Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi
yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi
Momolarimizdan urush yillarida xalq boshiga tushgan azobu uqubatlar, ocharchiligu qahatchiliklar haqida ko‘p eshitganmiz. Ularning biz uchun ertaknamo bo‘lgan xotiralarini bolalik shuurimiz ila dilga muhrlaganmiz. Ammo, ayni navqiron yoshda urushga otlangan, yoshlik umri janggohlarda kechgan o‘zbek ayoli bilan urush xotiralariga singimoq barchaga ham nasib etmagani aniq. Uning dardiga ro‘baro‘ bo‘lmoq esa, sizdan bir qadar matonat talab etadi.
2016 yili xizmat safari bilan Buxoro shahrida bo‘lganimda, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi kichik serjant Nazira Tairova haqida eshitib, 93 yoshli onaxonning istiqboliga shoshildim, suhbatlaridan bahramand bo‘ldim. O‘n sakkiz yoshida frontga otlanib, o‘n yil navqiron umri urushga qurbon qilingan o‘zbek qizining xotiralari yuragimdan unutilmas joy egalladi. Bu gal esa, ya’ni oradan to‘qqiz yil o‘tib, onaxonning farzandlari Tohir aka va Roziya opa bilan Nazira onaxonimizni xotirladik.
Ayriliqning azobli yillari
1930 yil. Yetti yoshli Nazira va uch yoshli Ruqiyaning bolalar uyiga kelganiga bir haftadan oshdi. Qizaloqlar har kuni yetimxona darvozasiga termulib ota-onalarini kutishadi. Ularning murg‘ak qalbi otalari Mirjalol aka, onalari Bahshanda opadan bevaqt ayrilganini hamon anglab yetgani yo‘q. O‘lim degan ayriliq azobini tushunib yetganlarida esa, ularning nozik qalbi qay darajada o‘rtanganini anglamoq mushkul. Ayriliq dardiga yelka tutgan nozik vujudlar, sog‘inch, iztirob, armon… Yetimlikka mahkum etilgan bolalik onlari, achchiq ko‘z-yoshlar. Bir-biriga tayanch bo‘lib, hayot sinovlarini yengib yashashga kuch topgan o‘ksik dillar…
1941 yil. Nazira 18 yoshga to‘ldi. Buxoro pedagogika texnikumiga o‘qishga kirgan qizning orzulari o‘zi yanglig‘ go‘zal va beg‘ubor. Biroq, bu orzularga fashizm balosi atalmish ofat chang solishi uning xayoliga ham kelmagan edi. Ko‘p o‘tmay bu achchiq haqiqat bo‘y ko‘rsatib ulgurdi. Ikkinchi jahon urushining olovli na’rasi boshqa mamlakatlar qatorida yurtimiz ahlini ham larzaga soldi.

Buxoro shahar mudofaa ishlar boshqarmasi erkaklar bilan gavjum. Ularning qatorida nozik nihol Nazira ham bor.
– Nazira Tairova, mana, 18 yoshga to‘libsan. Ota-onangdan yetim qolganingda davlat seni boqdi, ulg‘aytirdi, bilim berdi. Endi buni qaytarish navbati senga keldi. Urushga borib burchingni bajarishga tayyormisan?
– Qo‘limdan kelganicha xizmat qilishga tayyorman. Faqat mening kasbim..,
Harbiy libosdagi salobatli boshqarma boshlig‘i oldida hayajonlanib turgan qizning so‘zini uning qat’iy buyrug‘i bo‘ldi.
– Kerakli sohaga o‘zimiz tayyorlaymiz, ertaga xizmatga jo‘naysan…
Ma’lum vaqt Toshkentda aloqa yo‘nalishida tahsil olgan Nazira harbiy eshalonda frontga yo‘l oldi.
Aslida bu zalvorli yuk erkaklar ilkiga yuklatilgan. Qonli janggohlarda erkaklar bilan bir safda bo‘lish, yonginasida jon taslim etgan safdoshining qonli jasadi ustida borliqni unutish, chidab bo‘lmas qahratonu ochin-to‘qinlikka qaramay faqat oldingga intilish, razvedka jarayonida parashyut bilan sakrash, har qadamda o‘lim bilan ro‘baro‘ bo‘lish... Nazira opaga bu kabi xotiralar hayotining so‘nggiga qadar sherik bo‘lgani aniq.

Hayotning ulug‘ siylovi
Xalqimizda yetimning yori Alloh, degan purma’no naql bor. Nazira urush suronlarida kechgan eng og‘ir damlarda ota-onasi bilan o‘tkazgan bolalikning shirin xotiralari, bolalar uyida qolgan yolg‘izgina singlisining sog‘inch taftiga suyandi. Janggohlarda ko‘p bora fano farishtasi uni chetlab o‘tdi. Buxorodek shahari azimda tug‘ilgan qizni ulug‘ ajdodlarning ruhi qo‘llab turgan bo‘lsa ajabmas.
1945 yil, nihoyat fashizm balosi parchalanib, g‘alaba tug‘i ko‘tarildi. Biroq kichik serjant Nazira Tairova kabi sinovlarda toblangan, tajribali aloqachilar hamon xizmatda. Ular ko‘plab davlatlarni qamrab olgan Ikkinchi jahon urushi olovini o‘chirishga safarbar etilgan. Biroq Naziraning Mo‘g‘uliston hududida qattiq tobi qochdi va ortga qaytarildi. Ammo, ona yurtiga qaytishiga izn berilmadi, xizmatda qoldi. Singlisi Ruqiyaning iltimosi bilangina, 1951 yili ko‘ksi to‘la orden va medallar bilan Buxoroga qaytish nasib etdi unga. Janggohlarda ulg‘aygan qizni hayotning ulug‘ siylovlari kutmoqda edi. U ham boshqa qizlar qatori sevdi, sevildi. 1953 yili o‘zi kabi bolalar uyida ulg‘aygan Samad Shokirov bilan oila qurdi. Uni 8 yoshida rus oilasi o‘z qaramog‘iga olib, ism-sharifini Sergey Daganov qilib o‘zgartirgan edi.
Rahimaxon, Roziyaxon, Tohirjon, Bahodirjon, Botirjon oilani birin-ketin to‘ldirgan besh farzand bolalik chog‘laridanoq yaqinlaridan ayrilgan bag‘ri kuyuk ikki insonning baxt quvonchiga aylandi. Ota-onaning tarbiyasi, mehru muhabbati ostida ulg‘aygan bir-biridan aqlli va zukko, bilimdon farzandlar turli sohalarda o‘rin topib, yetuk insonlar safiga qo‘shildi. Shifokor, iqtisodchi, muhandis, haydovchi. Ular ota-onalari kabi yurt xizmatida bo‘ldi. 2017 yili 94 yoshda bu dunyoni tark etgan Nazira aya esa, umrining oxiriga qadar el-yurt e’tiborida umrguzaronlik qildi.

