“G'ALABA BOG'I FALSAFASI” yoxud tarixiy adolat tantanasi haqidagi kitob

Akademik Akmal Saidov mavzusiyoq kishining e'tiborini tortadigan mantiqan pishiq, mohiyatan ko'lamdor va mazmunan butunlay yangi bir kitob yozibdi. Muallifning yetuk huquqshunos olim sifatidagi quvvai hofizasi tarixiy adolat bilan bugungi reallikni uyg'unlashtirgan hamda milliy davlatchilik rivoji uchun zarur tarixiy, huquqiy va zamonaviy novellani ijod qilish imkonini bergan. Zero, Ikkinchi jahon urushida jasorat ko'rsatgan va o'sha mashaqqatli davrda front ortida og'ir hamda halol mehnati bilan metin matonatini namoyish etgan ota-bobolarimiz muqaddas ayollarimiz haqidagi tarixiy fakt milliy davlatchiligimiz hamda xalqimiz tafakkuri va yoshlarimiz uchun ham katta ma'rifiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega. 

 

“G'alaba bog'i falsafasi” yoki kitobning mohiyati

Kitobning falsafasini davlatimiz rahbarining tashabbusi va g'oyasi asosida bunyod etilgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga bag'ishlanganida ko'rish mumkin. Ya'ni, muallif kitobda adolat, milliy davlatchilik, huquq, inson huquqlari, xotira va qadr kabi ko'lamdor masalalarning konstitutsiyaviy ahamiyatini sodda, tushunarli tilda faktik materiallar asosida yoritib bergan. Xotira va qadrlash kuni arafasida ilk bor yaxlit asar sifatida nashr etilgan mazkur kitobning falsafasi quyidagilarda namoyon bo'ladi.

Birinchidan, Konstitutsiyamizda fuqaro va davlat bir-biriga nisbatan bo'lgan huquq va burchlari bilan o'zaro aloqadorligi to'g'risida alohida norma mavjud. Unga ko'ra davlat o'z fuqarolarining munosib xizmatlarini hamisha e'tirof etadi va qadrlaydi. Bu mavzu  shu bois falsafiy va huquqiy ahamiyat kasb etadi. Gap jahon tarixining muhim uzviy bir qismi ikkinchi jahon urushi bilan bog'liq unutilmas voqealar va millionlab insonlarning taqdiri haqida borar ekan,  shubhasiz u falsafiy ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, o'tgan 76 yil mobaynida ilk bor Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko'rsatgan ko'pmillatli O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G'alabani ta'minlashga qo'shgan munosib hissasini chuqur o'rganish va keng miqyosda targ'ib etish ishiga davlat miqyosida O'zbekiston Prezidenti tomonidan xolisona hamda kompleks yondashildi. Masalaga tor siyosiy manfaat nuqtai nazaridan emas, adolat, milliy manfaat va tarixiylik nuqtai nazaridan yondashilgani yoxud ularning mard va tantiligi, vatanparvarligi sharofati tufayli hayotimiz fayzli va barakali ekanligining kitobda ifodalanishi uning falsafasini anglatadi.

Uchinchidan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, hech shubhasiz,  yosh avlodni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Darhaqiqat, umumiy aholisining yarmidan ko'pi yoshlar bo'lgan suveren O'zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, milliy davlatchiligimizni shakllantirish, adolat va tarixiy xotirani tiklash, huquq va burch tengligini ta'minlashda ushbu asarning falsafasi asqotishi shubhasiz.

 

Yangi O'zbekiston g'oyasi va G'alaba bog'i falsafasining uyg'unligi

Kitobda poytaxtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan bunyod etilgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi yangicha fikriy yangilanish, o'zbekona falsafa, ta'bir joiz bo'lsa, xalqona siyosatning amaldagi yorqin natijasiligi asosli tarzda yoritilgan. Bunday odamlarni rozi qilish borasidagi bunyodkorona yondashuv Yangi O'zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.

