Bugun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan koronavirusning naqadar tez tarqalayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Jahonning 184 ta mamlakatiga changal solib ulgurgan COVID-19 pandemiyasi avvalo insonning ikkita asosiy huquqi - sog'ligi va hayotiga shafqatsizlarcha daxl qilmoqda.
"Johns Hopkins University" tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, 2020 yil 10 aprel holatiga, dunyo miqyosida koronavirusdan zararlanganlarning umumiy soni 1 million 601 ming 984 nafar kishiga yetgan. Ulardan 355 ming 66 nafari kasallikdan sog'aygan, 95 ming 731 nafari vafot etgan.
Ma'lumki, insonning ofiyati, ya'ni sog'-salomat yurishi uning tibbiy xizmatdan foydalanishga doir asosiy konstitutsiyaviy ijtimoiy huquqi qanchalik ta'minlanganiga bog'liq. Shu ma'noda, har kim davlatga qarashli va nodavlat tibbiy muassasalarda malakali tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.
Davlat esa aholi sog'lig'ini muhofaza qilish va mustahkamlash, insonlar uchun qulay ekologik va sanitariya-epidemiologiya sharoitlarini yaratishda yordam berish kabi majburiyatlarni zimmasiga oladi. Bunda davlatlarga Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ko'maklashadi.
Yashash huquqi - insonning xalqaro huquq va aksariyat demokratik davlatlar Konstitutsiyalari, shu jumladan, O'zbekiston Konstitutsiyasi bilan himoyalangan asosiy shaxsiy huquqlaridan biridir. Bu huquq har bir insonning tug'ilishi bilan vujudga keladi va butun hayoti davomida ajralmas huquqi bo'lib qoladi.
Hozirgi vaqtda xalqaro hamjamiyatning asosiy e'tibori koronavirus tufayli insonning ana shu uzviy huquqlarini ta'minlash borasida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Dunyo bo'ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o'z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog'lig'i yo'lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo'lmoqda".
Afsuski, koronavirusning kutilmagan darajadagi keng qamrov va jadal sur'atlarda tarqalishi manaman degan iqtisodiy baquvvat davlatlarni ham anchayin shoshirib qo'ymoqda. Bir tomondan, davolash joylari, tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar taqchilligi kuzatilsa, boshqa tomondan, tibbiyot mutaxassislari, shifokor va hamshiralar yetishmasligi pand bermoqda.
Bu bejiz emas, albatta. Ayrim ekspertlarning fikricha, XX asrning 80-yillarida hayotning deyarli barcha sohalariga ta'sir ko'rsatgan neoliberal siyosat ko'plab mamlakatlarda sog'liqni saqlash tizimida aholi salmog'ining sezilarli darajada kamayishiga olib kelgan. O'z navbatida, sog'liqni saqlash tizimining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi global moliyaviy inqirozdan keyin kuchga kirgan tejamkorlik siyosati sabab butkul susaygan.
Oqibatda ba'zi G'arb mamlakatlarining sog'liqni saqlash tizimi bugungi epidemiyaga bardosh bera olmadi. Endilikda jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan haqli tanqidlarni inobatga olgan holda, ko'plab mamlakatlarda sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish masalasi tez orada kun tartibiga chiqishi aniq.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda butun dunyoda hamshiralar taqchilligi 5,9 million nafarni tashkil qiladi. Bu taqchillik Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Sharqiy O'rta yer dengizi mintaqasi va Lotin Amerikasining bir qator davlatlarida ayniqsa kuchli sezilmoqda.
Mutaxassislarning tavsiyasiga ko'ra, hamshiralar yetishmasligining oldini olish uchun bunday muammoga to'qnash keluvchi davlatlar ushbu sohadagi bitiruvchilar sonini o'rtacha 8 foiz oshirishi lozim. Shu bilan bir qatorda, ular uchun ish o'rinlari tashkil etish taqozo qilinadi.
Bu haqda fikr yuritganda, O'zbekistonning tibbiyot sohasi mutaxassislarini tayyorlash borasidagi yangi tashabbusi tahsin va ibratga munosib ekanini ta'kidlash o'rinlidir. Biz Prezidentimizning 2020 yil 7 aprelda qabul qilingan «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorini nazarda tutmoqdamiz.
Qarorga muvofiq, 2020/2021 o'quv yilidan boshlab O'zbekistonning barcha hududlaridan jami 47 ta tibbiyot kolleji Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etiladi. Ularda malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Bularning barchasi xalqimiz salomatligini o'ylab amalga oshirilayotgan ezgu ishlardir.
Ushbu texnikumlarning moddiy-texnik bazasi yanada kuchaytirilib, o'quv-simulyatsiya auditoriyalari ochiladi. O'quv rejalari va fan dasturlari ilg'or xorijiy tajribalar asosida takomillashtiriladi. Jumladan, valeologiya, tibbiy psixologiya, dietologiya, kineziologiya, reabilitologiya fanlarini chuqurlashtirilgan holda o'qitish yo'lga qo'yiladi.
Prezident qaroriga ko'ra, tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining malakali professor-o'qituvchilarini jalb qilgan holda mazkur texnikumlarda masofaviy ta'lim dars mashg'ulotlarini o'tkazishga alohida e'tibor qaratiladi. Bu texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan yoshlar tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida imtihonsiz, suhbat orqali bakalavriatning 2-kursidan o'qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Yana bir muhim yangilik: O'zbekistonda jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari sohasida oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash bo'yicha alohida tibbiyot oliy ta'lim muassasasi tashkil etiladi.
Qarorning mazmun-mohiyatini atroflicha o'rganib, u koronavirus pandemiyasining vaqtinchalik muammolari taqozosi bilan qabul qilingan hujjat emas, balki Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida tizimli asosda qabul qilingan istiqbolli dasturiy qaror ekaniga amin bo'ldik.
Unda ushbu sohadagi yaqin va uzoq muddatli muhim vazifalarni o'zida qamragan, sohada boshlangan shiddatli islohotlarni yanada yuksak bosqichga ko'tarishga qaratilgan muhim tashabbuslar o'z aksini topgan. Bu fikrimizni quyidagi dalillar ham tasdiqlaydi.
Xususan, 2021 yil 1 yanvarga qadar N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti va Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo'shma ta'lim dasturlari asosida xalqaro fakul`tetlar va filiallarni ochish choralari ko'riladi.
Xalqaro Vestminster va Akfa universitetlarini jalb qilgan holda, ushbu universitetlar hamda tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida 2020/2021 o'quv yilidan boshlab sog'liqni saqlash sohasi uchun menejer mutaxassislarni tayyorlash bo'yicha magistrlik yo'nalishi ochiladi.
Bundan tashqari, yangi o'quv yilida boshlab tibbiyot yo'nalishida davlat granti asosida qabul kvotalari hududlarning shifokorlarga bo'lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bu o'rinda 2020?2021 o'quv yilidan e'tiboran bakalavriatning «Davolash ishi», «Pediatriya ishi» va «Kasbiy ta'lim (davolash ishi)» yo'nalishlari bo'yicha davlat granti asosida qabul kvotalari tuman va shaharlar kesimida shakllantirilishi haqida so'z bormoqda.
Bitiruvchilarni yashash bo'yicha ro'yxatga olingan joyidan qat'iy nazar qabul kvotasida ko'rsatilgan tuman yoki shaharda kamida 5 yil ishlash majburiyati kiritiladi va istisno holatlarning ro'yxati belgilanadi. Vrachlarga ehtiyoj yuqori bo'lgan hududlar uchun kelgusi o'quv yilida bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o'qishga qabul parametrlari 50 foizgacha oshiriladi.
Shuningdek, 2020?2021 o'quv yilidan boshlab klinik ordinatura talabalarining bitiruv kursini hududiy tibbiyot markazlarida tashkil etish tizimi yo'lga qo'yiladi. Sog'liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabarida qayd etilishicha, ushbu choralar amaliyotga yo'naltirilgan tibbiy ta'limni rivojlantirish va hududlarni tor mutaxassisliklar bo'yicha vrachlar bilan ta'minlashga xizmat qiladi.
Bakalavriat va magistratura o'quv rejalaridagi mutaxassislikka oid bo'lmagan fanlar 2 barobar qisqartiriladi. Ularning o'rniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o'rganish fanlari kiritiladi.
Joriy yil 1 sentyabrdan Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Farg'ona shaharlarida joylashgan tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etiladi. Ilmiy darajaga ega tibbiy xodimlar maoshi sezilarli darajada oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning yangi qarorida tibbiyot sohasi uchun yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy ta'lim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta'minlash, shuningdek, 2019–2025 yillarda O'zbekiston Respublikasining sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish kontseptsiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish asosiy maqsad qilib qo'yilgan.
Eng muhimi, O'zbekistonda tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilmoqda.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 10.04.2020
- Ko'rishlar: 4941
- Chop etish