Ushbu maqolada fashistlar Germaniyasining soʻzsiz taslim boʻlgani — kapitulyatsiyasi toʻgʻrisidagi akt — bayonnomani Berlindan Moskvaga yetkazishdek sharafli vazifani ado etgan oʻzbek oʻgʻloni, harbiy transport va fuqaro aviatsiyasidagi birinchi oʻzbek uchuvchisi, “Li-2” ekipaji komandiri Abdusamat Taymetov haqida hikoya qilmoqchimiz.
Abdusamat Taymetov 1909-yil 5-yanvarda Sirdaryo viloyati Turkiston uyezdining (hozirgi Qozogʻiston) Chernak qishlogʻida tugʻilgan. Yoshligidan mehnatsevar va bilimga intiluvchan boʻlgani uchun maktabda yaxshi tahsil oldi.
Tabiatan qiziquvchan emasmi, bolalik chogʻlarida unda bir “kasallik” paydo boʻldi, uni osmon bor sehru jozibasi, cheksiz siru sinoati bilan oʻziga chorlar edi. U jamoa xoʻjaligiga berilgan yangi “Fordzon” traktorini ilk bor koʻrganida “Bu nima ekan, qanday harakatlanyapti?” deya oʻylab qolar, bu jumboqning tagiga yetishni xohlardi. Qishlogʻi osmonidan uchib oʻtadigan “samo kemalari”ni koʻrganda esa batamom oʻzini unutar, bu qanotli moʻjizalarga boqqan sari yuragi hapriqib, oʻzining oʻrni yerda emasligi, osmon uchun tugʻilganini his etardi. Biroq yosh Abdusamatning parvoz qilishiga hali ancha vaqt bor edi.
1932-yilda u planer maktabiga oʻqishga kirdi. Planerdagi parvozlarda qahramonimiz bu aynan sevimli mashgʻuloti ekaniga qatʼiy ishonch hosil qildi. Shuning uchun 1933-yili 3-fuqaro havo floti uchuvchilari va texniklari birlashgan maktabiga kirish uchun ariza topshirdi. Qabul qilingan ikki mingga yaqin kursant orasida Taymetov yagona oʻzbek edi.
Ikki yillik tahsil davomida yosh uchuvchi “U-2” oʻquv samolyoti, “P-5” yoʻlovchi, “R-5” yengil bombardimonchi samolyotlarini boshqarishni oʻrgandi. Shundan soʻng uni jonajon respublikasiga — Oʻzbekiston aviatsiya otryadiga ishga tayinlashdi.
Qahramonimiz mahalliy yoʻnalishlar, shuningdek, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozogʻistonning koʻplab shaharlariga parvozlarni amalga oshirdi. Tumanlar markazlarida yangi kichik aerodromlar va yoʻnalishlar tashkil etishda ham faol ishtirok etdi. 1940-yilga kelib, u turli tipdagi yakka va koʻp motorli samolyotlarda parvoz qilishni oʻzlashtirib olgan edi.
Aeroklub kursantlari guruhida yoʻriqchi vazifasida faoliyat yuritgan vaqtida oʻzbek millatiga mansub birinchi parashyutchi qizlardan sanalgan Bibiniso Boltaboyevani sevib qolib, u bilan oila qurdi.
1941-yilning 22-iyunida Ikkinchi jahon urushi boshlangani haqidagi xabar butun dunyoni larzaga soldi. A.Taymetovning oʻzini frontga joʻnatish toʻgʻrisidagi barcha murojaatlari jangovar harbiy qismlar uchun uchuvchilar tayyorlashning ahamiyati toʻgʻrisidagi vaj bilan rad etildi. Chunki front uchun harbiy uchuvchilarni tezkor tayyorlash zarurati paydo boʻlgandi. Mahoratli uchuvchi shu paytgacha sohada oʻzining yuksak salohiyatini namoyish etgan boʻlsa-da, endi Sirdaryo shaharchasidagi uchuvchilar tayyorlash eskadrilyasida komandir lavozimida oʻziga topshirilgan masʼuliyatli vazifani yuqori darajada bajarishi kerak edi.
U 1941-1942-yillarda 71 uchuvchini tayyorladi. 1943-yilda 30 dan ortiq “Li-2” samolyotini frontga yetkazib berish vazifasini sharaf bilan ado etdi.