Chunonchi har bir inson bobo va buvilari tarixiy matonatining ob'ektiv va sub'ektiv sabablarga ko'ra siyosat soyasida qolishini emas, aksincha adolatli qadr topishini xohlaydi. Bebaho sog'ligi, umri, tinchligi, oromi va baxtidan voz kechgan bunday fidoyi vatanparvar insonlarning achchiq va fojiali taqdiri barcha zamonlarda ham ibrat bo'lishga loyiq. Ayniqsa, ularning o'z huquqidan ko'ra burchlarini chuqur anglagani va uni sharaf bilan bajargani bugungi kun uchun zarur bo'lgan huquqiy madaniyat yoki vatanparvarlik hamda inson axloqini shakllantirish kabi dolzarb va hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishda ham beqiyos ahamiyatga ega.

Kitob masalaning mohiyatini teran anglash, chuqur falsafiy, siyosiy va huquqiy bilim, katta hayotiy tajriba, dunyo tajribasini mantiqli hamda to'g'ri muqoyasa qilish asosida yaratilgan. Uni shunchaki o'qib bo'lmaydi. Buning iloji yo'q. Bunga kitobda keltirilgan ta'sirchan voqealar, ehtirosli jihatlar, o'quvchini hayajongan soladigan faktik ma'lumotlar izn bermaydi. Mutoalaga kirishgan har bir inson unda bexosdan o'zini yoki yaqinini ko'rishi tabiiy. Sababi kitobda ko'tarilgan muammo shu zamin va unda yashagan yashayotgan najib insonlar bilan bevosita yoki bilvosita bog'liq.

Mazkur kitobni shunchaki ma'lumotlar yig'indisi deb bo'lmaydi. Chunki u o'quvchidan tarixda Ikkinchi jahon urushi deb nom olgan qonli janggohlarda va front ortida  ko'rsatgan qahramonligining yuksakligi, fashistlarga qarshi bu urushda qozonilgan buyuk g'alabani O'zbekistonsiz, o'zbek xalqisiz aslo tasavvur qilib bo'lmasligini idrok etishni talab qiladi. Ushbu qiziqarli, jonli voqealarni o'zida mujassam etgan bu kitobni falsafiy, tarixiy, pedagogik, siyosiy va yuridik asar deyish mumkin. Qolaversa, u kitobxonga aks ettirilgan faktik materiallar orqali milliy g'ururining shakllanishi bilan birga unda xalq jamiyat va davlat oldidagi mas'uliyatining oshishiga ham xizmat qilishi shubhasiz.

Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, "bu betakror  majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi". Mazkur ta'rifda G'alaba bog'i "betakror" va "g'oyat noyob" deya e'tirof etilgani bejiz emas. Buning boisi shuki, G'alaba bog'i xalqning sha'ni, g'ururi, irodasi sifatida gavdalanadi.

Birinchidan, o'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi qahramonligining ramzi o'ta mavhum va qisqa hamda rasmiy bo'lishi emas, u kompleks, aniq faktlar asosida hamma uchun keng ko'lamli, ta'sirchan tarbiyaviy ahamiyatga ega, haqqoniy va adolatli tarzda betakror ifodalanganida ko'rinadi.

Ikkinchidan, bu – Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan necha minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, og'ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli damlarda ham o'zligini aslo yo'qotmagan, iymoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom va e'zoz ko'rsatish O'zbekistonda oliy darajadagi milliy qadriyatga va davlat siyosatiga aylanganining o'ziga xos g'oyat noyob ifodasidir.

 

“G'alaba bog'i falsafasi” kitobining ahamiyati

Ma'lumki, kitobda G'alaba bog'ining yaratilishi dastlab davlatimiz rahbarining g'oya va tashabbusi, tashkiliy huquqiy asos, faxriylar, tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilikning fikr mulohazalari, taklif va tavsiyalari asosida tashkil etilgani asosli bayon etilgan. Buning ma'nosi shuki, me'morial majmuaning tashkil etilishiga istiqbolli strategiya, puxta tayyorgarlik, aniq me'moriy kontseptsiya, keng jamoatchilik fikri yoki taklif va tavsiyalari e'tiborga olinib kirishilgani o'z ifodasini topgan. Natijada G'alaba bog'i kontseptsiyasini amalga oshirishda u mohiyat e'tibori bilan xalqimizning urush yillarida ko'rsatgan mardlik va matonati, yuksak insoniy fazilatlari, qahramon ajdodlarimizning nomlari, shonli  an'ana  va  qadriyatlarini  abadiylashtirish hamda yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas, qadri ulug' ekanini ta'kidlash yoxud yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilganini e'tiborga olib, ushbu g'oyani ta'sirchan badiiy-monumental usullar, innovatsion yechimlar asosida ifoda etishga alohida ahamiyat berilgani kitobda o'z ifodasini topgan.

