Imkoniyatni qadrlagan millat buyuk kelajakni qurishga haqli

Millat taqdiri uning farzandlari qanday taʼlim olganiga bogʻliq. Taʼlimga ochilgan yoʻl millat kelajagini, millat kelajagi esa tarixning qanday yozilishini belgilaydi.

Bugun yangi Oʻzbekiston orzulari bebaho, fidoyi va bilimli avlod yurtiga aylanmoqda. Bir paytlar taʼlim eshigiga yoʻlni paxta dalalariyu qogʻoz uyumi orasidan izlagan avlod chekkan iztiroblar unut boʻlib ketayotgani bugun yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar behisobligiga bogʻliq. Chunki imkoniyatni qadrlagan millat kelajakni adolat bilan qurishga haqli.

Yaqinda Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuvda butun Oʻzbekiston yigit-qizlarini qutlugʻ ayyom — Yoshlar kuni bilan samimiy tabrikladi. Mazkur maqolada davlatimiz rahbari nutqidagi ayrim jihatlarga toʻxtalib oʻtamiz.

Soʻnggi yillarda yurtimiz iqtisodiyot, fan va taʼlim, madaniyat va sport sohalarida ulkan yutuqlarga erishmoqda. Bugun Oʻzbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, ochilayotgan har bir eshik, amalga oshirilayotgan loyihalar ortida izlanuvchan va vatanparvar yosh avlodning saʼy-harakatlari, kuch-gʻayrati mujassam.

Biz yurtimiz iqtisodiyoti jadal oʻsib borayotganidan faxrlansak, uning zamirida ham yuqori intellektual salohiyatga ega yoshlarning harakati, gʻoyasi, mehnati va jasorati turibdi. Bugungi yurt taraqqiyotidagi har bir yutuqda yoshlarning oʻrni bor va bu faqatgina boshlanishidir. Ertangi rivojlangan, zamonaviy Oʻzbekistonni qurishda bosh rol aynan yoshlarga tegishli boʻladi.

Davlatimiz rahbari nutqida bir maʼlumot qayd etildiki, bu islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirining bugun berayotgan aniq natijalariga isbot boʻldi.

Oʻtgan yili yurtimiz yoshlari TOP-500 talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egallagani hamda ilk bor TOP-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etgani taʼkidlandi. Shuningdek, bugungi kunda 30 nafar yosh dunyoning TOP-10 talik oliygohida, 500 nafari TOP-100 va 1500 nafari TOP-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olayotgani eʼtirof etildi.

Bu maʼlumotni hayajonlanmasdan shunchaki oʻqish yoki eshitish mumkin emas. Sababi bu davrlarga yetish uchun qancha yoʻl bosib oʻtildi va qanchalik ogʻir boʻlmasin, bugun natijalar boʻy koʻrsatmoqda.

Aslida, bugungidek toʻgʻri taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilganida bu kabi natijalarga mustaqilligimizning ilk davrlarida erishish mumkin boʻlardi. Afsuski, umrini paxta dalasida oʻtkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda va boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi.

Sababi nimada? Sababki...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir yigit Prezidentimizning Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirdagi nutqini eshitib, ogʻriqli muammoni esga oldi. Oʻzi ayni paytda chet elda mehnat migranti boʻlib ishlab yurgan yigit yurtimizdagi oʻzgarishlarga chin maʼnoda havas bilan qarayotgani, bugungi kun yoshlariga berilayotgan eʼtibor nega ularning davrida boʻlmaganidan xafaligini bildirgan.

— Bugungi kun yoshlari dunyoning eng nufuzli oliygohlariga oʻqishga kirib, tahsil olayotganidan juda havasdaman. Men oʻz vaqtida yurtimizda oliy taʼlim dargohiga oʻqishga kirish uchun imtihon u yoqda tursin, hujjat topshira olmaganman. Maktabni tugatib, institutga hujjat yigʻishga kirishganimdan boshlangan qiyinchiliklar tinkamni quritgan. Ikki marta imtihondan emas, qabul komissiyasiga hujjat topshirishdan oʻtolmaganman. Unisi yoʻq, bunisi kam deb qaytaraverib, oʻqishdan sovitib yuborishgan. Barchasiga qoʻl siltab, chetga ishlashga ketganman. Bizni oʻsha paytdan mardikorlikka tayyorlashganmi deb oʻylab qolaman. Sizlarga havasdaman, yoshlar, — deb izoh qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda yoshlar oliy taʼlimga hujjat topshirish jarayonini telefon orqali amalga oshirayotgan bir paytda oʻsha davrlarni eslash ogʻriqli. Lekin boshqa tomondan, bu taqqos yoshlarimizda bugungi qulay sharoitlar, keng imkoniyatlardan unumli foydalanish maqsadini mustahkamlaydi.