Nihoyat 1944-yilga kelib, qoʻmondonlikdan frontga joʻnatishlarini soʻrab yozgan arizasiga ijobiy javob olgan Abdusamat Taymetov Toshkentdagi 84-aviazavodda ishlab chiqarilgan “Li-2” samolyotlari bilan qurollangan 10-gvardiyachi aviatsiya diviziyasiga yuborildi.
Bu samolyot yoʻlovchi tashishga moʻljallangan boʻlsa-da, zavodda uning jangovar harakatlar uchun takomillashtirilgan varianti ishlab chiqarilardi. Unga himoya pulemyoti, bomba ilgichlar va desant tashlash jihozlari oʻrnatilgan edi. Bu samolyot haqida uchuvchilar “Uning uchishiga xalaqit bermasang boʻldi”, deyishardi. Shu bilan birga, bu samolyotda uchish bombardimonchi samolyotda parvoz qilishdan koʻra ancha qulay, sababi unda kabinadan tashqariga chiqish, chigal yozish mumkin edi.
Tungi parvozlar — juda jiddiy va masʼuliyatli vazifa. Front chizigʻi ancha uzoq, razvedka guruhini dushman hududiga tashlash, partizanlar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va oʻq-dori yetkazish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish, bolalar, ayollar va keksalarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, qorongʻida notanish joylarga qoʻnish, yoʻnalishni faqat olov yogʻdusida aniqlash kabi qator qiyin va xavfli vazifalarni bajarish qahramonimiz boshliq ekipajga yuklatilgan edi.
Abdusamat Taymetov xotiralaridan
“Urush garchi uzoq Gʻarbda kechayotgan boʻlsa-da, u bizning ham yelkamizga oʻz ogʻirligini tashlagan edi. Biz hozircha jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etmasdik va bu holat bizni azoblardi. Mening joyim frontda deb hisoblardim. Ariza yozdim. Aytishdiki, “Front uchun uchuvchilarni tayyorlash muhim”. Harakatdagi armiya safiga yuborishlarini soʻrab yozgan ikkinchi arizam qondirildi. 71 uchuvchini tayyorlab berganimdan soʻnggina menga frontga borishga ruxsat berildi. 71 uchuvchi bir aviatsiya polkiga teng shaxsiy tarkib edi. “Li-2” samolyotida uchish boʻyicha qayta tayyorgarlik kursini tamomladim. Menga Toshkent aviazavodida ishlab chiqarilgan “Li-2” samolyotlarini frontga uchirib olib borish vazifasi yuklatildi. 1943-yil davomida
30 dan ortiq samolyotni uchirib olib bordim. Lekin bu hali urushda qatnashdim degani emasdi.
Mana, 1944-yilning fevrali. Vnukovo aeroporti. Men 10-gvardiyachi tungi aviatsiya diviziyasining ikkinchi Xerson polki kema komandiriman. Kapitan Nikita Bogdanov bilan “Si-47” samolyotida bir necha mashq parvozi va birinchi jangovar parvozni amalga oshirdik. Amerikaning qoʻshimcha yoqilgʻi bakiga ega, koʻp motorli “SI-47” samolyoti toʻxtovsiz 20 soat parvoz qila olar edi. Undan front chizigʻidan uzoqda joylashgan partizan boʻlinmalari taʼminoti uchun foydalanilardi. Bort 3-4 tonna miqdordagi yukni tashish yoki 25 nafar yaradorni jang maydonidan olib chiqish uchun jihozlangan boʻlib, ekipaj 5 kishi — kema komandiri, ikkinchi uchuvchi Pyotr Gordiyenko, shturman Nikolay Smirnov, bortmexanik Vasiliy Demin va bortradist Mixail Kalinkindan iborat edi. Ekipaj samolyotga tezda koʻnikdi, birgalikda yuqori darajadagi harakatlar uygʻunligiga erishdi.
Afsonaviy partizanlar komandiri Kovpak otryadlari joylashgan manzilga amalga oshirilgan parvoz xotiramda qolgan. Kovpak radiogramma orqali uning boʻlinmasini nemislar qurshovga olganini, yorib oʻtish uchun yaradorlar koʻpligi xalaqit berayotganini xabar qildi. Biz tunda bortga uch yarim tonna oʻq-dori va dori-darmon yuklab osmonga koʻtarildik. Front chizigʻini muvaffaqiyatli ortda qoldirdik, zenitchilardan va yoritqichlardan oʻtdik. Bulutlarning pastligi yerdagi nishonlarni yopib turardi. Qoʻndik.
