Jadidlar ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini qanday baholagan?

Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi. Jadid ajdodlarimiz oila masalasi haqida so‘z yuritar ekan, xotin-qizlarni jamiyatning teng va haqiqiy a’zosiga aylantirishning birdan-bir yo‘li ularning ma’naviy va ma’rifiy ravnaq etishidadir deb hisoblaganlar.

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Turkiston viloyatining gazeti”, “Samarqand” gazetalari, “Oyina” jurnali va bir qator matbuot sahifalarida o‘zining xotin-qizlarga oid qarashlarini yoritib borgan. U “Sayohat xotiralari”da “O‘lkamizda bizning ayollarning ahvoli nihoyatda qattiq muhokamaga muhtoj”, deya yozgan. 

Darhaqiqat, o‘sha davrda Turkistonda ayollarining saylov ishlarida ishtiroklari juda og‘ir bo‘lgan. Xotin-qizlarning saylovda qatnashishi ahamiyati haqida Behbudiy: “Toshkent shahrida 48 ming ruslar va askarlar bor, bunga nisbatan 44 ming musulmon erkaklar va 39 ming musulmon ayollar yashaydi. Agar saylovda ayollar ishtirok qilishmasa, albatta, ruslar saylovda muvaffaqiyatga erishishlari mumkin. Behbudiy “Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi”da “Millatning yigirma yoshig‘a yetub ahliyat paydo qilg‘on har bir fardi: er bo‘lsin, xotun bo‘lsun – sinf, din va mazhab ayirmasig‘a boqmasdan – saylamoq va saylanmak haqina molikdur”, degan bandini kiritadi. 

U meros masalasida ayollarning huquqi haqida “Oyina” jurnalining 1915 yil 13-sonida “Bizni kemirguvchi illatlar” nomli maqola yozadi. Unda vafot etgan kishining molidan avval mayitga kerakli sunnat va isrofsiz kafan qilib, dafnga sarf qilinishi, so‘ngra qarzi ado etilishi, undan ortgan mollarni esa ayoliga va sag‘irlariga taqsim qilinishi kerakligi haqida aytadi.

 “Biz, bil’aks, kafandan so‘ngra qarzg‘a bermay va hatto, sag‘ir va benavo xotunlarni merosini yirtish, azoyi, sadaqa, hayrot, bilmayman, nimalar ujrasi deb qarzdan, varasadan ilgari taqsim qilib olarmiz. Ba’zi bir bechora sag‘ir va mushtipar ayollar merosdan va haqlaridan noqis olurlar”, deydi. 

Ta’lim olish masalasida Behbudiy zamonasining barcha muammolari ustida bosh qotiradi. Davrning muhim muammolaridan biri esa xotin-qizlar savodi masalasi edi. Taraqqiyparvar ziyolilar Turkiston kelajagi onalarimizning savodli bo‘lishi bilan bog‘liq hodisa deb baholaganlar. 

Shu sabab xotin-qizlar savodini oshirish, ularni maktablarga tortish masalalari ko‘tariladi. Shu mazmunda “Turkiston viloyatining gazeti”da “Fayzulla” imzosi bilan “Xotunlarg‘a ilm lozimmi?” degan maqola chop etiladi. Unda ayollarni o‘quv-o‘qutuv ishlariga jalb qilish kerakligi aytiladi. 

“Xotunlarg‘a ilm lozimmi?” degan savolga javob berishda Behbudiy o‘z so‘zini Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan “Talabul ilm har muslim va muslimag‘a farzdur” degan hadis bilan boshlaydi. Davomida Qur’onda ayollarga xos hukmlardan tashqari barcha ishda ayol-u erkakka bir xil xitob qilingani, ular zimmasiga erkaklardan ko‘proq bir qancha farz, vojib, sunnat orttirilgani, shar’iy hukmlarni ijro etishda ilm va o‘quvdan boshqa vosita yo‘q ekani holda, xotinlarning o‘qishlari lozimligini yolg‘iz ko‘r va munofiq mutaassib inkor va shubha etishini yozadi. 

Behbudiyning bu fikrini Fitrat ham “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari” kitobida “Ilm diniy va dunyoviy ishlarni bajarish uchun zarurdir” jumlasi bilan tasdiqlaydi. 

Sadriddin Ayniy tili bilan aytganda: “Mahmudxo‘ja yurtining ehtiyojiga qarab muharrir-da bo‘ldi, muallim-da bo‘ldi, gazetachilik qildi, maktab kitoblari yozdi, tiyotrchilik qildi, siyosiy ishlarg‘a ishladi, xalqg‘a siyosiy fikr berdi, xalqning iqtisodiy va ijtimoiy ahvolini isloh qilmoq uchun maqsud va ijtimoiy olim bo‘lib xalqg‘a fikr tarqatdi”. 