Bugungi kun yoshlari tasavvur qilishi qiyin, lekin bundan toʻqqiz, oʻn yil oldin oʻqish istagida boʻlganlar oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish uchun qabul komissiyasiga kelishi shart edi.

Abituriyent degan tamgʻani boʻyniga osib olgan yigit-qizlarning azobli kunlariga oʻsha vaqtdan “start” berilardi. Institut va universitetlarga hujjat topshirish tizimi shunchalik murakkab qilib qoʻyilgan ediki, yoshlarning bilim olish, yuksak ilm choʻqqilarini zabt etish haqidagi nafis istagi ilk kunlardan nafrat va gʻazab otliq tuygʻuga almashardi.

Har yili iyun oyi kelishi bilan yurtimizdagi har bir xonadonda bitiruvchi oʻgʻil-qizlar uchun “imtihon mavsumi” boshlanar, abituriyentlar hujjatlarini qogʻoz shaklida, qoʻltigʻida papka bilan surat va tibbiy maʼlumotnomalar yigʻishdan boshlardi.

Abituriyent tibbiy maʼlumotnoma uchun poliklinikada, surat uchun studiyada, maʼlumotnomani tasdiqlash uchun maktab direktori yoki mahalladan ruxsat olishi shart edi. Hujjat olish jarayoni 4-5 kun vaqt talab qilar, hujjat yigʻishning barcha bosqichini tanish-bilish yoki pora orqali amalga oshirish odatiy hol edi.

Qogʻoz papka, uzoq navbat va orzular iztirobi...

Keling, bu davrdan oʻtganlar uchun iztirobli bir eslatma, bugungi kun yoshlariga ertakdek boʻlgan mazkur jarayonni yodga olamiz.

Har bir yoshning bu yoʻli pasport olish uchun navbatda turishdan boshlanardi. Qishloqdagi bolalar pasport uchun shaharga kelib, baʼzan bir necha kun qolib ketar, ariza yozish, suratga tushish, turli maʼlumotnomalar yigʻish esa alohida mashaqqat edi.

Poliklinikadan tibbiy maʼlumotnoma olish eng qiyin bosqichlardan biri boʻlgan. Tongdan poliklinika oldida navbat boshlanardi. Har bir xonaga alohida navbat, har bir shifokordan alohida yozuv va muhr bosilgan, “sogʻlom” deb yozilgan qogʻoz uchun baʼzida kun boʻyi poliklinikada aylanib, oxiri hamshiraga “ataganini” berib, tibbiy maʼlumotnomaga ega boʻlardi.

Mahalladan “xarakteristika” olish esa oʻzgacha sinov edi. Ayrim mahallada raisni topish uchun ertadan kechgacha izlash kerak boʻlardi. “Ertaga kel”, “bu yerga bor”, “falon oqsoqol bilan maslahatlash” kabi bahonalar bilan yoshlar bir necha kun sarson yurardi. Shuning uchun har yili qabul vaqtida shaharda gavjumlik eng yuqori choʻqqiga chiqardi.

Suratga tushish — abituriyentning soʻnggi bekati. Har bir universitet 8 ta surat talab qilar, u aniq oʻlchamda, oq fonda va kostyum-galstukda boʻlishi shart edi. Shuning uchun fotostudiya oldida navbat, bahs, hatto janjallar boʻlardi. Baʼzi abituriyentlar fotosalonda surat chiqishini ertalabgacha kutardi.

Hujjatlarni yigʻib, barchasini gʻilofga joylab boʻlgach esa oliygoh oldidagi navbat hayotimiz mobaynidagi eng unutilmas kunlardan biri boʻlardi. Ota-onalar oʻgʻil-qizining kelajagi, orzusi va intilishini oliygoh eshigi oldida uzoq vaqt himoya qilgan. Kimdir kechasi mashinada kelib navbat kutgan, kimdir tanish orqali “navbat egallagan”.

Umuman, abituriyentlar imtihonlarga ¬tayyorlanish oʻrniga oʻquv yurtlariga kelish va kishini toliqtiradigan kutish bilan vaqtini oʻtkazardi. 086 shakldagi tibbiy maʼlumotnoma va harbiy xizmatdan vaqtincha ozod etilgani (yoki tuman mudofaa boʻlimida hisobda turishi)ga doir maʼlumotnoma olish uchun abituriyentlar tibbiy koʻrikdan deyarli toʻliq qayta oʻtishi talab etiladi.