Men birinchi bor “koʻrinmas odam” — partizanlar komandirini koʻrdim. Oʻzimni tanishtirdim. Kovpak mening qoʻlimni siqib qoʻydi va biz bortga qancha yarador olishimiz mumkinligini soʻradi. Men “Yigirma beshta”, deb javob berdim. Kovpak bosh silkib maʼqullab qoʻydi, eʼtiroz bildirmadi. Samolyotdagi yuklarni tushirib, yaradorlarni chiqarishni boshlashdi.
— Sendagi Amerika yoritqichi zoʻr ekan, menga sovgʻa qilmaysanmi? Men senga nemis furajkasini beraman, urush tugasa, bolalaringga koʻrsatasan, — dedi Kovpak.
Men unga yoritqichimni hadya qildim. U xursand boʻldi va astoydil rahmat aytdi. Shu payt ikkinchi uchuvchi Pyotr Gordiyenko yaradorlarni bortga chiqarish yakunlangani haqida xabar berdi.
Men Kovpak va uning quroldoshlari bilan xayrlashdim. Bir daqiqadan soʻng samolyotimiz yerdan ogʻir koʻtarildi. Biz forsajda daraxt shoxlariga tegishimizga oz qoldi. Rovno shahri yaqiniga qoʻndik. Yaradorlarni tushira boshladik. Menga ular nimagadir koʻproq koʻrindi. Sanasam, qirq uch nafar ekan. Kovpak yigirma besh oʻrniga qirq uch yaradorni chiqarib yuborgan, u meni yoritqich soʻrab chalgʻitgan ekan. Kimga joy yetmagan boʻlsa, parashyut oʻrindiqlari tagiga tiqishibdi.
Bu jangovar vazifani bajarganimiz uchun ekipajimiz endigina taʼsis etilgan “Ulugʻ Vatan urushi partizaniga” medali bilan taqdirlandi.
1945-yil 1-yanvarda meni tungi parvozlarning mahoratli uchuvchisi sifatida maxsus topshiriqlarni bajaradigan 19-aviatsiya polkiga oʻtkazishdi. Angliyaga, Fransiyaga uchdim. Davlat va hukumat rahbarlari, yuqori unvonli va martabali harbiy boshliqlar hamda diplomatlarni olib yurdim. Angliyaga uchish uchun biz Tehron, Qohira, Tripoli, Tunis va Marsel orqali oʻtadigan janubiy yoʻnalishdan foydalanardik. Oʻzlarining xavfsizlik darajalari boʻyicha ular tinchlik davridagi parvozlarga yaqin edi.
1945-yil 6-may kuni biz Tehrondan Moskvaga uchib keldik. Ekipajga dam olish va hech qayerga chiqmaslik boʻyicha buyruq berildi. Qandaydir ahamiyatli voqea kutilayotgan edi, lekin hayajon sezilmasdi. Ekipaj 7-may kuni ham dam oldi.
8-may kuni bizni erta tongda uygʻotishdi. Oʻzimizni tartibga keltirib, samolyotga keldik. Samolyotimiz yoqilgʻi bilan toʻldirilgan va parvozga shay holatga keltirilgan edi. Polk komandiri podpolkovnik Aleksey Ivanovich Semenkovdan samolyotdan chiqmay buyruqni kutish toʻgʻrisida koʻrsatma oldim. Oʻylab qoldim, topshiriq toʻgʻrisida maʼlumot berilmagan, lekin buyruq bu — buyruq-da, jimgina sabr qilib kutishdan boshqa choramiz yoʻq edi.
Tez orada yoʻnalish xaritasini olib kelishdi, trassa Kiyev orqali Varshavaga, Germaniya — Polsha chegarasi yaqiniga koʻrsatilgan edi. Butunlay mavhumlikdan koʻra bu yaxshiroq. Havo namligi yuqori, bulutlar past, maydalab yomgʻir yogʻardi. Kutyapmiz. Bir necha yengil mashina keldi. Harbiy va fuqaro kiyimidagi shaxslar bortga chiqdi. Bilishimcha, yoʻlovchilarni chiqarishga koʻrsatma berilgan.