– Onam baxtli ayollardan edi, hamisha o‘g‘il-qizlar, nabira va evaralar ardog‘ida bo‘ldi, – deya xotirlaydi qizi Roziya opa. – Dadam bilan 50 yil baxtli hayot kechirishdi. O‘zlari aytganlaridek, hayot sinovlarini birgalikda qo‘shqanot bo‘lib yengib yashashdi. Onamning g‘ayrati, tinib-tinchimasligi barchamizga o‘rnak. Volidam 63 yoshga qadar davlat ishlarida faoliyat yuritgan. 94 yoshda olamdan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha ulug‘ yoshda ham qandaydir yumush bilan band bo‘lgilari kelardi. Ular hamma havas qiladigan, duolarini olishga intiladigan piru badavlat onaxon edi. Nafaqat biz farzandlar, balki 14 nabira va 25 evara ular bilan faxrlanadi. Nabiralarining deyarli barchasi oliy ma’lumotli, nufuzli sohalarda faoliyat yuritishadi. Eng asosiysi, ular duogo‘y buvijonlarini unutishmaydi, o‘git va nasihatlarini hamisha yodda saqlashadi. Bir so‘z bilan aytganda, onamning hayoti, sabru qanoati, ayollik sha’ni va g‘ururi bizga har tomonlama o‘rnak. Xotiralari esa, aziz va qadrlidir.
E’tirof, ardoq va e’zozda kechgan umr
Nazira aya o‘zbek ayolining sabr-bardoshli, oqila, mehnatkash vakilasi sifatida davlatimiz g‘amxo‘rligi ostida e’tibor va e’zozda yashab o‘tdi. Onaxon Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi sifatida davlat va jamoat tashkilotlarida, ayniqsa, ta’lim dargohlarida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda ishtirok etib, urush voqealari, tinchlikning qadriga yetish, hurlikni asrash kabi suhbatlaridan yoshlarni bahramand etardi. Ularning hayot yo‘li yoshlarga har tomonlama ibrat edi.
Nazira ayaning huzurida bo‘lganim hamon yodimda. Boshlarida o‘zbekona oq ro‘mol, 93 yoshda ham qosh-ko‘zlari qora, nuroniy chehrasida nim tabassum, mehmonlarga bag‘ri ochiq, fikrlari tiniq, suhbatlari maroqli. Ayol necha yoshda bo‘lmasin hamisha go‘zallikka oshno deganlaridek, ularga taqdim etilgan gullarga ko‘zlari quvnab termular ekan, e’zoz va ehtirom uchun duoga qo‘l ochdi. Elu yurtga, ularni yo‘qlovchilarga ezgu niyatlar bildirdi. Janggohdagi xotiralarga to‘xtalib o‘tdi:

– Hayotimdagi o‘tgan kunlar, urush voqealari haqida gapirsam kechayu kunduz yetmaydi. Urush ofatini, ayriliqning azob-uqubatlarini biz ko‘rdik, ilohim farzandlarimiz, avlodlarimiz ko‘rmasin. Bunday dorulomon kunlarning qadriga yetish, asrash lozim. Men kechgan hayotimdan mamnunman. Chunki davlatimiz va farzandlarim ardog‘idaman. Urushda kechgan yillar esa yuragimda yashaydi…
Nazira ayaning ko‘ksini to‘ldirib turgan orden va medallar hamon ko‘z oldimda. «Jasorati uchun», «Qahramonligi uchun» hamda g‘alabaning yubiley sanalarida berilgan orden va medallar, 1994 yili taqdim etilgan «Jasorat» va «Shuhrat» medallari, «G‘alabaning 60 yilligi», «G‘alabaning 70 yilligi» yubiley medallari To‘maris avlodi bo‘lgan o‘zbek ayoli xizmatiga berilgan yuksak e’tibor va e’tirofdir.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi kichik serjant Nazira Tairova haqida so‘z yuritar ekanman, bir haqiqatni teran his qilaman. Yillar o‘taveradi, ona yurtimiz charog‘on kunlarga yuz tutaveradi, millatimiz hayotida kechgan moziyning og‘riqli yillari ortga chekinaveradi. Biroq Nazira aya singari zabardast insonlarning umr yo‘li tarix sahifalariga muhrlanib, o‘zbek qizining jasorati, matonati avlodlar uchun ibrat maktabi sifatida saqlanib qoladi.
Zulfiya YUNUSOVA,
“Vatanparvar” muxbiri.
O‘zA
- Qo'shildi: 21.04.2025
- Ko'rishlar: 134
- Chop etish