2020 yil O'zbekiston tarixiga alohida sahifa bo'lib kiradi. Chunki ushbu yil, avvalo Prezidentimiz 24 yanvarda Murojaatnoma bilan chiqdi.
Davlatimiz rahbari yanvar` oyida deputatlar va senatorlar bilan to'rt marta – Qonunchilik palatasida, Senatda, Qo'shma majlisda va Murojaatnoma qabul qilinishi jarayonida uchrashdilar. Mana shu to'rtta chiqishda Parlament faoliyatining yigirmadan ortiq eng ustuvor vazifalarini belgilab berdi.
Murojaatnoma va Prezidentimizning deputatlar va senatorlar bilan uchrashuvlarida qo'yilgan masalalari qanday amalga oshirildi? Qanday natijalarga erishildi, degan tabiiy savol tug'iladi.
Yana shuni aytish kerakki, qo'yilgan vazifalarda, butun dunyoni tahlikaga solgan pandemiya balosi qo'shimcha bo'lib yuzaga keldi. Shuning uchun o'ylaymanki, mazkur yo'nalishda Qonunchilik palatasi, birinchidan davlat dasturi, Murojaatnomada ko'tarilgan vazifalar va o'zining ish rejasi asosida shartli ravishda Qonunchilik palatasining to'rt asosiy yo'nalishdagi faoliyati haqida gapirish mumkin. Birinchisi, har qanday
Parlamentning eng asosiy faoliyati bu uning qonun ijodkorligi, qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish faoliyatidir. Aytish kerakki, Qonunchilik palatasi pandemiyaga qaramay faol ish olib bordi. Masalan, bu yil Qonunchilik palatasi 144 ta qonun loyihasini ko'rib chiqdi. Bu o'tgan yilga qaraganda uch barobar ko'p. Shulardan 69 ta qonun qabul qilindi. Ularning 59 tasi yangi, 10 tasi jamlanma qonun. Keyin mana shu 59 ta qonundan 11 tasi deputatlarning qonun tashabbuskorlik huquqi asosida qabul qilindi. Aytish kerak, hamma qonunlar ham o'tgani yo'q. Bu yil 8 ta qonun bo'yicha loyiha qaytarib berildi. Xalqning, saylovchilarning manfaatlariga to'g'ri kelmasa, ularni qaytarish hollari ham bor. Qonun ijodkorligi faoliyatida Prezidentimizning bitta shiori biz uchun asos bo'ldi. Ya'ni, qonunning birdan bir manbai va muallifi xalq bo'lishi kerak. Mana shuning uchun hozir har bir qonunni bizga kelib tushganidan keyin, albatta deputatlar o'zining saylov okruglarida muhokama qilish amaliyoti joriy qilindi.
Aytish kerakki, bu yildan boshlab qonun tashabbuskori qonunni birinchi o'qishda kontseptsiyasini tushuntirib beradi. Bosh prokuratura tavsiya etgan bo'lsa, bosh prokuratura, konstitutsiyaviy sud tavsya etgan bo'lsa, konstitutsiyaviy sud, kim tashabbus ko'rsatgan bo'lsa, ana o'sha tashkilot keladi. Agar shu qonunning kerakligini isbotlasa, undan keyin ikkinchi o'qishda moddama-modda muhokama qilamiz.
Qonunlarni muxokama qilishda ekspertlarning fikrlari, ham milliy, ham xorijiy ekspertizadan o'tkazish amaliyotini joriy etdik. Hozirgi kunda tayyorlangan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida"gi qonun loyihasida biz oltita xorijiy tashkilotning xulosasini oldik. Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasiniki, YEXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, AQShning Brigam Yang universiteti, BMTning diniy erkinliklar bo'yicha maxsus vakili Axmed Shaxidning xulosalarini va tavsiya, sharxlarini oldikki, diniy erkinlik, vijdon huquqi nihoyatda muhim xuquq, chunki bizning qonunchiligimiz ham ilg'or tajribaga mosligini o'rganib chiqyapmiz. Shuni aytishim kerakki, qonun ijodkorligi faoliyatining sur'atlari tezlashdi. Ko'rib chiqish nihoyatda qattiq bo'lyapti, deputatlarning faolligi oshdi. Va yana bir jihat, pandemiya tufayli biz tom ma'noda elektron Parlament tizimini yaratdik, deb ayta olaman.