Men kabinadan chiqmay, oʻzimning chap oʻrindigʻimda oʻtiribman. Oʻng tomondagi ikkinchi uchuvchining joyi boʻsh. Demak, vazifani bajarishda ikkinchi uchuvchi qatnashmaydi. Yoʻlovchilar kabinasi eshigi qanday yopilganini eshitdim. Uchuvchilar kabinasiga polk komandiri kirdi va menga oʻng oʻrindiqqa oʻtirishimni va u biz bilan birga uchishini aytdi. Menga parvoz boʻyicha topshiriqni uzatdi. Men ikkinchi uchuvchi joyiga oʻtdim, u mening joyimga oʻtirdi. Komandirlik minorasi bilan aloqaga chiqib, samolyotni uchish yoʻlagiga yoʻnaltirdim. Toʻgʻri Gʻarb tomon uchdik. Yuz metrlik balandlikka koʻtarilmay, qalin bulutlar orasiga kirdik. Har doimgi ishimiz. Shunday holatlardagi tungi parvozlar koʻnikmasiga egamiz. Uch yuz metrlik balandlikdan soʻng bulutli hududdan chiqdik. Osmon koʻm-koʻk, yomgʻirda yuvilgandek, quyosh kuchli va yorqin nur sochardi.
Ushbu ochiq havo bizga butun parvoz davomida hamroh boʻldi. Ikki soatdan soʻng Kiyev osmonidan oʻtdik va Varshava tomon uchdik. Varshava osmonida topshiriq varaqasini ochdim. Unda koʻrsatma va vazifaning birinchi qismini bajarganimizdan soʻng ochishimiz buyurilgan yana bir hujjat bor edi. Germaniya — Polsha chegarasida raketa signali orqali bizga kuzatib boruvchi oltita qiruvchi samolyot qoʻshilishi kerak edi. Chegara hududiga yaqinlashganimizda qizil yulduzli bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar koʻrindi. Biz topshiriqqa koʻra samolyot oynasidan qizil signalli raketani uchirdik. Ikkinchi aylanadan soʻng navbatdagi raketa uchirildi. Agar signaldan soʻng kuzatuvchi samolyotlar havoga koʻtarilmasa, ekipaj qoʻnishi kerak edi. Ular koʻrsatilgan vaqtda, koʻrsatilgan joyda paydo boʻldi, bir oz vaqt oʻtib, yana uchta samolyot qoʻshildi. Jami toʻqqizta kuzatuvchi. Ushbu holatda ikkinchi hujjatni ochishimiz koʻrsatilgan va vazifani bajarishda davom etishimiz aytilgan edi. Men muhrlangan hujjatni ochdim: “Yoʻnalish Berlin tomon va Tempelgof markaziy aerodromiga qoʻnish”. Bir daqiqadan soʻng shturman yoʻnalish toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Qiruvchilar bizni goh quvib oʻtar, muayyan vaqtdan soʻng qaytar edi. Nihoyat pastda hech kimga xavf solmaydigan, tutun ichida qolgan va butunlay yakson boʻlgan Berlin yastanib yotardi. Qoʻnyapmiz.
Samolyotni general-polkovnik Sokolovskiy kutib oldi. Yoʻlakda faxriy qorovul saf tortgan. Vishinskiy birinchi boʻlib samolyot zinasidan tushdi, uning ortidan generallar va fuqaro kiyimidagi yoʻlovchilar ergashdi.
Tez orada Amerikaning “Uchuvchi qalʼa” nomi bilan mashhur samolyoti qoʻndi. Keyin AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya vakillari kelgan samolyot qoʻndi. Soʻngra taslim qilingan gitlerchilar qoʻshini qoʻmondonligi vakillari kelib qoʻndi. Feldmarshal Keytel ushbu samolyotda kelgan edi.
Hammani kutib olishdi. Ekipaj samolyot yaqinida boʻlishi va angardan uzoqlashmasligi toʻgʻrisida buyruq oldi. Biz ovqatlandik va dam oldik.
9-may. Erta tongda ellik kishiga yaqin odam mashinalarda keldi. Hamma xush kayfiyatda edi. Generallar Aleksey Semenkovga qizil bayroq va paket berdi. Bayroq va paket gʻalaba belgisi ekanini sezdim.