Yana xonama-xona yurish, navbat kutish, asabbuzarlik va korrupsiyaga duch kelinardi.

Abituriyentlik istagi yoʻlidagi mashaqqatli kunlar

Bu bosqich esa hujjat yigʻishdan ham qiyin jarayonni talab qilardi. Oʻsha davrdagi oliygoh qabul komissiyasi oldidagi manzara alohida hayot sahnasi. Har yili iyul oyining issiq kunlarida oliygohlar oldi goʻyo bozordek gavjum boʻlardi.

Har kimning oʻziga xos tashvishi, orzusi, intilishlari bor, ammo oʻsha vaqtdagi maqsad bitta — qabul komissiyasiga hujjat topshirish.

Oliygoh qabul komissiyasi ishga kirishgan kundan navbat boshlanardi. Kimdir “orqamdan turasan” deb qogʻozga ism yozib qoʻyar, baʼzilar esa holdan toyib, oʻz navbatini kimgadir ishonib, bir necha soatga chiqib turardi.

Odatda eng oldingi 10-20 ta navbat qimmat hisoblanar, ayrimlar “navbatimni sotaman” deb 5-10 ming soʻm soʻrardi. Tanish-bilish orqali oliygohda ishlaydigan odam topish esa eng ishonchli yoʻl sanalgan.

Navbatingiz kelganida, qabul komissiyasi xodimi har bir hujjatni sinchiklab tekshirardi. Bu yerdan bir urinishda oʻtib ketganlar juda kam boʻlardi, deyarli boʻlmasdi, desak ham xato emas. Albatta, barcha abituriyentga “Hujjating toʻliq emas, ertaga kel”, degan gap aytilar va yoshlarning orzu-umidini bir zumda sindirib qoʻyardi.

Rasmni konvertga solish, qogʻoz papkaning ipi uzilmaganiga almashtirish, qoʻshimcha ikki yoki uchta oq qogʻoz qoʻshish kabi eʼtirozlar eng maydasi boʻlib, roʻparada shu xizmatlarni yoʻlga qoʻygan “rektor rastasi”ga oʻtishga majbur boʻlinardi.

Eng achinarlisi, qabul komissiyasi oldidagi har bir abituriyentni asablari tamom boʻlgan otasi yoki onasi kutardi. Farzandi hujjatini topshirib chiqqanida oʻqishga kirgandek xursand boʻlishardi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda boshlangan eng muhim va hayotiy islohotlardan biri oʻqishga onlayn hujjat topshirish tizimi joriy etilishi boʻldi.

Agar bir paytlar abituriyentlar hujjat yigʻish va qabul komissiyasi oldida soatlab, kunlab navbatda turishga majbur boʻlgan boʻlsa, 2019-yildan boshlab maxsus platforma orqali onlayn roʻyxatdan oʻtish tizimi ishga tushdi.

Abituriyentlar internet orqali oliygoh tanlash, hujjat yuborish va test sanasini bilish imkoniga ega boʻldi. Boshqa hujjatlar — tibbiy maʼlumotnoma, surat, harbiy guvohnoma talab qilinmaydigan tizim shakllandi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali respublika davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun hujjatlar topshirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi belgilandi.

Hujjatga muvofiq, bu tartib taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etildi.

Ammo xorijiy, xususiy hamda harbiy oliy taʼlim muassasalari, oliy taʼlim muassasalari magistraturasi, test sinovlarisiz ijodiy imtihonlar orqali oʻqishga qabul qilinadigan oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ushbu tartibni joriy etish majburiyatidan mustasno etib belgilandi. Shuningdek, ushbu tartib oliy taʼlim muassasalariga xorijlik fuqarolar tomonidan hujjat topshirishga hamda Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish belgilanmagan davlat oliy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydigan boʻldi.

Markazlar, Davlat test markazi hamda oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qoʻllagan holda, faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish orqali amalga oshiriladi.

Abituriyentlar oʻzining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar, istalgan Davlat xizmatlari markaziga davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilishi mumkin boʻldi. Abituriyentlarga markazga murojaat etgan hududda tashkil etiladigan test sinovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Qaror bilan belgilangan yangilanishlar, boshqacha aytganda, uzoq kutilgan qulayliklar ahamiyatini toʻla tushunish uchun oʻsha davrdagi qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazgan boʻlish kerak.

