Prezident Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha ham katta ishlar amalga oshirilayotgani e'tirof etildi. Davlatimiz rahbari joriy yilning o'tgan davrida bu sohada erishilgan uchta asosiy natijaga keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratdi.
Birinchi muhim natija – O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, "Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi sessiyasida sud-huquq tizimida O'zbekiston erishayotgan amaliy natijalarning e'tirof etilgani bu boradagi faoliyatimizga berilgan xolis bahodir".
BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan o'z ma'ruzasini BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etdi. Ushbu ma'ruzada O'zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida qo'lga kiritilgan ijobiy natijalar alohida ta'kidlangan.
D.Garsiya-Sayan sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo'lishiga erishish borasida bir qator tavsiyalar ham bergan. E'tiborli jihati shundaki, sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichida O'zbekiston belgilab olgan yangi vazifalarning mohiyati BMT Maxsus ma'ruzachisining bu boradagi fikrlari bilan uyg'un va hamohangdir.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmonda belgilab berilgan vazifalar mamlakatimizda odil sudlovni to'la ta'minlashga qaratilgani bejiz emas.
Ushbu hujjat O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko'rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta'minlash mexanizmlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ayni chog'da, keyingi davrda sud-tergov amaliyotini tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini o'rganish natijalari jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlash bo'yicha mexanizmlar to'liq ishga solinmaganligidan, shuningdek qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bog'liq bo'shliqlar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Shu bois joriy yil 10 avgustda davlatimiz rahbari tomonidan "Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmon qabul qilindi. Mazkur hujjatni tasdiqlashdan maqsad – mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi printsiplarini ro'yobga chiqarish, jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada takomillashtirishdir.
Kuni kecha, ya'ni 2020 yil 3 sentyabrda Prezidentimiz tomonidan "Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaror imzolangani ham ayni muddao bo'ldi. Nega deganda, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko'rishda ko'pgina vazirlik va idoralar bilan ma'lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o'zaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qog'oz shaklida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga ko'rsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo'yicha ishlarni jadallashtirish talab etiladi.
Ikkinchi muhim natija – davlat rahbari o'z nutqida yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilinganini alohida qayd etdi.
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 22 iyunda imzolangan Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasining maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdir.
Milliy strategiya doirasida 53 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida izchil ish olib borish belgilangan. Jumladan, sud faoliyatiga oid 5 ta Kodeks, ya'ni Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda.
Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari ham shakllantirilayotir. Shuningdek, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida" hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi yangi qonun loyihalarini tayyorlashga kirishildi.
Uchinchi muhim natija – 2020 yil 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab Samarqand veb-forumi o'tkazildi. Ushbu xalqaro anjuman,
O'zbekiston Prezidenti ta'biri bilan aytganda, "nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi".
Xalqaro anjumanda "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Hujjatda, jumladan, yoshlar huquqlari - har kim foydalanishi zarur bo'lgan, ammo ayrimlar yoshining kichikligi tufayli bunday imkoniyatdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan.
Samarqand rezolyutsiyasi hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bog'liq barcha jarayonlarda yoshlarni yanada keng jalab etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining ahamiyatli jihatlaridan yana biri shuki, mazkur xalqaro anjuman ishida 30 dan ortiq O'zbekiston yoshlar tashkilotlari vakillari mamlakatning barcha hududlaridan turib ishtirok etdi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzurida yangi tashkil etilgan Yoshlar parlamentlari vakillarining faolligini alohida ta'kidlash o'rinlidir.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 04.09.2020
- Ko'rishlar: 4059
- Chop etish