Ma'lumki, 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga muvofiq, sohaga doir bir nechta qonunga o'zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonunning 9 ta moddasiga o'zgartish va qo'shimcha kiritildi.
Bu o'rinda, jumladan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonun jurnalistning davlat organlarining ochiq hay'at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo'lishi, jurnalistlik sirini oshkor etmasligi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishiga oid me'yorlar, aytish mumkinki, "Jurnalistning kasbga oid odob-axloq qoidalari instituti" tushunchasi va u bilan bog'liq normalar hisobiga mukammallashtirilgani haqida so'z bormoqda.
Xususan, Qonun «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari» nomli 7(1)-modda bilan to'ldirilgan. Mazkur yangi moddada qayd etilganidek, «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistning shaxsiga va o'z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog'ida uning xulq-atvoriga qo'yiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir. Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistlarning va ommaviy axborot vositalarining birlashmalari tomonidan belgilanadi».
Bu normalar yurtimizda jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim omili bo'lmish ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, ommaviy axborot vositalarining Konstitutsiya, qonunlar va qonunosti hujjatlarda belgilangan huquqlari, erkinliklari hamda majburiyatlariga rioya qilinishida jurnalist faoliyati bilan bog'liq turli nizolarni hal etishga ham to'g'ri keladi.
Bunda jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari tegishli muammoga nosudlov yo'l bilan ijobiy yechim topish imkonini beradi.
Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari tomonidan ayrim o'rinlarda noto'g'ri axborot tarqatish, sudning qarori qonuniy kuchga kirmasdan turib, jamoatchilik fikriga ta'sir ko'rsatish, aybi sudda isbotlanmagan shaxsni jinoyatchiga chiqarib qo'yish holatlari ham uchrab turibdi.
Biz barpo etayotgan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati sharoitida bunday hodisalarga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Shuning uchun milliy jurnalistika sohasida etika institutining joriy etilishi inson sha'ni, qadr-qimmati, daxlsizligini ta'minlash va axloq-odob me'yorlarini tartibga solishda yangi qadam bo'ldi, deb hisoblaymiz.
Qonunchilikdagi bu ijobiy o'zgarishlar, o'z navbatida, 2019 yil 17 iyulda O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qabul qilinishiga kuchli turtki berdi. O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida, jumladan, quyidagilar qayd etilgan:
“Jurnalist odamlarning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini hurmat qiladi. Shaxs sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo'l qo'ymaydi.
Jurnalist odamlarning shaxsiy hayoti haqidagi ma'lumotlarni faqat ularning roziligi va hujjatlarning sir saqlanishiga rioya qilgan holda e'lon qiladi.
Jurnalist noqonuniy yo'l va nomaqbul vositalar yordamida odamlarning shaxsiy hayoti haqida axborot to'plash, ovoz yozib olish va materiallar to'plashi mumkin emas.
Jurnalist jinoiy ishni yorituvchi materialni tayyorlayotganida aybsizlik prezumptsiyasiga amal qiladi”.
Bu muhim qoidalar «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonunga kiritilgan «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari» nomli 7(1)-modda talabiga to'la mos va hamohangdir.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 18.12.2020
- Ko'rishlar: 4549
- Chop etish