Konstitutsiya va qonunlarimizda jurnalistlik faoliyatining erkinliklari, huquqlari va kafolatlari bilan bir qatorda, muayyan mas'uliyatu majburiyatlari ham belgilab qo'yilganiga e'tibor qaratish lozim. Xususan, mamlakatimizda jurnalistlar axborotning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonunga ko'ra, jurnalist o'zi tayyorlayotgan materiallarining to'g'ri yoki noto'g'ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumptsiyasi printsipiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Jurnalist o'z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma'lumotlarni e'lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Bu juda to'g'ri talabdir. Chunki globallashuv, axborot jamiyati shakllanayotgan bir sharoitda, ayniqsa, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga daxl qilishdan, shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanishga bo'lgan huquq va qonuniy manfaatlariga rioya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
Mamlakatimiz qonunchiligida fuqarolar va yuridik shaxslarning ishchanlik obro'sini himoya qilishga oid huquqlarini ta'minlashga qaratilgan qoidalar o'z aks topgan, shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi yolg'on ma'lumotlarni bila turib tarqatganlik singari tuhmat va haqorat uchun javobgarlik belgilangan.
So'z erkinligi insonning sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi bo'lgan huquqidan ustun bo'lishi mumkin emas. O'zbekiston qonunchiligining ushbu qoidalari xalqaro huquqiy qoidalarga hamda boshqa demokratik mamlakatlar tajribasiga to'la muvofiq keladi.
Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari ushbu yo'nalishdagi qonunchilik ham yanada erkinlashtirilayotganini ko'rsatadi. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o'zgartishlarga binoan, yarashuv instituti tuhmat va haqoratga nisbatan ham qo'llaniladigan bo'ldi.
Jinoyat kodeksining 139-moddasida (tuhmat) hamda 140-moddasida (haqorat) ko'zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs, agar u o'z aybiga iqror bo'lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Bu haqda fikr yuritganda, 2020 yil 18-19 dekabr` kunlari bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'ninchi yalpi majlisida, jumladan, “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma'qullanganini alohida ta'kidlash lozim.
Chunki ushbu yangi Qonunga ko'ra, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun mavjud bo'lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi chiqarib tashlanib, o'rniga jarima yoki majburiy jamoat ishi jazosi qo'shildi.
Shuningdek, Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarga yolg'on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilash to'g'risida yangi moddalar kiritildi.
Ya'ni, «O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonunga ko'ra, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro'sizlantirishga olib keladigan, jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega bo'lgan yolg'on axborotni tarqatish, shuningdek ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shu bilan birga, Qonunda axborot egalarining so'z mas'uliyati va uning oqibatlari bo'yicha javobgarlikni his qilishi, boshqa shaxslarning huquqlari kafolatlanishi ham tegishlicha belgilab qo'yilgan.
Ma'lumotlarga qaraganda, mazkur Qonunni ishlab chiqishda o'ttizdan ortiq mamlakat qonunchiligidagi tajribalar o'rganilgan. Xususan, MDH va Yevropa mamlakatlari qonunchiligida OAV yoki internet tarmog'i orqali tuhmat, haqorat, shuningdek shaxsni kamsitish, unga nisbatan ommani chalg'ituvchi axborot tarqatganlik uchun huquqni cheklash bilan bog'liq turlicha jinoiy jazolar va yuqori jarimalar belgilangan.
Masalan, Frantsiyada bunday qilmishlar uchun 569 ming yevro jarima yoki 5 yilgacha qamoq jazosi, Rossiya Federatsiyasida 500 mingdan 5 mln rublgacha jarima yoki 160 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari ko'zda tutilgan.
Germaniyada bunday harakatlar uchun 3 oydan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi o'rnatilgan bo'lib, bo'hton yoki yolg'on axborot tarqatish vatanga xiyonat darajasida baholangan.
Hatto OAV sohasida ustuvor erkinlik amal qiladigan Norvegiya qonunchiligida ham tuhmat, haqorat va yolg'on axborot uchun tegishli jarima hamda 1 yilgacha qamoq jazosi mavjud. Bu haqdagi norma Norvegiya Konstitutsiyasida mustahkamlab qo'yilgan.
AQShning 19 ta shtatida qat'iy jinoiy javobgarlik amal qiladi. Ya'ni, OAVda tuhmat, haqorat, shuningdek jamoaviy ayblash uchun sud tartibida 10 mingdan to 250 ming dollargacha jarima yoki 6 oydan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Italiyada esa tuhmat yoki uydirma, ommani chalg'ituvchi axborot tarqatgan OAV yoki internet manbasidan tashqari, bunday axborotni ko'chirib bosgan yoki tarqatgan barcha shaxslar teng javobgarlikka tortiladi. Ularga 500 dan 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oydan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, bunday harakatlar uchun xalqaro hamjamiyat tegishli jazo va ta'sir choralarini belgilash amaliyotini keng qo'llamoqda. Binobarin, jazoning darajasi muhim emas, balki jamiyatda boshqa insonlarning huquq va erkinliklariga, sha'ni va qadr-qimmatiga hurmat oliy qadriyat sifatida qaror topishi asosiy maqsaddir.
Mamlakatimizda aynan huquqiy madaniyat yuksalishi asnosida so'z va fikr erkinligi, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi kafolatlari ham izchil mustahkamlanmoqda.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 22.12.2020
- Ko'rishlar: 4446
- Chop etish