“Termiz” xalqaro savdo markazida bir kun
Tinchlikparvarlik g‘oyalari Termizning qadimgi dovrug‘ini qayta tiklamoqda
O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi ikki xalqning iqtisodiy-ijtimoiy, gumanitar, savdo-sarmoyaviy sohalardagi hamkorlik aloqalarini yangi formatda rivojlantirishga xizmat qilayotir. Mamlakatlarimiz tadbirkorlarining uchrashuvlari, ko‘rgazma va savdo yarmarkalari o‘tkaziladigan do‘stlik koshonasiga aylanmoqda.
O‘tmishdan o‘zbek va afg‘on xalqlarini yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro do‘stlik rishtalari bog‘lab kelgan. Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida yashaydigan yon qo‘shnilarni muqaddas diniy-ma’naviy qadriyatlar, bir-biriga o‘xshash udumlar birlashtirib turgan. Ajdodlarimiz savdo-sotiq, ilm-fan va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Бир necha ming yillik tarix bog‘lab turadigan bu rishtalar xalqlarimizning birgalikda noyob madaniyat yaratishida muhim omil bo‘lgan.
O‘zbekiston keyingi yillarda Afg‘oniston bilan munosabatlarini tamomila yangi yondashuv asosida namoyon etayotgani va ikki tomonlama hamkorlik izchil qarashlar bilan rivojlanayotgani xalqaro doiralarda ham e’tirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surayotgan g‘oyalar tinchlikparvarlikka, afg‘on xalqining yashash tarzini yaxshilashga, mamlakat barcha masalalarini o‘zaro muloqot asosida bartaraf etishiga qaratilgani bilan jahon hamjamiyati e’tiborini tortmoqda.
Prezidentimiz Afg‘oniston masalasiga hamisha dunyo nigohini qaratib keladi. Masalan, BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida davlatimiz rahbari “hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas”ligini alohida ta’kidlagan edi. Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida so‘zlagan nutqida ham “Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz”, degan g‘oyani yana o‘rtaga tashladi.
O‘zbekiston yon qo‘shni Afg‘oniston tadbirkorlarining mamlakatimizda o‘z biznesini yuritishi uchun qulay muhit yaratgan. Jumladan, birgina Surxondaryo viloyatida afg‘onistonlik ishbilarmonlar ishtirokida ikki yuzdan ortiq korxona bor. Viloyatning Afg‘oniston bilan tashqi savdo aylanmasi ham o‘sib bormoqda.
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan qadimiy Termiz dunyoning yirik savdo-madaniy markazi sifatida G‘arbu Sharqni bir-biriga bog‘lab turgan. Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan bu shahar yana o‘tmishdagi dovrug‘ini qayta tiklab, sayyoramiz tadbirkorlari va afg‘onistonlik ishbilarmonlarni o‘zaro hamkorlik qilishga chorlayotgani tahsinga sazovordir.

Xalqaro tijorat va muloqot maydoni yaratildi
O‘tgan yil foydalanishga topshirilgan “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi ham o‘z-o‘zidan bunyod etilgani yo‘q. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qad rostlagan savdo zonasining loyiha qiymati 70 million dollarni tashkil etadi. 36 gektar maydonni egallagan zamonaviy yirik inshootda savdo-sotiq, tibbiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun barcha sharoit mavjud. Yaratilgan imtiyozlar doirasida barcha chet davlat fuqarolariga Afg‘oniston tomondan O‘zbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda bo‘lish va chiqish imkoniyati berilgan. Multivalyuta, ya’ni O‘zbekiston so‘mi bilan birga AQSH dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan qabul qilish tizimi joriy etilgan.
Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona to‘lovlarisiz joylashtirilib, chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyat yuritmoqda. Restoran, mehmonxona, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan. 50 ming kvadrat-metr maydonda barpo etilgan savdo do‘konlari ish boshlagan dastlabki paytda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlarni afg‘onistonliklar va Afg‘oniston tarafdan kelgan boshqa xorijlik mehmonlarga, Afg‘on ishbilarmonlari esa o‘zbekistonliklarga o‘z mahsulotlarini taqdim etgan bo‘lsa, endilikda bu yerda Xitoy va Qozog‘iston davlatlari ham savdo uylarini ochib, sanoat va iste’mol tovarlarini afg‘onistonlik xaridorlarga taklif etmoqda. Rossiya, Tojikiston, Belarus kabi davlatlar erkin savdo zonasi imkoniyatlaridan foydalanib, o‘z mahsulotlarini joylashtirishga qiziqish bildirmoqda.
Bu jarayon Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yo‘q savdo zonasi Termizning qadimgi savdo yo‘lini zamonaviy qiyofada qayta tiklayotganini dunyoga keng namoyish eta boshladi. Zero, yirik markaz faqat o‘zbek-afg‘on munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilib qolmay, balki boshqa davlatlarning ham savdo-sotiqda Afg‘oniston bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yishga, shuningdek, Pokiston va boshqa mamlakatlar tadbirkorlariga sanoat, iste’mol tovarlari savdosi hamda eksportini o‘stiradigan tom ma’nodagi xalqaro tijorat va muloqot maydoniga aylanmoqda. Jafokash afg‘on xalqining ham xalqaro maydonda yakkalanib turishga emas, muloqot o‘rnatishga haqli va tayyor ekanini ko‘rsatmoqda.

Yoshlar qalbida chechak otayotgan ajdodlar orzusi
Odamlar bilan gavjum markaz pavilonlarida bo‘lsangiz, bu yerda mehnat qilayotgan ko‘plab afg‘on tadbirkorlarini uchratasiz. Ularning xaridorlarga xushmuomalalik bilan o‘z tovarlarini taklif etayotganiga tez-tez duch kelasiz. Do‘konlarda did bilan terib qo‘yilgan chinni buyumlari, kiyim-kechagu, bosh kiyimlari, poyabzallar, nafis gilamu, qadoqlangan shifobaxsh zafaron malhamlari va boshqa tayyor mahsulotlar e’tiboringizni tortadi.
Pavilondagi savdosi qiziyotgan do‘konlardan biriga nazar tashladik. Qo‘shni mamlakat tadbirkori bir guruh o‘zbek ayollariga do‘konda did bilan terib qo‘yilgan gilamni ta’riflamoqda.
– Bu polietilen ipdan to‘qilgan, – deydi u. – O‘ziga changni tez yuqtirmaydi. Yuvilishi oson. Juda chidamli. Sifatiga nisbatan narxi ham arzon. Gullari chiroyli. Xonaga zeb berib turadi. Istasangiz boshqa gul solinganlarini ham ko‘rsataman.
Afg‘on tadbirkoriga yaqinlashib, gilamning sifati, to‘qilishi bilan qiziqaman.
– Qo‘lda to‘qilganmi?
– Yo‘q, zavodniki, – deydi u. – O‘ta pishiq. Ranggi ham osonlikcha o‘chib ketmaydi.
Gilamni ohista silab, ranglariga mehr bilan ko‘z tashlayotgan ayollardan biriga yuzlanaman.
– Bu gilam Termizdagi do‘konlarda ham bormi?
– Men Denov tumanidagi Sina qishlog‘idanman, – deydi suhbatdoshim. Ismim Anora. Familiyam Xo‘jayeva. Bunaqasini Denovda ham, Termizda ham uchratmadim. Termizga mehmonga kelgan edim. Qarindoshlarim tomosha qilish uchun shu yerga ham yetaklab kelishdi. Juda katta bozor ekan. Bu gilamning pishiq va chiroyligi e’tiborimni tortdi. Ayniqsa, qishloq joylarga mos. Savdosini kelishsak, olib ketmoqchiman.
Pavilonlarni aylanib, “PHARMA COSMOS” kompaniyasining dorixonasiga kirdik. Afg‘onistondan kelgan qo‘shnilar navbat bilan dori xarid qilmoqda.