Prezidentimizning tashabbusi bilan aytildiki, imkon qadar qonunlarimiz to'g'ridan-to'g'ri harakat qiluvchi bo'lishi kerak. Qonun qabul qiluvchining bir nechta qonun osti hujjatlari bo'lmasin, ko'pincha oddiy fuqaro Vazirlar Mahkamasi yoki biron vazirlikning xuquqiy hujjatlarini topishga qiynaladi. Qonunlarni qabul qilishda joylarga borib o'rganib kelishda qonunlardan "Aholi bandligi to'g'risida"gi, "Geodeziya va kartografiya to'g'risida"gi, "Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar to'g'risida"gi, "Psixologik yordam to'g'risida"gi, "Innovatsion faoliyat to'g'risida"gi qonunlarni tom ma'noda to'g'ridan-to'g'ri harakat qiluvchi qonunlar sirasiga kiritgan bo'lardim. Aytish kerakki, bu yil g'oyat katta ahamiyatga ega bo'lgan yana 2 ta qonun – "O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi to'g'risida"gi hamda "Ta'lim to'g'risida"gi qonun qabul qilindi. Jumladan, "O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi to'g'risida"gi qonun asosida 50 ming O'zbekiston fuqarosi, ya'ni 1995 yilgacha O'zbekistonga kelgan shaxslar O'zbekiston fuqarosi, degan yuksak nomga sazovor bo'ldi.
"Ta'lim to'g'risida"ni qonunni olaylik. Bizda ilgari ta'lim faqatgina kunduzgi shaklda bo'lsa, ushbu qonunda masofaviy, inklyuziv, kechki, nodavlat, xorijiy mamlakatlar bilan qo'shma fakul`tetlar tuzish kabi holatlar o'z aksini topdi. Parlament imkon qadar hozirgi kundagi hayot qo'yayotgan masalalarga javob berishga harakat qilyapti.
Yangilanayotgan O'zbekistonda yangilanayotgan Parlament shakllanmoqda. Murojaatnomada yurtboshimiz Parlamentning xalqaro faoliyatini keskin yaxshilash masalasini qo'yib, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari lavozimini joriy etish taklifi bilan chiqqan edi. Va bu lavozim bugungi kunda joriy etildi. Uning asosiy faoliyat yo'nalishi O'zbekiston Parlamentining xalqaro faoliyatini kuchaytirish va O'zbekistonning xalqaro
darajadagi imiji, nufuzini oshirish, xalqaro parlamertlararo tashkilotlar bilan aloqalarni kuchaytirishga yo'naltirilgan edi. Biz ilk bor o'zimizning Parlament diplomatiyasi kontseptsiyasini qabul qildik. Parlament diplomatiyasi tashqi siyosatda diplomatiyaning muhim bir yo'nalishi. O'zbekiston tashqi siyosatini, eng avvalo, Prezident belgilab beradi. Uni amalga oshiruvchi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo va investitsiya savdo vazirligi o'z yo'nalishida faoliyat olib bormoqda. Tashqi siyosatning yana bir yo'nalishi Parlament diplomatiyasi hisoblanadi. Bu yo'nalishda ham jiddiy qadamlar qo'yildi. Hozirgi kungacha Qonunchilik palatasi va Senatining xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik qiluvchi 48 ta do'stlik guruhi tuzildi. Ulardan 33 tasi Qonunchilik palatasi darajasida tuzilgan. Ular bilan hamkorlikda yigirmaga yaqin onlayn muzokaralar olib borildi. Masalan, Frantsiya, Rossiya, Malayziya Parlamentlari bilan yo'lga qo'yilgan hamkorlik shular jumlasidandir. Shu bilan birga, ikki tomonlama, ko'p tomonlama parlamentlararo aloqalar keng yo'lga qo'yilgan. O'zbekiston hozir uchta Parlamentlararo yo'nalishda ish olib boryapti. Birinchisi, Parlamentlararo ittifoq. Bu dunyoning 179 davlatida faoliyat ko'rsatadi. Ittifoqning tashkil etilganiga 130 yildan oshdi. Biz a'zoligimizni tikladik va bu yil iyun` oyida birinchi marta parlamentning inson xuquqlari bo'yicha faoliyatini mustahkamlash bo'yicha anjuman o'tkazdik.
Ikkinchisi, YEXHT bilan aloqalar. Ilgari uning tadbirlariga faqatgina borib keladigan bo'lsak, hozir faol ishtirokchiga aylandik. Uchinchisi, MDHning Parlamentlararo assambleyasi. Bu tashkilotga biz endigina a'zo bo'ldik. Uning ayrim qo'mitalarida O'zbekiston vakillari ham ishlayapti. Bu sohada ham biz aloqalarni rivojlantiryapmiz. Aytish kerakki, hozir O'zbekiston Parlamenti o'zining tashqi siyosati faoliyati yo'nalishlarini belgilab oldi.
So'nggi yillarda Prezidentimiz O'zbekistonning xalqaro indeks va reytinglarda obro'sini yuksaltirishga oid 24 ta qaror qabul qildi. Bunda 2 guruh reytinglar bor. Birinchisi, iqtisodiy, ikkinchisi siyosiy-huquqiy reytinglar. Agar biz so'nggi yillarda iqtisodiy reytinglarda o'sishga erishgan bo'lsak, siyosiy reytinglarda ko'rsatkich juda yaxshi, deb aytolmaymiz. O'ylaymanki, 2021 yilda bu borada ham yuqoriga ko'tarilamiz. Masalan, demokratiya, qonun ustuvorligi, korruptsiyani nazorat qilish, so'z erkinligi va hisobdorlik, jahon matbuot erkinligi indekslari kabi reytinglarda biz mavqeimizni ko'tarishga oid amaliy ishlarni boshladik va Qonunchilik palatasi va Senat bilan birgalikda respublika kengashini tuzdik.
Xalqaro majburiyatlarni bajarishga oid yana bir ish – Prezidentimiz tashabbusi bilan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini O'zbekistonda bajarishda Parlament nazoratini amalga oshirish bo'yicha ish olib borilmoqda. Biz 2015 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo'shilganmiz. Bu borada O'zbekistonning milliy indikatorlarini belgilab olganmiz. Undagi 16 ta yo'nalishning hammasi Parlamentning faoliyatiga tegishli. Va biz ikkita palata rahbarlari boshchiligida Barqaror rivojlanish maqsadlari Parlament komissiyasini tuzdik. Uch oyda Parlament komissiyasining bir nechta majlisini o'tkazdik. Palatalar o'z yo'nalishida tegishli vazirliklarning hisobotlarini eshitmoqda. 2020 yilda 19 ta hukumat, davlat va xo'jalik tashkilotining hisoboti eshitildi.
O'zbek tilida Parlament va barqaror rivojlanish, degan qo'llanmani chop etdik. Uni deputat va senatorlarga tarqatdik. Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi bo'yicha respublika miqyosida cheklanmay, viloyatlar hokimliklari kambag'allikni kamaytirish, mehnat huquqlarini ta'minlash, Gender tengligi bo'yicha nima qilyapti, degan masalaga e'tibor qaratdik. Bu ham tashqi faoliyatning ustuvor yo'nalishlaridan biri.
Dunyoda ikkita davlatda Parlament nazorati to'g'risidagi qonun bor. Biz bu yo'nalishda yangi bir nazorat turi – Xukumat soatini tashkil qildik. Hukumat soati bir soat bo'ladi. Vazir yoki tegishli tashkilot rahbarlari deputatlar qo'ygan savollariga javob beradi.
Parlamentning inson huquqlari bo'yicha komissiyasi tuzildi. Ilgari Parlament inson huquqlari borasidagi qonunlarni qabul qilardi. Endi esa inson xuquqlari sohasida O'zbekistonning
xalqaro huquq majburiyatlarini monitoring qilish bo'yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Ikkita palataning qo'shma qarori asosida endi O'zbekiston Parlamenti xalqaro shartnomalarni faqatgina ratifikatsiya qilmaydi, balki ijroiya hokimiyati tomonidan qanday bajarilayotganini nazorat qiladi.
Prezidentimiz iyun` oyida birinchi marta Inson xuquqlariga oid milliy strategiyani imzoladi. Uning bajarilishini endi Parlament ko'rib chiqadi. BMT qo'mitalarining ko'pgina tavsiyalari bevosita qonunchilikda o'z aksini topmoqda. Endi Parlament har bir qonunni qabul qilishda uchta mezon asosida ishlayapti. Milliy tajriba, milliy huquqiy amaliyotni hisobga olish hamda ilg'or xorijiy davlatlarning tajribasi va qonunchilikning xalqaro standartlariga mosligini ko'rib chiqish kerak.
Samarqand forumi ham bu yilgi eng yirik anjumanlardan biri bo'ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu forum 2018 yilda ilk marta o'tkazilgan edi. Bu yil pandemiya bo'lishiga qaramay onlayn o'tkazilgan ushbu anjumanda mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Samarqand anjumanida ellikka yaqin aniq takliflar, aniq moddalar berildi. Yoshlardagi asosiy xulosa esa, Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar nainki yurtimiz yoshlarining manfaati, balki butun jahon yoshlarining manfaatlarini ifodalashiga xalqaro miqyosda yana bir karra ishonch hosil qilindi. Hozir dunyoda 2 milliardga yaqin aholi o'ttiz yoshgacha bo'lgan yoshlardir.
Bizning Parlament ham pandemiya sharoitida yashash va ishlashni o'rgandi. Albatta, ish shakli o'zgardi. Masofaviy ishladik, onlayn yig'ilishlar o'tkazildi. Tom ma'nodagi elektron Parlament tizimi yaratildi. Deputatlar o'z ishini bir kun ham to'xtatmadi. Xududlardagi xalq qabulxonalari, mahalliy kengash bilan ham ishlayapti. Saylovchilar deputat oldiga emas, deputat saylovchilar oldiga bormoqda.
To'g'ri, hali bajaradigan vazifalarimiz ko'p. Prezidentimizning Murojaatnomasi yana ko'p yillar uchun dasturilamal bo'lishi shubhasiz.
Akmal SAIDOV,
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari.
Manba: O'zA
- Qo'shildi: 25.12.2020
- Ko'rishlar: 3781
- Chop etish