Semenkov paketni menga uzatdi va asta shivirladi: “Paket ichida Germaniyaning urushda soʻzsiz taslim boʻlgani — kapitulyatsiyasi toʻgʻrisida feldmarshal Keytel imzolagan akt — bayonnoma bor. Ehtiyot boʻl, bu bizning gʻalabamiz”. Mana oʻsha kutilgan xotima. Mana oʻsha Vatanimizning qahramonligi muvaffaqiyat bilan tugagan kun. Bu quvonchli daqiqalarni hech narsa bilan taqqoslab boʻlmas edi. Bunday daqiqalar uchun butun hayotingni bagʻishlasang arziydi.
Havoga koʻtarildik, yoʻnalish Moskvaga qaratilgan edi. Birinchi yangi kunni, birinchi tinch va osuda kunni kutib olish uchun parvoz qilyapmiz. Osmon toʻq qizil, keyinchalik sariq rangga kirdi. Quyosh nurlari kabinani yoritdi.
Ertalab soat 11 da biz Moskvaga qoʻndik. Aleksey Semenkov bizni kutib olgan generalga qizil bayroq va paketni mendan olib unga topshirdi. Harbiy boshliqlar oʻtirgan mashina Kreml tomon joʻnab ketdi. Ekipaj kutib oluvchilar davrasida qoldi. “Barakalla, qahramon uchuvchilar!” Barcha mashhur ekipaj aʼzolarini olqishlar, osmonga otish uchun intilardi.
Qizil maydonda mashhur diktor Levitan Germaniya gitlerchilarining urushda soʻzsiz taslim boʻlgani toʻgʻrisidagi bayonnomani oʻqib eshittirdi.
Baxt — gʻalaba baxti qanday boʻlishini men oʻshanda koʻrdim, ich-ichimdan tuydim”.
* * *
Oʻzbek oʻgʻlonining ismi tarixga oltin harflar bilan yozib qoʻyildi. Abdusamat Taymetov oʻzining toʻrt jangovar safdoshi bilan birgalikda 80 yil avval Berlindan Moskvaga Germaniyaning urushda soʻzsiz taslim boʻlgani — kapitulyatsiyasi toʻgʻrisidagi akt — bayonnomani olib kelishdek sharafli vazifani qoyilmaqom etib bajardi. Afsonaviy ushbu beshlikning ism-sharifi maxfiylashtirildi, ulardan davlat sirini oshkor qilmaslik toʻgʻrisida hatto tilxat olindi. Faqat buyuk gʻalabadan 30 yil oʻtib, oʻsha taqiq ulardan olib tashlandi.
Tez orada tarixiy parvozni amalga oshirgan ekipajni taqdirlash toʻgʻrisida farmon eʼlon qilindi. Abdusamat Taymetov va uning ekipaji jangovar “Qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlandi. Qahramonimizning bu ordeni frontdagi xizmatlari uchun eng oliy mukofot boʻldi.
Urush tugadi. Abdusamat Taymetov qadrdon yurtiga qaytib keldi va fuqaro havo flotiga qarashli 161-maxsus aviatsiya otryadi boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Bir necha yildan keyin mashhur uchuvchi Toshkent aeroporti boshligʻi lavozimida faoliyat yuritish bilan birga respublikamiz Oliy soveti deputatligiga saylandi.
Urush boshlangandan 40 yil oʻtib, uning yuragi boshqacha urishni boshladi. Shu kuni keksa uchuvchi frontda halok boʻlgan doʻstlarini, jangovar oʻrtoqlarini, mashaqqatli jang maydonlarini esladi.
Bir oy oʻtmay, 1981-yil 8-iyul kuni birinchi oʻzbek uchuvchisi, gʻalaba haqidagi quvonchli xabarni olib kelgan Abdusamat Taymetov “soʻnggi parvoz”ini amalga oshirdi. Bu safar qaytmas boʻlib ketdi. Lekin uning qahramonligi va sharafli nomi kelgusi avlodlar tilida mudom faxr va gʻurur bilan yangrab turibdi.
Bugungi kunda poytaxtimizning Gʻalaba bogʻidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida bir samolyot saqlanadi. U aynan oʻsha mashhur oʻzbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalaba toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatni — aktni olib kelgan “Li-2” rusumli samolyot.
Yosh avlod ushbu muzeyda Abdusamad Taymetov xotirasiga bagʻishlangan eksponat timsolida bobolarimiz jasoratini, ular amalga oshirgan buyuk ishlarni xotirlaydi. Ulardan oʻrnak va namuna olishga intiladi.
Baxtiyor YOQUBOV,
Nurillo AZIMOV
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»