Shu o‘rinda misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, Mahmudxo‘ja Behbudiyning qiz farzandi Parvinaxon (Surayyoxon ham deyishgan) 1902 yilda tug‘ilgan. 10 yoshgacha Abduqodir Shakuriyning “Usuli jadid” maktabida dastlabki ilmni egallagan. Keyinchalik u kishi asosan uyda o‘tirib muallimlardan rus hamda fransuz tillaridan saboq olgan. Behbudiyning nabirasi Nazirxon esa dadasi Ma’sudxon va ammasi Parvinaning hovlida o‘zaro fransuz, rus tillarida muloqot qilishlarini eslaydi. Ushbu so‘zlardan tushunish mumkinki, Behbudiy farzandlarini ilm olishida kerakli bo‘lgan muhitni yaratib bergan. O‘g‘illari qatori qizining ham til o‘rganishligi, o‘g‘li Ma’sudxonga o‘qimishli, xat-savodli qizni kelin qilib olib berganligida ham Behbudiy qiz bolalar ta’limining ahamiyatli ekanligini isbotlagan. 

U bola tarbiyasida oilaning, maktabning rolini ko‘rsatar ekan, ularning jismoniy, gigiyenik tarbiyasiga ham e’tibor qaratmoq lozim ekanligini uqtiradi. Behbudiy birinchi navbatda badan tarbiyasiga a’lohida e’tibor qaratgan. Qizlarning tabiiy harakati buzilmasligi uchun oshiqona kitob va hikoyalarni o‘qish va eshitishlariga vaqt qoldirmaslik, yomon va beqayd ayollar bilan muomala qilmasligi kerakligini aytadi. 

Oila qurish masalasida u jamiyatdagi xotin-qizlarga aloqador nuqsonlarni ko‘rgan holda ularni tuzatish uchun maqolalar, asarlar orqali xalqning ongiga ta’sir qilishga harakat qilgan. 

Behbudiy “Hifzi sihhati oila” maqolasida tabib Komil afandining “Hifzi sihhati izdivoj” risolasini tahlil etib, uylanishga erkak uchun 25-30, qiz uchun 20-22 yoshlarni loyiq deb tayin qilinganini aytadi. Bu yoshgacha insonlar ilm olish, kasb-hunarga harakat qilishlari kerakligi, erta oila qurish oqibatida noqis va salomatligi buzuq, zaif farzandlar dunyoga kelishi aytiladi. 

Behbudiy bir qiz 16 yoshidan va bir er bola 20 yoshidan erta oila qurishlari jismonan sog‘liq uchun zararli ekanligini tabib Husayn Ramziy afandining gaplari bilan isbotlaydi. Behbudiy oila quruvchi tomonlar hisoblanmish yigit va qiz bir-birlarini ko‘rmoqlari lozimligini ta’kidlaydi. Bu uchrashuvdan maqsad bir-birining go‘zalligini bilishda emas, balki ish salomatlik, yigit va qiz bolaning jism va gavdalari bir-birlariga mutanosibligi ko‘rib to‘g‘ri qaror berish uchundir.

Ammo uylanmay, oila qurmay vaqtini o‘tkazadigan yigit va qiz bolalar uchun bu hol jismoniy va botiniy kasallik, yomonliklarni paydo qilishini aytadi. Shuningdek, “Dunyo mahkamalari va do‘xturlaridan ma’lum bo‘ladurki, korxonai olamg‘a paydo bo‘laturgan jinoyat, odam o‘ldurmoq va gunohlarni aksari uylanmagan erlardan sodir bo‘lub, uylik kishilardan paydo bo‘lgan jinoyat va gunohlarning oldig‘a behoyat ozdur. Erlik xotunlardan paydo bo‘laturgan jinoyatlar ersiz xotunlardan paydo bo‘laturgan gunoh va jinoyatlar oldig‘a yo‘q hukmidadir. Shundayki ersiz xotunlardan paydo bo‘lgan jinoyatlar, xotunsiz erlardan paydo bo‘lgan jinoyatlardan ikki martaba ziyodadur”, deydi. Behbudiy. Ushbu fikrini Tabaroniy rivoyat qilgan hadis bilan dalillash mumkin: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uylanishga qodir bo‘la turib uylanmaganlar mendan emasdir”, deydi.

 Oilaning ahvoli va yosh avlodning kelajagi insonning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqdir. 

Xulosa shuki, odam birinchi tarbiyani onasining bag‘rida oladi. Jadid bobolarimizning xotin-qizlar masalasiga oid maqolalarini tahlil qilish orqali har bir ayol ilm olishga haqli, balog‘at yoshiga yetgan qizlarga onalari va ustozalari jiddiy e’tibor qaratishlari kerakligini, bo‘yi yetgan qizlar tibbiy va axloqiy ilmlarga oid kitoblardan xabardor bo‘lishlari muhimligini bilib olamiz. 

Mahmuda G‘OYIBNAZAROVA, 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi 

Tarix instituti tayanch doktoranti.

O‘zA

Powered by GSpeech