Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyaning dastlabki samaralari

Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlanganiga uch oy bo'ldi.

Milliy strategiyaning maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdir.

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz  yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so'z yuritib, xususan, yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilinganini alohida ta'kidlagani bejiz emas.

Bu haqda so'z borganda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning oltita tilida nashr etilgani va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilganini alohida qayd etish lozim.

Milliy strategiyani tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning Rasmiy hujjatlar tizimiga ham  joylashtirildi. Natijada dunyo jamoatchiligi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va frantsuz tillaridagi matni bilan tanishishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi.

Bunda, shubhasiz, ushbu hujjat loyihasini tayyorlashda xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalari inobatga olingani muhim ahamiyatga ega bo'ldi.

Milliy strategiya Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishning dolzarb masalalarini har tomonlama o'rganish, amaldagi qonun hujjatlari, huquqni qo'llash amaliyoti va maqbul xorijiy amaliyot tahlili, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijalari asosida ishlab chiqilgan.

Milliy strategiya doirasida 53 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida izchil ish olib borish belgilangan.

Ma'lumki, O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi» tasdiqlangan.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Milliy strategiya va «Yo'l xaritasi»ning sifatli hamda o'z vaqtida amalga oshirilishi bo'yicha doimiy monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan.

Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu o'rinda 20 ta yangi qonun loyihalari, mavjud qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha 4 ta qonun loyihasi va amaldagi 9 ta qonunning yangi tahrirdagi loyihalari haqida so'z bormoqda.

Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz monitoringi natijalariga ko'ra, birinchi navbatda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 17 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzolagan. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o'tgach kuchga kiradi.

Yangi Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi. Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo'lib, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalashga xizmat qiladi.

O'z navbatida, xalqaro hujjatlar, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, BMT va YEXHTning tegishli normativ hujjatlariga tayangan holda, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun loyihasining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga bo'lgan huquqini, dinga bo'lgan munosabatdan tashqari fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo kelishuvni ta'minlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi bilan hamkorlikda 2020 yil 4 sentyabr` kuni mazkur qonun loyihasini muhokama qilish bo'yicha onlayn maslahatlashuvlar o'tkazdik. Ushbu taqdimotda taniqli xalqaro va xorijiy ekspertlar tomonidan O'zbekistonda keyingi to'rt yil davomida vijdon erkinligi sohasida amalga oshirilgan islohotlar alohida e'tirof etildi. Xalqaro tadbir ishtirokchilari, shuningdek mazkur qonun loyihasi yuzasidan o'z fikr va mulohazalarini bildirdilar. 

Umuman olganda, qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasiga qo'yilganidan so'ng uni takomillashtirishga qaratilgan ko'plab takliflar kelib tushdi.

Bu, o'z navbatida, loyihani yanada maromiga yetkazish imkonini berdi. Qonun loyihasining ingliz tilidagi matni Venetseya komissiyasining rasmiy saytida ham bor.

Shu yil 15 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi muhokama etildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko'rib chiqilib, birinchi o'qishda qabul qilindi.

Ayni paytda “Aholi bandligi to'g'risida”gi hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ma'qullangan. Mehnat kodeksining yangi tahriri loyihasi esa kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.

Shu bilan birga, sud faoliyatiga oid 5 ta Kodeks, ya'ni Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda.

Sud`yalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari ham shakllantirilmoqda. Shuningdek, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida" hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi yangi qonun loyihalarini tayyorlashga kirishilgan.

Milliy strategiya ijrosi doirasida joriy yil 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab Samarqand veb-forumi o'tkazildi.

Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi, O'zbekiston Prezidenti ta'biri bilan aytganda, "nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi".

Xalqaro anjumanda "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Doimiy kengashining yaqinda bo'lib o'tgan majlisi yakunida Samarqand rezolyutsiyasi YEXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyatining rasmiy xati bilan esa Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining yakuniy hujjati IHTga a'zo barcha davlatlarga yuborilgan.

Ayni paytda Samarqand  rezolyutsiyasi matni BMTning Rasmiy hujjatlar tizimida A/74/998 raqami ostida joylashtirilgan. Mazkur hujjat Mustaqil davlatlar hamdo'stligi (MDH) rasmiy saytida ham e'lon qilingan. Bularning barchasi bejiz emas. Chunki Samarqand rezolyutsiyasida, jumladan, yoshlar huquqlari – har kim foydalanishi zarur bo'lgan, ammo ayrimlar yoshining kichikligi tufayli bunday imkoniyatdan mahrum etilgan huquqlar ekaniga alohida e'tibor qaratilgan. Bu hujjat hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bog'liq barcha jarayonlarda yoshlarni yanada keng jalab etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda bu loyiha, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Markazda, shuningdek “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi farmon loyihasi tayyorlandi. Bundan tashqari, “O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qaror loyixasi ishlab chiqildi.

Hozirgi vaqtda ushbu hujjatlar O'zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali – regulation.gov.uz ga joylashtirilgan.

Shunday qilib, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi»da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan 2020 yil 10 sentyabr holatidagi monitoring natijalari «Yo'l xaritasi»ning jami 78 bandidan 17 tasi bo'yicha ijro muddati yakunlangani, 7 ta band bo'yicha ishlar o'z muddatida bajarilganini ko'rsatdi.

«Yo'l xaritasi»ning 2 ta bandida belgilangan vazifalar hatto muddatidan oldin ado etilgani e'tiborlidir.

Bugungi kunda muddati yetgan 8 ta band ijrosi bo'yicha qizg'in ish bormoqda. Ijro muddati yakunlanmagan 61 ta banddagi vazifalarni amalga oshirish bo'yicha ishlar ham izchil davom etmoqda.

Shu bilan birga, «Yo'l xaritasi»dagi ayrim bandlarda belgilangan vazifalarning bajarilishi bo'yicha ma'lumotlar mas'ul tashkilotlar tomonidan o'z vaqtida taqdim etilmagani kuzatildi. Ushbu holatning sabablari koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq murakkab ish sharoitlariga borib taqalmoqda, degan fikrdamiz.

Lekin, bu degani – Prezident Farmonida belgilangan muhim vazifalar ijrosiga beparvolik bilan yondashish mumkin ekanini anglatmaydi, aslo. Davlatimiz rahbari doimo ta'kidlab kelayotganidek, pandemiya inqirozi sharoitida ham qat'iy intizom va samaradorlik bilan ishlashga barchamiz birdek burchlimiz.

Fursatdan foydalanib, ommaviy axborot vositalari vakillariga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Nega deganda, qisqa fursatda xorijiy hamda milliy ommaviy axborot vositalarida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati keng yoritildi.

Tahlillarimizga ko'ra, bu jarayonda hozirga qadar jami 80 ta, shu jumladan 49 ta elektron, 16 ta bosma milliy ommaviy axborot vositasi va 15 ta xorijiy ommaviy axborot vositasi faol ishtirok etdi.

Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
("Kuch - adolatda" gazetasi, 2020 yil 25 sentyabr)

Powered by GSpeech