Inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta'minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar har qanday mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi. Zero, mazkur yo'nalishdagi islohotlar mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi.
Keyingi davrda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlar natijasida mamlakatimiz xalqaro imijini yaxshilash bo'yicha sezilarli yutuqlarga erishildi. Bugun dunyo hamjamiyati O'zbekistonning yangi qiyofasi haqida gapirayotgani bejiz emas.
Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – «Ekonomist» jurnali O'zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – «Yil mamlakati» deb e'tirof etdi. Bu e'tirof mamlakatimiz ichki siyosatida erishilgan yuksak natijalarga, shu bilan bir qatorda, tashqi, jumladan, mintaqaviy siyosatida ham ijobiy o'zgarishlar kuzatilib, qo'shnilar o'rtasida o'zaro ishonch aloqalari mustahkamlanganiga berilgan munosib bahodir.
Bu haqda so'z borganda, so'nggi to'rt yil mobaynida mamlakatimiz «Meros» jamg'armasining «Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52 pog'onaga, Jahon bankining «Logistika samaradorligi» indeksida 19 pog'onaga, «Biznes yuritish» indeksida 18 pog'onaga ko'tarilganini alohida ta'kidlash joiz. Shuningdek, O'zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining «Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash» tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga ko'tarilgani diqqatga loyiqdir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 iyundagi «O'zbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to'g'risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada tezlashtirishi shubhasiz. Ushbu muhim hujjat 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida qabul qilindi.
O'zbekistonni dunyoga tanitish, xalqaro maydondagi imijini yuksaltirish xalqimiz farovonligi va mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bu yorqin omil har bir yurtdoshimizga qat'iy ishonch baxsh etishi bilan bir qatorda, muayyan mas'uliyat ham yuklashi tayin.
Farmon ijrosi doirasida allaqachon muhim amaliy qadamlar qo'yilmoqda. Xususan, O'zbekistonda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi tashkil etildi. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o'zgarishlarning O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o'rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta'minlash, mazkur yo'nalishdagi ishlarning samaradorligiga to'siq bo'layotgan muammolarni bartaraf etish;
O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o'rnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilg'or xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo'yicha tashabbuslarni ilgari surish;
davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning o'rniga ta'siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish.
Moliya va Adliya vazirliklari – Kengashning ishchi organlaridir. Kengash nazorati ostida ishchi organlar bo'yicha taqsimlangan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning o'rnini yaxshilashga qaratilgan ta'sirchan choralar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Ushbu yo'nalishda tizimli xalqaro hamkorlik yo'lga qo'yiladi.
Shu o'rinda "eng muhim ko'rsatkichlar" degan tushunchaga izoh berish taqozo etiladi. Gap shundaki, ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo'yicha mamlakatimizning o'rnini yaxshilash – mas'ul davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning bosh mezonlaridan biridir. Bu bo'yicha eng muhim ko'rsatkichlar (KPI) belgilangan bo'lib, baholash mezonlari ana shu ko'rsatkichlarga tayanadi.
Prezident Farmonida eng muhim ko'rsatkichlarga erishish uchun mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan quyidagi hujjatlar ishlab chiqilishi va Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etilishi zarurligi belgilab berildi:
birinchidan, 2020 yilning ikkinchi yarmi davomida amalga oshirilishi lozim bo'lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlari;
ikkinchidan, kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlari.
Bu dasturlarda xalqaro reyting va indekslarning navbatdagi nashrida zarur ko'rsatkichni qayd etishga qaratilgan amaliy takliflar, shuningdek reyting va indekslarni e'lon qiluvchi tashkilotlar hamda ularni tuzishda foydalaniladigan axborot manbalari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari nazarda tutilishi lozim.
Mas'ul davlat organlari hamda tadqiqot institutlari tegishli reyting va indekslar bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma'lumotlarni Kengash ishchi organlariga muntazam ravishda taqdim etib borishi zarur. Adliya vazirligida tashkil etiladigan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi mazkur ma'lumotlar bilan bevosita ishlaydi.
