"Biz xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo'lidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur". O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ushbu fikrni alohida ta'kidladi.
Bu bejiz emas. Chunki BMT Bosh kotibi ham joriy yilning yanvar oyida xuddi shu yuksak minbardan turib, insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan "to'rt chavandoz" - tobora kuchayib borayotgan global geostrategik tanglik, iqlim o'zgarishlari, xalqaro maydondagi ishonchning inqirozga yuz tutgani va raqamli texnologiyalarni tatbiq etishning salbiy oqibatlari haqida gapirgandi.
Antoniu Guterrishning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so'zlagan ma'ruzasida qayd etilganidek, "panada yana bir chavandoz payt poylab turgan ekan" va bu COVID-19 pandemiyasidir. Bosh kotib jahon hamjamiyatini ana shu "besh chavandoz"ni mag'lub etib, o'zimiz istagan tinch, inklyuziv va barqaror dunyoni o'zaro hamjihatlikda barpo etishga chaqirdi.
Koronavirus pandemiyasi, davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, bunday global falokat sayyoramizda so'nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko'rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o'zaro bog'liq ekanini, o'rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o'ta muhimligini isbotlab turgani ayon haqiqatdir.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidenti har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta'minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklifini ilgari surgani g'oyat muhim ahamiyatga ega. Ushbu hujjatda har bir davlatning o'z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi ko'zda tutilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik yubileyi haqida so'z borganda, 1945 yilda tuzilgan mazkur eng universal xalqaro tashkilot o'tgan davrda dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surib kelayotganini alohida ta'kidlash maqsadga muvofiqdir. Mustaqil O'zbekiston BMTning teng huquqli a'zosi sifatida jahon miqyosidagi va mintaqaviy masalalarni hal etishda ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Bu borada qo'shma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surish, BMT bilan o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilgan va izchillik bilan amalga oshirilmoqda. O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, «O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og'ishmasdan bajarib kelmoqdamiz”.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta'biri bilan aytganda, “Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha sa'y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat so'zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim”.
Haqiqatan ham, O'zbekiston BMT Bosh kotibining Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil to'lishi munosabati bilan «BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh» mavzuidagi turkum Global munozaralar uyushtirish tashabbusini to'la qo'llab-quvvatladi. Mamlakatimizda o'tgan davrda ayni mavzuda bir turkum Global munozaralar tashkil etildi.
Ma'lumki, bundan besh yil avval BMTga a'zo-davlatlar 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qildi. Hozirgi vaqtda O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda.
Albatta, dunyoda COVID-19 pandemiyasining tarqalishi Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda inson huquqlariga rioya etilishiga o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmadi. Xalqaro tashkilotlar koronavirusga qarshi kurashning inson huquqlariga, ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlariga ta'sirini yumshatishga qaratilgan choralarni amalga oshirishga chaqirmoqda.
O'zbekistonda ushbu xatarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralar ko'rilmoqda. Xususan, 14 iyulda “Pandemiya va inson huquqlari” mavzusida milliy on-layn muloqot tashkil etilib, unda parlament palatalari, vazirliklar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur tadbirda BMT agentliklari, Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar Boshqarmasi, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Bundan oldin, 24 iyunda Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz tashabbusi bilan BMT va YEXHT rasmiy vakillari Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi O'rtasaroy karantin markaziga tashrif buyurgan edi.
Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha birinchi ixtiyoriy Milliy sharhini parlament va jamoatchilik muhokamasidan o'tkazdi. Ayni paytda ushbu Milliy sharh BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil sentyabrdagi Barqaror rivojlanish bo'yicha sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasiga bilan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadi tasdiqlangan. Shu asosda 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibini amalga oshirish bo'yicha O'zbekistonning Milliy maqsad va vazifalari ham tasdiqlandi va amalga oshirilmoqda.
Barqaror rivojlanish maqsadlarida (BRM) belgilangan 169 ta vazifaning 92 foizi inson huquqlari bo'yicha xalqaro hujjatlar bilan bevosita bog'liqdir. 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibi “inson huquqlarini barcha uchun amalga oshirishga intilish” tamoyili ijrosiga qaratilgan bo'lib, BRM maqsadlarning aksariyati inson huquqlari bo'yicha xalqaro hujjatlar qoidalarini o'zida aks ettiradi.
Xususan, Barqaror rivojlanishning “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” deb nomlangan 16-maqsadi shaxsiy va siyosiy huquqlarni qamrab olgan. Ushbu maqsad asosan shaxsiy xavfsizlik, odil sudlovga erishish va asosiy erkinliklar sohasidagi institutsional islohotlarni ko'zda tutadi.
