Italiyaning Milan shahri sudi jurnalist Juliya Kortezini ijtimoiy tarmoqda Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini haqorat qilgani uchun jarimaga tortdi. Bu haqda “Stampa” gazetasi yozgan.
2021 yil oktyabrda, hali Meloni hukumat rahbarligiga tayinlanmagan payt Korteze “Italiyalik qardoshlar” o‘ng partiyasi yetakchisi suratini chop etgan. Rasmda siyosatchi uy sharoitida diktator Benito Mussolini portreti qarshisida turgani tasvirlangan. O‘shanda Meloni ijtimoiy tarmoq sahifasida surat haqiqiyligini inkor etdi va muallifni sudga berish bilan tahdid qildi. Bunga javoban Juliya yana ikki haqoratomuz izoh qoldirdi.
Bugun sud 36 yoshli Korteze zimmasiga tuhmat qilgani uchun jabrlanuvchiga 5 ming yevro to‘lash majburiyatini yukladi. Aybdor qo‘shimcha jarima uchun 1200 va sud harajatini qoplashga 3500 yevrodan ham kechishiga to‘g‘ri keladi.
Hukm o‘qilgandan keyin Meloni tushgan mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirishini ma’lum qildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 19.07.2024
- Ko'rishlar: 1294
- Chop etish