixiy imkoniyat ochmoqda. 

Eldor Aripov Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik haqida gapirar ekan, so‘nggi yillarda bu boradagi ishlar barqaror rivojlanib borayotgani, iqtisodiy kun tartibi ushbu jarayonda muhim rol o‘ynayotganini qayd etdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi besh milliard dollardan oshdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich mintaqalar ega bo‘lgan katta salohiyatga nisbatan past. 

Ekspert iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun savdo amaliyotlarini yanada soddalashtirish, transport yo‘laklarining ko‘p variantli tizimini yaratish va energetika infratuzilmasini rivojlantirishni muhim deb hisoblaydi. 

Shu ma’noda, Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasini tezroq amalga oshirish strategik jihatdan muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, uning hayotga tatbiq etilishi mintaqa mamlakatlar uchun Hind okeani portlariga eng qisqa yo‘l ochib, Janubiy Osiyoni Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi. 

Ekspert Termiz muloqoti mintaqalarning farovonligi yo‘lidagi hamkorlik tamoyillariga asoslangan, ziddiyatlar va qarama-qarshiliklardan holi munosabatlarning yangi modelini taklif etishiga umid bildirdi. 

Nutqining yakunida SMTI direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi. O‘zaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib bo‘lmasligini chuqur anglash vaqti keldi.” degan so‘zlarini keltirib o‘tdi. 

Eslatib o‘tamiz, 19-21 may kunlari Termiz shahrida “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 

Tadbir SMTI, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. 

Forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Amerika, Yaqin Sharqdan 200 ga yaqin ishtirokchilarni  bir maydonda jamladi. Ular orasida siyosiy-iqtisodiy, biznes doiralar, moliya institutlari, xalqaro va mintaqviy tashkilotlar vakillari, shuningdek, tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlarining taniqli ekspertlari  bor.

O‘zA

Powered by GSpeech