Xalqaro hamjamiyat ushbu nihoyatda murakkab maqsadga erishish jarayonida “hech kim ortda qolmaydi” tamoyilini yakdillik bilan amalga oshirmoqda. Bu, o'z navbatida, inson huquqlari sohasidagi tenglik va kamsitilmaslik tamoyillarini to'liq ifoda etadi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarining inson huquqlariga rioya qilishga asoslanishi, albatta, ularning aksariyat qismi inson huquqlari bo'yicha milliy, mintaqaviy va xalqaro mexanizmlar tomonidan monitoring qilinishini anglatadi. Binobarin, har yili davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari monitoringi bo'yicha turli mexanizmlari orqali o'rtacha 70 tadan ko'proq tavsiya oladi.
Universal davriy hisobot mexanizmi doirasida 2007 yildan boshlab, BMTga a'zo 193 ta davlat uchun 68 mingtadan ortiq tavsiya ishlab chiqilgan. Ushbu tavsiyalarni tizimli va samarali amalga oshirishi uchun davlatlar ularni BRMning maqsadlariga oid tematik guruhlarga bog'lab ijro qilmoqda.
Bu muhim jarayonni O'zbekiston misolida tahlil qilsak, BMTning shartnomaviy qo'mitalari, maxsus ma'ruzachilari hamda Universal davriy hisobot mexanizmi doirasida mamlakatimizga 868 ta tavsiya bildirilgan. Shundan 460 tasi, ya'ni 53 foizi bevosita BRM bilan bog'liqdir.
Jumladan, 2018 yilda BMTning Inson huquqlari kengashi tomonidan ko'rib chiqilgan Uchinchi hisobot bo'yicha 212 ta tavsiyaning aksariyat qismini BRMning sifatli ta'lim, gender, munosib mehnat, kambag'allikni qisqartirish va odil sudlovga doir maqsadlari qamrab oladi. Oliy Majlis palatalari tomonidan ushbu tavsiyalarni bajarish maqsadida Milliy harakat rejasi tasdiqlangani diqqatga loyiqdir.
Yangi O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha yangi xalqaro shartnomalar qabul qilinishi tashabbusi bilan chiqmoqda. Bunday tashabbuslarning amaliy ifodasini, jumladan, keyingi davrda BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani, shuningdek BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiyasi loyihasi ishlab chiqilgani misolida ko'rish mumkin. Yurtboshimiz 75-sessiyadagi nutqida mazkur hujjatni qabul qilish zaruratiga xalqaro hamjamiyat e'tiborini yana bir bor qaratdi.
Shuni ham qayd etish joizki, 2019 yil fevral oyida BMT Inson huquqlari kengashining yuqori darajadagi Segmenti doirasida O'zbekiston 2021-2023 yillarda ushbu Kengashga a'zo bo'lish uchun o'z nomzodini ilgari surishi to'g'risida bayonot bergan. Shundan so'ng mavjud tartib-qoidalarga asosan nomzodlik BMT Bosh Assambleyasi ro'yxatidan o'tkazildi va diplomatik sa'y-harakatlar boshlab yuborildi.
BMT Bosh Assambleyasining 60/251-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, 2019 yil oktyabr` oyida BMTning “Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar" hujjati tadqim etildi. Ixtiyoriy majburiyatlarning qisqacha tahliliga taalluqli yana 2 ta hujjat ham tayyorlandi.
O'zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalaga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada kelgusida bajariladigan vazifalar ham aks ettirilgan. Xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari batafsil tavsiflangan.
Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirish belgilangan. Bugun rejadagi ayrim ixtiyoriy majburiyatlarni bajarishga kirishilganini alohida ta'kidlash o'rinlidir.
Xususan, BRM hamda BMTning barcha tuzilmalari tavsviyalarini inobatga olgan holda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu Strategiya to'g'risidagi ma'lumot BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari qarorlarini ko'rib chiqish tartibi to'g'risidagi Nizom tasdiqlandi.
Inson huquqlari sohasidagi ta'limga e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda parlament tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi. Barcha ta'lim muassasalaridagi ta'lim jarayoniga “Inson huquqlari” maxsus o'quv kursi kiritilmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni monitoring qilish bo'yicha parlament vakolatlari kengaytirildi:
- may oyida ilk bor parlament palatalari tomonidan maxsus axborot ko'rib chiqildi;
- inson huquqlari bo'yicha BMT organlari tavsiyalarini bajarish bo'yicha “yo'l xaritalari”ni tasdiqlash amaliyoti shakllantirildi, natijada bugungi kunga qadar 5 ta “yo'l xaritasi” tasdiqlandi;
- hozirda inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha parlament komissiyasi tuzish masalasi muhokama qilinmoqda.
