Islohotlar samarasi: O‘zbekiston “Sustainable Development Report” reytingida o‘n to‘qqiz pog‘ona yuqoriladi

Munosabat

Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari mamlakatning xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2025 yil uchun e’lon qilingan “Sustainable Development Report 2025” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 193 davlat orasida 62-o‘rinni egalladi va Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichi bo‘yicha jahon miqyosida e’tirof etildi.

Taqqoslash uchun aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston 2024 yilga nisbatan 19 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez taraqqiyot etayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etildi. Bu natija nafaqat raqamlar orqali, balki aholining kundalik hayoti, turmush tarzi va ijtimoiy barqarorlikda ham o‘z ifodasini topmoqda.

Aytib o‘tish joizki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2015 yilda qabul qilingan 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari dunyo mamlakatlari uchun iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishning uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan muhim “Yo‘l xaritasi” sifatida xizmat qilmoqda. Bu maqsadlar 17 ta asosiy yo‘nalish va 169 ta vazifani o‘z ichiga olib, qashshoqlikka barham berish, ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash, gender tengligi, ekologik barqarorlik va samarali boshqaruv kabi dolzarb masalalarni qamrab oladi.

Mamlakatimizda ham mazkur ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan milliy maqsad va vazifalar qabul qilindi. U orqali O‘zbekiston 16 ta maqsad va 126 ta vazifani ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi”, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyalaridagi maqsad va vazifalar BRMga hamohangligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Mazkur strategiyalar doirasida O‘zbekistonda bir nechata muhim yo‘nalishlarda ijobiy o‘zgarishlar qilindi. Buni ta’lim sohasida maktablar, oliygohlar va kasb-hunar ta’limi tizimi isloh qilinib, yangi texnologiyalar, xalqaro dasturlar joriy etilganligi, sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy klinikalar, maxsus tibbiy markazlar tashkil qilinib, bolalar va onalar o‘limi kamayishi kabi ijobiy o‘zgarishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Jumladan, sifatli ta’lim yo‘nalishida “Maktablarni rivojlantirish” dasturi qabul qilindi, xorijiy tillarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimi qo‘shimcha 1000 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy qilindi, ayni vaqtda boshqa maktablarga joriy qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Oliy ta’lim qamrovi 2017 yildagi 9 foizdan 2025 yilga kelib 42 foizga yetdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Ekologik barqarorlik yo‘nalishida “Yashil iqtisodiyot” dasturi qabul qilinib, 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming MVt hamda jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish rejalashtirildi. Orol dengizi atrofida 1,5 million gektar maydonda saksovul ekildi, bu ekologik vaziyatni yaxshilashga yordam berdi. Kelgusida bu mintaqadagi o‘rmonzorlar ulushi 2,3 million gektarga yetkaziladi.

Qolaversa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida mamlakatda kambag‘allik darajasi sezilarli darajada pasaydi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muhim yutuqlarga erishildi. Umuman olganda yuqoridagi kabi jamiyat va aholimiz kundalik hayotida his qilib yashayotgan ijobiy o‘zgarishlarga yuzlab misollar keltirish mumkin.

Shu bois, “Sustainable Development Report 2025” indeksidagi yuksalish faqat xalqaro tan olinish emas – bu natijalarning aholining hayotidagi o‘zgarishlari bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Hisobotda ta’kidlanganidek, hali hech bir davlat SDG maqsadlarining barchasini to‘liq amalga oshirmagan. O‘zbekiston ham hali oldinda ko‘p ishlar turganini, ayniqsa, ekologik barqarorlik, gender tengligi, kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalarda yanada kengroq islohotlarni amalga oshirish zarurligini ilgari suradi.

Biroq, 2025 yildagi natija O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘l tanlangani, milliy islohotlar samara berayotgani va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ko‘rsatadi. Bu mamlakatning kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech