Kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z murojaatida insoniyat yangi energiya davriga qadam qo‘yayotganini ta’kidlab, toza energiya asrini jadal boshlashga chaqirdi.
– O‘tgan yili dunyoda energiya sohasidagi yangi quvvatlash turlarining deyarli barchasi qayta tiklanadigan manbalarga to‘g‘ri keldi, -dedi u. – Toza energiya uchun global investitsiyalar 2 trillion dollarga yetib, an’anaviy yoqilg‘idan ko‘ra 800 milliard dollarga ko‘proq bo‘ldi. Bugun quyosh va shamol energiyasi sayyoradagi eng arzon manbalarga aylandi, ammo ko‘plab mamlakatlar hali ham an’anaviy yoqilg‘iga bog‘lanib, XXI asrning eng katta iqtisodiy imkoniyatini qo‘ldan boy bermoqda.
Ma’lumki, toza energiya iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, energiya xavfsizligi va mustaqilligini ta’minlaydi. Shunga qaramay, hozirgi o‘tish jarayoni yetarlicha tez va adolatli emas. Rivojlanayotgan mamlakatlar chetda qolmoqda, issiqxona gazlari chiqarilishi esa kamayish o‘rniga oshishda davom etmoqda.
Bosh kotib bu jarayonni tezlashtirish uchun 6 yo‘nalishda chora ko‘rishga chaqirdi:
- Davlatlar yangi iqlim rejalarini qabul qilib, umumiy maqsad sari birlashishi lozim;
- Zamonaviy elektr tarmoqlari va saqlash tizimlari barpo etilishi kerak;
- Global energiya ehtiyoji qayta tiklanadigan manbalar hisobiga qoplanishi zarur;
- Adolat tamoyillari ta’minlanishi uchun an’anaviy yoqilg‘i bilan bog‘liq jamoalar qo‘llab-quvvatlanishi kerak;
- Savdo siyosatini jarayonni tezlashtirishga moslashtirish lozim;
- Rivojlanayotgan davlatlarga moliyaviy ko‘mak oshirilishi shart.
Guterrish fikricha, yangi davr hammaga iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi, mamlakatlarning energiya mustaqilligini kuchaytiradi.
– Bu global o‘zgarishlarni tezlashtirish uchun tarixiy imkoniyat. Uni qo‘ldan boy bermaylik, – deya ta’kidladi BMT rahbari.
Musulmon Ziyo, O‘zA
- Qo'shildi: 24.07.2025
- Ko'rishlar: 431
- Chop etish