Gender tenglik: ayollarning huquq-manfaatlari yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Mamlakatimizda xotin-qizlar manfaatlari, gender tenglikni ta’minlash va oilalar mustahkamligi masalalari siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Natijada ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotda, muhim qarorlar qabul qilishda xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.

Soha yo‘nalishida aynan qanday vazifalar belgilangan va natijalar qanday? Shular xususida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i O‘g‘iloy O‘ROZOVA bilan suhbatlashdik.

– Islohotlarni samarali amalga oshirishda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli hamda ta’sirini keskin oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deya fikrini boshladi O‘g‘iloy O‘rozova. – Davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Natijada birgina 2024 yil yakuniga ko‘ra xotin-qizlar ulushi tadbirkorlik sohasida 45, tibbiyotda 74,8, ta’limda 71,1, iqtisodiyot va sanoatda 46,8 hamda qishloq xo‘jaligi sohasida 43,2 foizga yetdi. 

– Gender tenglikni ta’minlash yurtimizda qay yo‘sinda shakllantirildi? 

–“O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi” barcha soha va tarmoqlarda jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsipiga muvofiqligi tahlil qilinib, gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati, jumladan, kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, shuningdek, genderga doir kompleks yondashuvni o‘rganish va baholash uchun genderga oid audit o‘tkazib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Qo‘mita huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekistonda gender muammolarini o‘rganish va monitoringini yuritish bo‘yicha “uzgender.uz” elektron platformasi yaratilgan bo‘lib, unda gender indekslar, elektron korpus, interaktiv xizmatlar, gender tahliliy axborotnoma, gender kutubxona kabi ma’lumotlar yig‘indisi joylashtirilgan. Statistika agentligi tomonidan esa gender.stat.uz va Adliya vazirligi huzuridagi “Madad” NNT tomonidan gendermadad.uz kabi onlayn platformalar yaratildi. Bu orqali tegishli mavzularda maslahat va ma’lumotlar berib kelinmoqda. 

– Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bugungi kun vazifalaridan biridir. Bu boradagi ishlar salmog‘i qanday?

– Uzluksiz ta’limning barcha bosqichini tubdan isloh etish, o‘quv jarayoniga eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, o‘qituvchilarning professionallik darajasini ko‘tarish borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlar ta’limiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizdagi 200 dan ziyod oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini (783 ming nafar) xotin-qizlar tashkil etadi. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizga 100milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.

2024 yilda oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda ta’lim olayotgan 82 ming nafar talaba qizga 7 yil muddatga foizsiz 969 milliard so‘m ta’lim kreditlari ajratildi.

2022-2024 yillarda 397 ming nafariga 7 yil muddatga foizsiz 4,3 trillionso‘m ta’lim kreditlari ajratildi. Ehtiyojmand oilalardagi 18 481 nafar xotin-qizga oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun qo‘mitaning tavsiyanomasi berildi. 5 yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 398 nafar xotin-qiz qo‘mitaning tavsiyanomasi asosida oliy ta’limga to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi. 1983 nafar muhtoj, yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovi qoplab berildi.

– Xotin-qizlarning kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga ko‘maklashish, tadbirkorligini rivojlantirish yo‘nalishida natijalar qanday?

– Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga o‘qitish borasida birgina 2024 yilda 924 ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Xususan, 284 041 nafari kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi, 225 mingdan ortiq xotin-qizga 5,1 trillion so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Mingdan ortiq mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ochildi. Bandlikni ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida 6 ta tuman tajribasi respublika bo‘yicha ommalashtirildi. 

Jumladan, xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbalarini yaratish bo‘yicha Sayxunobod tajribasi, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha Jondor tajribasi, aholi daromadlarini oshirish – xonadonda moliyaviy paketlarni joriy qilish bo‘yicha Nishon, Shofirkon tajribasi, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish bo‘yicha Bog‘dod tajribasi, kashtachilik maktabi va qo‘y junini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Shahrisabz tajribasi shular jumlasidandir.Tadbirkorlik bo‘yicha faoliyat olib borayotgan hamda faoliyatini endi boshlagan xotin-qizlarga mahsulot va xizmatlarni bozorga olib chiqishda hamda elektron savdolarda ishtirok etishlariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 

2024 yilda davlatimiz rahbari qarori bilan xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 100 million AQSH dollari miqdorida kredit resurslari ajratildi. Joriy yilda ushbu mablag‘ ikki karra oshirilib, 200 million AQSH dollarga yetdi. Ushbu mablag‘lar doirasida 2 million nafar ayol bandligi ta’minlanishi, shundan 1 million 300 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish choralari ko‘rilmoqda. 

– Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda muhim sanaladi, shunday emasmi? 

– Darhaqiqat, shu bois tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni davlat himoyasiga olish, himoya orderi berish mexanizmi yaratildi. Zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida qonunchilikka genderga oid oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, shilqimlik hamda shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish bo‘yicha alohida moddalar kiritildi. Shuningdek, 2024 yilda “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etildi.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkazish, undan jabrlangan shaxsga himoya orderini rasmiylashtirish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtirish ishlarini olib borish belgilandi. Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika va hududiy markazlar faoliyat olib bormoqda.

– Sohada kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar haqida fikringizni aytsangiz?

– Bilamizki, Prezidentimizning joriy yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Bunda 2 million nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash, 250 ming nafar xotin-qizni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, yana shuncha nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish belgilangan. 

Ayni kunda mazkur ko‘rsatkichlarga erishish yo‘lida mas’ul vazirlik va idoralar bilan barcha sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Shuningdek, oila institutini mustahkamlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish, xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini olib borish vazifalari ham mavjud. Shu yuzasidan ham harakatlar boshlandi.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.

Powered by GSpeech