Yana bir muhim jihat: yaqin fursatlarda «O'zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda» portali ishga tushiriladi. Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mazkur portal uzluksiz ishlashini ta'minlash va uni yangilab borish uchun mas'ul etib belgilangan.
Bu yangiliklarning barchasi nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Chunki islohotlarning ijobiy natijalari, xalqning erishgan va erishayotgan yutuqlarini dunyo hamjamiyati e'tiboriga taqdim etish, o'z navbatida, alohida chora-tadbirlar va maqsadli sa'y-harakatlarni talab etadi. Bunda xalqaro reyting agentliklarining xizmati ayniqsa kattadir.
Hozirgi paytda nufuzli xalqaro tuzilmalar tomonidan 100 dan ortiq xalqaro reyting va indekslar yuritiladi. Ular mamlakatlar va kompaniyalarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va boshqa sohalardagi taraqqiyotiga baho berish uchun asos hisoblanadi.
Ma'lumki, har qanday davlat ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni o'tkazar ekan, birinchi o'rinda aholi turmushi farovonligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta'minlash, mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlashni asosiy maqsad qilib belgilab oladi. Mamlakatlarning ana shu iqtisodiy-ijtimoiy ko'rsatkichlarini turli reyting agentliklari baholab boradi, ular ijobiy yoki salbiy o'zgarishlarni aslo e'tiborsiz qoldirmaydi.
Keyingi yillarda O'zbekistonda hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan ulkan shiddatli o'zgarishlar ro'y bermoqda. Bularning barchasi xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda. Ayniqsa, xalqaro reyting agentliklari o'z indekslarida O'zbekistonni yuqori o'rinlarda qayd eta boshlayotgani mustaqillik yillarida birinchi bor kuzatilmoqda. Bu davlatimiz uchun, xalqimiz uchun juda katta yutuq, albatta.
Afsuski, ayrim rahbarlar reytinglar bilan ishlashga yetarlicha e'tibor qaratmagani tufayli xalqaro tashkilotlar tomonidan o'tkazilgan so'rovlarda islohotlarimizning aksariyat samaralari o'z aksini topmay kelayotganidan ham ko'z yumib bo'lmaydi. Buning oqibatida muayyan yetakchi xalqaro reyting va indekslarda O'zbekiston haligacha quyi pog'onalarda qolmoqda.
Shu ma'noda, 2020 yil 12 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashining birinchi tashkiliy yig'ilishi bo'lib o'tgani muhim ahamiyatga egadir.
Videokonferentsiya shaklida o'tkazilgan tadbirni olib borgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi raisi Tanzila Norboeva ta'kidlaganidek, agar shu paytgacha barcha vazirlik va idoralar bu yo'nalishda bir-biri bilan kelishmagan holda ish olib borgan bo'lsalar, endilikda ularning bu yo'nalishdagi faoliyati Kengash tomonidan to'liq muvofiqlashtirilib, nazorat qilib boriladi.
Bunday qat'iy va tizimli yondashuv ushbu kompleks jarayonning muvaffaqiyatli kechishini, mazkur yo'nalishda mavjud barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta'minlaydi. Bunda barcha vazirlik va idoralar faoliyati mamlakatimizning xalqaro reytinglaridan kelib chiqib baholanishiga urg'u berildi. Bu, o'z navbatida, davlat tuzilmalarining ushbu masaladagi mas'uliyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Haqiqatan ham, endilikda xalqaro reyting va indekslar mamlakatimiz hayotining ko'zgusiga aylanishi kerak. Toki, bu ko'zguda haqqoniy siymosini ko'rgan xalqimiz o'z halol mehnatidan ko'ngli to'lsin va rozi bo'lsin.
Qolaversa, dunyoda O'zbekistonning do'stlari va yaqin hamkorlari yanada ko'paysin. Binobarin, xalqaro hamjamiyatning e'tiborini, xorijiy investorlarning qiziqishini qozonish ko'p hollarda nufuzli xalqaro reyting agentliklarining baholariga bog'liq bo'ladi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 14.06.2020
- Ko'rishlar: 4281
- Chop etish