Bugun jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini o'ylantirayotgan va tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishi, pirovardida, mamlakatning jadal taraqqiy etishida jamoatchilik nazoratining o'rni beqiyos.
Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida eng muhim tashabbuslardan biri sifatida mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin va mustahkam hamkorlikni o'rnatish masalasi kun tartibiga qo'yildi.
Konstitutsiyamizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi printsiplarini amalda to'la ro'yobga chiqarishga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish tashabbusi ilk bora ilgari surildi va qizg'in kutib olindi.
Joriy yilning 16 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to'g'risida”gi farmoni jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, unga har tomonlama shart-sharoitlar yaratish, rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarishga xizmat qilishi bilan g'oyatda ahamiyatlidir.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimi, falsafa fanlari doktori Ma'rufjon Usmonovning "Pravda Vostoka" gazetasi 2020 yil 14 iyul sonida e'lon qilingan "Jamoatchilik palatasi: xalq hokimiyatchiligining yangi instituti" ("Obshestvennaya palata: noviy institut narodovlastiya") nomli maqolasida shu haqda so'z boradi.
Maqolada qayd etilishicha, O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasining Prezident huzurida mutlaqo yangi institut sifatida tashkil etilishidan ko'zlangan maqsad ham "fuqaro-jamoat tashkilotlari–davlat" birligini mustahkamlash orqali xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan uzoqlashishining oldini olishga qaratilgan. O'z o'rnida Jamoatchilik palatasi iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil institut bo'lib, davlat va fuqarolik jamiyati o'rtasida amaliy muloqot o'rnatuvchi tashkilot ekanligini ta'kidlash joiz.
Bugungi kunda rivojlanib borayotgan demokratik mamlakatlarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining mavjudligi reallikka aylangan. Ular ijtimoiy yukni teng taqsimlab, davlat hayotining ortiqcha zo'riqishlarsiz davom etishiga samarali xizmat qilmoqda.
Bu boradagi xorij tajribasi haqida fikr yuritganda, 80 dan ortiq mamlakatda jamoatchilik palatalari va ularga muqobil institutlar mavjudligini ta'kidlash lozim. Muallif, jumladan, AQSH, Germaniya, Frantsiya, Finlyandiya, Rossiya, Janubiy Koreya va Yaponiyaning bu boradagi tajribasiga to'xtalgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.07.2020
- Ko'rishlar: 4130
- Chop etish