– Dunyoning aholisi ko‘p ba’zi shaharlarida o‘zgaruvchan iqlim tufayli qurg‘oqchilik, suv toshqini tez-tez kuzatilib turadi, chunki harorat ko‘tarilishi global suv aylanishiga putur yetkazmoqda, – deyilgan “WaterAid” xayriya tashkiloti tadqiqotida.
Dunyoning 100 dan ortiq shunday gavjum shahridan to‘plangan 42 yillik ob-havo ma’lumotini o‘rgangan izlanuvchilar Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda favqulodda yog‘ingarchilik hodisasi ko‘payib, Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika esa quruqshab borayotganini aniqlashdi.
Xitoy sharqidagi Xanchjou shahri va Indoneziya poytaxti Jakarta tez sur’at bilan uzoq davom etgan suv toshqini va qurg‘oqchilikdan jabr ko‘rgan shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.
So‘rovda qatnashgan shaharlarning 15 foiziga yaqini kuchli toshqin va qurg‘oqchilik xavfi ortib borayotgan hududga aylangan. Ayni ro‘yxatda Texasdagi Dallas, Xitoydan Shanxay va Iroq poytaxti Bag‘dod ham bor. O‘tgan yil Xanchjou 60 kundan ko‘proq vaqt davomida o‘ta yuqori harorat bilan rekord o‘rnatdi va o‘n minglab odamni ko‘chirishga majbur qilgan kuchli suv toshqini ham sodir bo‘ldi.
Shaharlarning beshdan birida iqlim sharoiti kutilmaganda o‘zgarib boryapti: Shri-Lanka poytaxti Kolombo va Hindiston moliya markazi Mumbayda iqlim keskin o‘zgarib, kuchli namgarchilik kuzatilyapti, Misr poytaxti Qohira va Gonkong esa quruqroq.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Kardiff universiteti Suv tadqiqoti instituti xodimi Maykl Singer so‘zlariga ko‘ra, suvdan yuqori darajada samarali foydalanish yoki toshqin ta’sirini yumshatish uchun zarur infratuzilma yaratgan ko‘plab shaharlar endi boshqacha sharoitga tayyorlanishi, xususan investitsiya kiritishi kerak. Ijobiy o‘zgarish kutiladigan bir necha shahar qatoriga esa Tokio, London va Guanjou kiradi. Bu uch kentda 2002-2023 yillar oralig‘ida nam avvalgi yigirma yilga qaraganda ancha kam kuzatilib, quruq oylar ko‘paygan.
S.Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 17.04.2025
- Ko'rishlar: 219
- Chop etish