Shunday qilib, kitobni mutolaa qilish davomida tarixiy-badiiy yodgorlik inshooti sifatida mazkur me'morial kompleksning o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra, davlat va jamiyat miqyosida quyidagi ustuvor vazifalarni o'zida mujassam etganini ko'rish mumkin.

Birinchidan, G'alaba bog'idagi har bir yodgorlik ob'ekti va qurilma, muzey eksponatlari xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni urushning dahshatli va fojeaviy  oqibatlarini  hech  qachon unutmaslikka chorlaydi. Shu nuqtai nazardan, G'alaba bog'i navqiron avlodlarimizni bugungi tinch va osuda hayotni ardoqlash hamda mustaqillikning qadriga yetishga, doimo ogoh va hushyor bo'lib yashash, Vatan himoyasiga hamisha tayyor turish ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, G'alaba bog'ida Toshkent shahri aholisi va mehmonlari tarix bilan hamnafas bo'lib, o'tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Uchinchidan, shu bilan birga, ziyoratchilarning mazmunli dam olishi, ommaviy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar o'tkazish uchun jamiki qulayliklar muhayyo etilgan. Aholi va xorijlik sayyohlarning ko'ngilli sayr etishini ta'minlash uchun bog' hududida obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlari o'ziga xos dizaynda amalga oshirildi.

To'rtinchidan,  ana  shunday  ulug'vor  bunyodkorlik  ishlari  bilan  bir vaqtning  o'zida O'zbekiston  xalqining  Buyuk G'alabaga  qo'shgan  ulkan  hissasini yanada chuqurroq o'rganish borasida ham muhim natijalar qo'lga kiritildi. Prezidentimizning tavsiyalari asosida bu borada oz fursatda katta ilmiy tadqiqotlar va jiddiy tahliliy izlanishlar amalga oshirildi.

 

“Matonat madhiyasi” yodgorligining mohiyati

Kitobda “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida ona Vatan ramzi bo'lib qad rostlagani ta'sirchan uslubda ifodalangan. Unga ko'ra mazkur yodgorlik majmuasi qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda bo'lgan voqea asos qilib olingani bayon etilgan. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh o'g'lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon,  Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo'lgan. Uning to'rt nafar kelini beva, besh nabirasi esa yetim bo'lib qolgan. Kelinlari ham Zulfiya ayadan o'rnak olib, o'z oilasiga sodiq qolgan va boshqa turmush qurishmagan.

Shuningdek, kitobda bu masalada qiziq va yangi fakt keltiriladi. O'zbekiston  Respublikasida  xizmat  ko'rsatgan  madaniyat  xodimi,  yozuvchi Alinazar Egamnazarovning so'zlariga ko'ra, Ikkinchi jahon urushida bir oiladan besh nafar farzand urushga ketib hech biri qaytmagan oila dunyoda uchta bo'lib, ikkitasi Belarus` va AQShda, yana biri Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog'ida yashagan Zulfiya aya Zokirova oilasidir. Ona Ikkinchi jahon urushida besh o'g'lidan judo bo'lgan.

2019 yili Xotira va qadrlash kunida davlatimiz rahbari Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o'g'li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o'rnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusni jamoatchiligimiz qizg'in qo'llab-quvvatladi.

“Matonat madhiyasi” monumenti o'zbek ayolining adoqsiz mehr va bardoshi, sadoqati va matonati ramzidir. O'zbekiston Prezidenti ta'biri bilan aytganda, “bu – O'zbekistondagi barcha onalarga  qo'yilgan haykal. Ushbu  yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlug'  ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida bo'lgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi”.

 

Ayrim tarixiy saboqlar

Aziz kitobxon agar siz “Mangu jasorat”, “Ko'z yoshi” monumentlari va “Shon-sharaf” muzeyi bilan bog'liq  qiziq tarixiy voqea va hodislarni bilishni istasangiz albatta kitobni yaxlit tarzda to'liq o'qing. Ketgan vaqtingizga achinmaysiz. Aksincha ko'p foyda ko'rasiz. Kitobda iymon, sadoqat vafo, sabr, axloq, adolat, haqiqat, huquq, burch va kamtarlik kabi insoniy tushunchalar mazmuni va amaliy ifodasini o'rganasiz. 

Modomiki, gap Ikkinchi jahon urushi haqida borar ekan, muhim bir mantiqni esdan chiqarmaslik lozim. Agar urush tugagan yili 1945 yilda tug'ilgan o'g'il qizlarning yoshi bugun 76 ga kirgan. Maboda, o'sha paytda 18 yoshida frontga ketgan yigit yoki qizning yoshi u hayot bo'lsa, 94 yoshda bo'ladi. Buni o'sha paytda eng kichik bo'lgan yoshga nisbatan olib aytmoqdamiz.

Endi u paytda yoshi 24 yoki undan kattalarini tasavvur qilib ko'ring. Shunda ropa-rosa 100 yoshga kirgan va oshgan bo'lardi. Urushga ketib tirik qaytganlarning deyarli barchasi sog'ligining biror qismini yo'qotib qaytgan front ortidagilar esa o'z baxti va oromidan voz kechib, eng yaqin odamlaridan ayrilib qolishsa-da faqat sabr va shukr qilib yashashgan bu insonlar tom ma'nodagi qahramon emasmi?

Ular hech kimdan hech qachon hech narsa domangir bo'lishmagan. Boriga qanoat yo'g'iga shukr qilgan shu insonlar barchamizga ibrat emasmi? 

Siyosat yoki davlat shakli va mafkurasidan qat'iy nazar vatanni himoya qilishni o'zlarining muqaddas burchi deb bilgan hamda unga qat'iy amal qilgan bobo va buvilarimizdan bugun ko'p narsalarni o'rganishimiz yoxud ular haqida ko'p narsani bilishimiz kerakmasmikan?

To'g'ri. O'zining matonati, xush xulqi, irodasi bois kimdir 60, 70, 80 yoki 90 hatto 100 yoshida ma'lum ma'noda qadr topdi. Lekin bu eng qadrli kishisi yoki aziz narsasini sizu biz va Vatan uchun yo'qotishi evaziga bo'lganini ular bilishadi. Biroq uni hech kimga hech qachon aytishmagan va aytishmaydi.

Darhaqiqat, ma'rifat aqlu farosatning natijasidir. Ma'rifat sog'lom fikrlash, halol mehnat qilish – qanoat qilish, insonning ongu shuuri yordamida qimmatli vaqtini to'g'ri sarflashi va hayotini mazmunli o'tkazishi demak.

Shunday qilib, ma'rifat – odamgarchilikning bosh mezoni, o'zingga va o'zgalarga kerak bo'lish va nafi tegish, hayotda munosib iz qoldirishdir. Shu tariqa, ma'rifatga yo'g'rilgan “G'alaba bog'i falsafasi” kitobini yoshlar o'qisin, o'rta yoshlilar va yoshi ulug'lar, ziyolilar, ishchilar, o'zini o'zbekman - o'zbekistonlikman deganlar o'qisin.  O'qib uqishsin. Va unga amal qilishsin. Shunda ko'pchiligimizning inson – jamiyat – davlat hamda huquq va burch haqidagi tasavvurimiz kengayadi.

Halim Boboev,
O'zbekiston fan arbobi,
Toshkent davlat
yuridik universiteti professori,
yuridik fanlar doktori;

 
Eshmuhammad Qodirov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori v.b., yuridik fanlar doktori

Powered by GSpeech