Darvoqe, O'zbekistonning BMT minbaridan yangragan yana bir yangi tashabbusi: Prezidentimiz Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
O'zbekiston Prezidentining bu va boshqa tashabbuslari ham xalqaro tashkilotlar, xususan, Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi M.Chungong tomonidan qo'llab-quvvatlangani e'tiborga molikdir. Zero, Parlamentlararo ittifoq eng keksa xalqaro parlament tashkiloti bo'lib, bundan 130 yil oldin, ya'ni 1889 yilda tashkil topgan.
Bugungi kunda nufuzli tashkilot dunyoning 179 ta mamlakati parlamentlari va 13 ta parlamentlararo tashkilotni birlashtirgan. Parlamentlararo ittifoqning maqsadi parlamentarizmning rivojlanishi, inson huquqlari va ayol parlamentariylar huquqlariga rioya qilinishi, shuningdek millatlararo tinchlik o'rnatish hamda xalqaro xavfsizlikni saqlash ishlariga ko'maklashishdan iborat.
Tashkilot qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan bo'lib, BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va mazkur xalqaro tashkilotning maqsad-vazifalarini qo'llab-quvvatalaydi. Tashkilot vakillari BMT organlari, jumladan BMTning inson huquqlari bo'yicha organlari va shartnomaviy qo'mitalarining yirik tadbirlarida ishtirok etadi.
O'zbekiston Parlamentlararo ittifoqqa a'zoligini ushbu tashkilotning 2017 yilgi 137-Assambleyasida tiklagan. Hozirgi paytda O'zbekiston parlamenti a'zosi mazkur tashkilotning vitse-prezidenti lavozimiga saylangan.
Parlamentlararo ittifoq rasmiy saytida ta'kidlanganidek, «Parlamentlararo ittifoq O'zbekiston parlamentining xalqaro standartlarni milliy darajada tatbiq etishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarini qutlaydi».
Parlamentlararo ittifoq tavsiyalariga muvofiq, O'zbekiston parlamenti a'zolari tomonidan yaqinda bir qator xalqaro va milliy tashkilotlar vakillari ishtirokida videokonferentsiya o'tkazildi. Unda BMT Bosh Assambleyasi 1966 yili qabul qilgan va 1976 yili kuchga kirgan ko'p tomonlama shartnoma – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning bajarilishi bilan bog'liq jarayonlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O'zbekiston parlamenti inson huquqlarini ta'minlash masalasini tobora faollik bilan ilgari surayotgani Parlamentlararo ittifoqning alohida e'tiborida turibdi. Xususan, 2018 yilda inson huquqlarining himoya qilinishi va BMT tavsiyalarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini o'rnatish mexanizmi ishlab chiqildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi BMT inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari bilan hamkorlik bo'yicha Harakatlar rejasini qabul qildi va o'z tarixida ilk bor inson huquqlari bo'yicha dastlabki parlament ma'ruzasini chop etdi.
Joriy yilning 20 may kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2018 yil 4 maydagi Qo'shma qarori bilan tasdiqlangan din va e'tiqod erkinligini ta'minlash, sohadagi taklif va tavsiyalarni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ijrosi yuzasidan parlament eshituvi o'tkazildi. Videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan ushbu parlament eshituvida boshqa xalqaro tashkilotlar kabi Parlamentlararo ittifoq vakili ham ishtirok etdi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha halqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to'g'risidagi Axboroti ham birinchi marotaba eshitildi.
Yana bir muhim jihat: "fuqarosizlik" muammosi keyingi o'n yilliklar davomida Parlamentlararo ittifoq faoliyatining ustuvor sohasi bo'lib kelgan. 2018 yilda Parlamentlararo ittifoq BMTning Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari bilan hamkorlikda siyosatchilar va qonun chiqaruvchilar uchun "Fuqarosizlik holatlarini kamaytirish va unga barham berish borasida fuqarolikka doir qonuchilik sohasidagi ilg'or tajriba" nomli rahbariy qo'llanmani nashr ettirdi.
Bu hujjat fuqarosizlik bilan bog'liq yangi holatlarning samarali oldini olish va uni kamaytirish uchun ko'maklashishga qaratilgan. Shu ma'noda, Prezidentimizning 75-sessiyadagi nutqida qayd etilganidek, joriy yilning o'zida 50 ming yurtdoshimizga O'zbekiston fuqaroligi berilgani alohida e'tiborni tortadi.
Shunday qilib, davlatimiz rahbari e'tirof etganidek, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O'zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
Bunda, mamlakatimizning nafaqat hamkor mamlakatlar bilan ikki tomonlama, balki xalqaro va mintaqaviy nufuzli tashkilotlar bilan ko'p tomonlama o'zaro yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo'lidan izchil odimlayotgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Mirzatillo Tillaboev,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari
("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 10 oktyabr)
- Qo'shildi: 20.10.2020
- Ko'rishlar: 4052
- Chop etish