– Bizda ham dorixonalar ko‘p, – deydi o‘zini Jamshid Aminpur, deb tanishtirgan afg‘onistonlik xaridor. – Lekin, dorilar sifatiga kafolat yo‘q. Keyingi paytlarda o‘zimda qandaydir holsizlikni seza boshlagan edim. Savdo zonasiga kelib, “Akfa Medline Ayritom” klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Shifokorlar muolaja olishim uchun dori-darmon yozib berdi. Bu yerda dorilar ishonchli va arzon bo‘lgani uchun barchasini shu dorixonadan xarid qildim.
Boshqa bir do‘konda Afg‘onistondan olib kelingan yangi tovarlarni taxlayotgan ishbilarmonning harakatlarini kuzatdik. U kiyim-kechaklarni shasht bilan taxlab bo‘lgach, do‘konga taklif etdi. Tanishib, ancha suhbatlashdik. Afg‘onistonning Shibirg‘on shahridan Fayzullo Xanif, yoshi 25-27 atrofida.
– Bizga bag‘rini ochib, shunday imkoniyat bergan davlatingizdan juda minnatdormiz, – deydi Fayzulla. – Afg‘onistondan kunlik qatnab, savdo qilamiz. Barcha sharoit bor. Istasak shu yerda ham qolishimiz mumkin. Tinch, osoyishta joy. Ota-bobolarimizdan eshitishimizcha, bir zamonlar ajdodlarimiz Amudaryo bo‘yidagi eski Termiz shahrida savdo-sotiq bilan shug‘ullangan ekan. Bobolarimiz o‘sha davrning qaytishini qumsab, olamdan o‘tdi. Ularga bu kunlarni ko‘rish armon bo‘lib qoldi. O‘tmishdagi an’anamiz qayta tiklanganidan shodmiz.

O‘zbekistondagi tinchlik-to‘kinlik va do‘stona aloqalarimiz abadiy bo‘lsin!
Bunday iliq gaplarni mezbonu, turli davlatlardan kelgan mehmonlar bilan gavjum markazda xaridor sifatida yurgan, dam olish, davolanish uchun kelgan yoki mehnat qilayotgan afg‘on birodarlardan har qadamda eshitishingiz, ozod va obod Vatanda yashayotganingizdan faxr hissini tuyishingiz mumkin...
Erta tongdan Termizni issiq tafti bilan ohista silab, Afg‘oniston tarafga engan quyosh sarg‘aya boshladi. Shom yaqinlashmoqda. Erkin savdo zonasida hayot qaynayotir. Qo‘shnilarimiz xarid qilgan turli mahsulot va buyumlarini taxlab, Amudaryoning narigi qirg‘og‘iga otlanmoqda.
Savdo zonasining qo‘shni davlat tarafida shoshilayotgan yurtdoshlarini kuzatib turgan o‘rta yoshlardagi afg‘onistonlik mehmon bilan salomlashdim. Hol-ahvol so‘radim.
– Bu birodarlar shuncha molni ro‘zg‘or uchun sotib olganmi, – savol berdim hayratlangandek bo‘lib.
– Ko‘p mol olganlari tujjorlar, – sokin javob berdi mehmon. – Do‘konlari bor. Olib borib, sotishadi. Hov, kam mol olganlari oilalari uchun xarid qilgan. Bu joyning qurilgani biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Ko‘plar shu yerda ishlab, ro‘zg‘orini tebratmoqda. Ko‘plari mol olib ketib, mijozlariga yetkazib bermoqda. Davolanish, dam olish uchun oilaviy kelayotganlar ham ko‘p. Ular ham qaytayotganida u bu narsa savdo qilib ketadi. Har safar bu yerga kelganimda Yaratgandan og‘ir damlarimizda bizni qo‘llagan va qo‘llayotgan O‘zbekistonning tinchlik-to‘kinligi va do‘stona aloqalarimiz abadiy bo‘lishini so‘rayman.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 21.04.2025
- Ko'rishlar: 102
- Chop etish