20 noyabr – Jahon bolalar kuni. Bu yil mazkur sanada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi hamda Bola huquqlari deklaratsiyasining 61 yilligi ham nishonlanmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV O'zA muxbiriga bu haqda quyidagilarni so'zlab berdi:
– Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyada bolalarning barcha huquq va erkinliklari xalqaro miqyosda kafolatlangan. Ushbu xalqaro huquqiy hujjat eng ko'p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari shartnomasi hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur konventsiyaga 196 ta davlat qo'shilgan.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning ertasigayoq mustaqil navqiron mamlakatimiz BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilgan. Bu muhim dalil yurtimizda bolalarga bo'lgan yuksak e'tiborning yana bir o'ziga xos namunasidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo'q va bo'lmasligi kerak. Hammasi o'zimizning, O'zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko'rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o'rgatsak, ularning yo'lini ochib bersak, ertaga foydasi o'zimizga, jamiyatimizga tegadi».
O'tgan yili Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning 30 yilligini nishonlash to'g'risida qaror qabul qildi. Shu asosda konventsiyaning 30 yilligi mamlakatimizda keng miqyosda bayram qilindi.
Yangi O'zbekistonda onalik va bolalikni qo'llab-quvvatlash, bolalarning ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari alohida va doimiy e'tiborda turibdi. Ayniqsa, BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini bajarish borasida katta ko'lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Pandemiya sharoitida ham bolalarning barcha huquqlarini izchil ro'yobga chiqarishga intilmoqdamiz. Jumladan, mamlakatimizda har bir bolaning bilim olishga oid huquqini ta'minlashga jiddiy ahamiyat berilmoqda.
Bu haqda so'z borganda, 2020 yil 23 sentyabr` kuni "Ta'lim to'g'risida"gi qonunning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi tahriri qabul qilinganini ta'kidlash lozim. Yangi qonun O'zbekistonda ta'lim sohasini tubdan isloh qilish, bolalarning ta'lim olish huquqlarini mustahkamlash hamda xalqaro standartlar asosida ta'lim xizmatlarini tashkil etish maqsadlariga xizmat qiladi.
Keyingi yillarda ta'lim va tarbiya sohasida keng ko'lamli tub o'zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, 2025 yilga borib 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hayotga joriy etilmoqda. Yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi qayta tiklandi.
2020 yil sentyabr` oyidan boshlab o'quvchilarning xohish- istaklaridan kelib chiqqan holda, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumta'lim va kasb-hunar maktablarida ta'lim jarayoni onlayn va an'anaviy tarzda amalga oshirilmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning “Har bir bolaning barcha huquqlariga amal qilinishi kerak!” degan da'vatiga asosan mamlakatimizda so'nggi ikki yilda muayyan ijobiy tajriba to'plandi.
2019 yil 22 aprelda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqdi. Jumladan, Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi.
Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma'muriy muhokama davrida bolaning fikri inobatga olinishi belgilab berildi. Ushbu qarorni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi ham Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ilgari surilgan. Bu tashabbus zamirida BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish maqsadi mujassamdir.
Yangi parlamentning qonun ijodkorligi yo'nalishida ham bu borada muhim natijalarga erishildi. Avvalo, 2020 yil 10 martda “Bola huquqlarining qo'shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonunga asosan:
– bolalarning ro'yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat'i nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko'rsatiladi;
– bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqish kafolatlanadi va bola to'liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko'rmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi;
– o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarga aliment undirish to'g'risida sudga da'vo qilish huquqi berildi;
– bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan da'vogar davlat boji va boshqa to'lovlarni to'lashdan ozod qilindi;
– o'n sakkiz yoshga to'lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsni O'zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishga yo'l qo'yilmaydi.
Shuningdek, BMT shartnomaviy organlarining tavsiyalariga muvofiq, erkaklar va ayollar uchun nikohning eng kichik yoshi – o'n sakkiz yosh deb belgilandi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari va Hukumatning qo'shma qarori bilan Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi.
Jamiyatda imkoniyati cheklangan bolalarning ham o'z tengdoshlari bilan teng huquqli ta'lim olishlari uchun sharoitlar yaratish zarur. Zero, imkoniyati cheklangan bolalarning alohida ta'lim muassasalarida emas, balki o'z tengdoshlari bilan birga tahsil olishi ularning holati yaxshilanishiga hamda jamiyatning to'laqonli a'zosiga aylanishiga imkon yaratadi.
Shu maqsadda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda. 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun shular jumlasidandir.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ham bolalar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Milliy strategiya ijrosi doirasida, jumladan:
– vasiylik va homiylik tizimini isloh qilish yo'li bilan bolalarning oilada yashash va tarbiyalanish huquqini ta'minlash;
– yetim va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish;
– bola huquqlariga oid xalqaro standartlar qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
– bu sohada huquqni qo'llash amaliyoti ustidan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash bo'yicha izchil ishlar boshlab yuborilgan.
Ayni chog'da, maktabgacha ta'lim va umumta'lim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda "Inson huquqlari", "Bola huquqlari" o'quv kurslarini joriy etish vazifasi belgilangan. Hozirgi vaqtda Markaz tomonidan shu sohaga taalluqli o'quv kursi dasturi va “Bola huquqlari” darsligi tayyorlanmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti Jahon bolalar kuni munosabati bilan onlayn ko'rik-tanlov o'tkazdi. Tanlovda 7 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan o'quvchi-yoshlar o'zlarining eng yaxshi ijro etgan qo'shqlari, bola huquqlariga doir ijod etgan videorolik va rasmlari bilan ishtirok etdi.
Tanlov g'oliblari 20 noyabr – Jahon bolalar kuni @YoshlarParlamenti_Senat telegram kanalida e'lon qilinadi. G'oliblarga hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari topshiriladi.
Muxtasar aytganda, bolalarimiz – bizning bugungi va ertangi kunimiz. Shu bois navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish barchamizning asosiy hamda doimiy vazifamizdir.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni – yoshi ulug'larimiz, ota-onalar va bolalar, o'g'il va qiz farzandlarimizni Jahon bolalar kuni bilan chin qalbdan samimiy tabriklayman!
O'zA muxbiri
Nazokat USMONOVA
yozib oldi.
- Qo'shildi: 20.11.2020
- Ko'rishlar: 4047
- Chop etish