Albatta, hozir bu tarix, bu yoshlikning qaysidir maʼnoda ogʻir kunlari. Bugun har bir yosh smartfoni orqali bir necha daqiqa ichida hujjat topshirish imkoniyatiga ega boʻlarkan, bu davlatimiz rahbarining taʼlim tizimidagi siyosiy irodasi va olamshumul islohotlari samarasidir.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining Yoshlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqida tilga olingan juda koʻplab yoʻnalishlarni bir maqolada qamrab olish imkonsiz. Birgina taʼlim tizimi haqidagi fikrlari ortidan bugun tarixga aylangan mashaqqatli bosqichni yodga oldik.

Taqqosga arziydigan oʻzgarishlar

Yaqin oʻtmishimizdagi qiyinchiliklarga batafsil toʻxtalib oʻtgandan keyin yildan yilga yangi imkoniyatlar yaratilayotgan bugungi kun islohotlarini ham taqqoslab oʻtmasak boʻlmaydi.

Oʻtgan yilgi oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni “Avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga oʻtkazildi.

Unga koʻra, abituriyentlar testni bir marotaba topshirdi va toʻplagan bali bilan dastlab OTMga, bali yetmagan taqdirda professional taʼlim tashkilotiga kirish uchun tanlovda ishtirok etdi. OTMga qabul jarayoni ikki bosqichda oʻtkazildi. Birinchi bosqich roʻyxatdan oʻtish va test fanlarini tanlash boʻlsa, ikkinchisi test natijasi eʼlon qilingandan soʻng taʼlim yoʻnalishi va shaklini tanlashdan iborat boʻldi.

Oldinlari kvotalar OTMlar kesimida shakllangan boʻlsa, bu yildan boshlab taʼlim yoʻnalishlari kesimida eʼlon qilindi. Oʻqishga kirish uchun minimal oʻtish bali ikki bosqichda belgilandi.

Amalda oʻqishga kirish uchun minimal oʻtish bali barcha yoʻnalishlar uchun 56,7 ball edi. Joriy oʻquv yildan bu ball ikki bosqichda oshiriladi. Sogʻliqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yoʻnalishlari uchun oʻqishga kirish 94,5 balldan, boshqa yoʻnalishlar uchun 75,6 balldan boshlanadi.

Magistratura va doktoranturaga qabul jarayonida xorijiy tilni bilish toʻgʻrisidagi sertifikat talabi yengillashtirildi. Xususan, endilikda taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi.

Soha xususiyatidan kelib chiqib, madaniyat, sanʼat, sport, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xoʻjaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yoʻnalishlari boʻyicha sertifikat talabi bir pogʻona — B1 darajasiga tushiriladi.

Sertifikat talabi xorijiy tillar yoʻnalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yoʻnalishlarida B2 darajada saqlanadi.

Davlat granti talabalar uchun taʼlim granti va ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant shaklida ajratildi. Ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun oʻqish davri uchun beriladigan boʻldi.

Taʼlim granti esa har yili qaytadan taqsimlanadi. Yaʼni endilikda grantga kirgan talaba yaxshi oʻqimasa, keyingi yil kontraktga tushishi mumkin. Yoki aksincha, kontraktga kirgan talaba yaxshi oʻqisa, keyingi yili grantga oʻtkaziladi.

Maʼlum qilinishicha, grantni qayta taqsimlash boʻyicha tartib oʻqishga yangi qabul qilinadigan talabalarga taalluqli boʻladi. Yaʼni ilgari grantda oʻqiyotgan talabalarga oʻqishini tamomlaguncha bu qoida tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, yangi tartibga koʻra, taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tugatgandan soʻng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

Hayot oʻzgardi. Davlat oʻz fuqarolari uchun barcha sohalarda keragicha imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Kechagi tizimning mashaqqati, alamini totgan avlod bugungi oʻzgarishlarni koʻrib, shukronasini aytyapti.

Ayni kunlarda imtihon topshirayotgan har bir yosh jiddiy oʻylab koʻrishi kerak, bunday qulaylik va imkoniyatlar osmondan tushmagan. Bunga yetib kelish uchun sinovlardan saboq chiqarib, yangi Oʻzbekistonni qurayotgan meʼmor matonatini qadrlaydigan yetuk avlod millat kelajagini qurishga haqli!

Abu Bakir OʻROZOV,

jurnalist

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech