Keyingi yillarda O'zbekistonda axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi sezilarli darajada o'sib, jamiyatda ochiq muloqot maydoni yaratildi. Jamoatchilikning nutai nazarini qaror toptirishda, qiziqishiga sabab bo'ladigan keng ko'lamli masalalar yuzasidan ijtimoiy fikrning paydo bo'lishida esa ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning o'rni keskin oshmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 15 dekabr kuni bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida ko'rib chiqilgan “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamasida deputatlar axborot va so'z erkinligini ta'minlashning muhim jihatlariga, shuningdek, ushbu hujjatni qabul qilish zaruratiga alohida e'tibor qaratishdi.
Bugungi kunda milliy qonunchiligimizda fuqarolarning axborot huquqlari, mass-media va ommaviy kommunikatsiyalar sohasi sub'ektlarining huquqlari himoyasini ta'minlaydigan huquqiy normalarni mustahkamlash zarurati paydo bo'ldi. Telekommunikatsiya va Internet tarmoqlarida axborotni tarqatish jarayonini tartibga soluvchi normalarni takomillashtirish talab etilmoqda.
Parlament a'zolarining fikricha, bunday sharoitda ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda fuqarolarning ham axborotga doir huquqlari himoyasining kafolatlarini ta'minlash muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga zo'ravonlik va shafqatsizlikni targ'ib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Kodeksning amaldagi tahririga ko'ra, zo'ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ'ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish harakatlari uchun BHMning ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Yangi qonun loyihasiga ko'ra, bunday harakatlar uchun jarima miqdorini oshirish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to'rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan to'rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish haqidagi me'yorni kiritish taklif etilmoqda.
Shuningdek, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro'sizlantirishga qaratilgan yolg'on axborotni ishonchli ma'lumot ko'rinishida bila turib telekommunikatsiya, internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun ma'muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda. Deputatlarning qayd etishicha, amaldagi qonunchilikda bu turdagi harakatni sodir etgan shaxs to'g'ridan to'g'ri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan. Taklif etilayotgan loyihada esa shaxs shunday harakatlari uchun muqaddam ma'muriy javobgarlikka tortilganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etsagina jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda.
Shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro'sizlantirishga olib keladigan yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'lishi qayd qilinmoqda.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi milliy OAV va jurnalistlarning professional faoliyati uchun yangi samarali mexanizmlarni tatbiq etishga imkon berishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari to'g'risidagi ma'lumotlarni erkin olishlari hamda ularning faoliyatiga aralashmaslik bo'yicha qo'shimcha kafolatlarni yaratishi qayd etildi.
O'z navbatida, bunga qadar oxirgi marta 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga muvofiq, sohaga doir bir nechta qonunga o'zgartirishlar kiritilgan.
Jumladan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonunning 9 ta moddasiga o'zgartish va qo'shimcha kiritildi. Qonun 7(1)-modda bilan to'ldirilgan.
Qonunning 16-moddasida ko'rsatilgan normalar 2-moddaga ko'chirilgani sababli chiqarib tashlandi. Bu o'zgartish va qo'shimchalar jurnalistlik faoliyatining erkinligini ta'minlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratishga, jurnalistlarning huquqiy maqomini aniqlashga qaratilgan.
Ushbu yangilanishlarning zamirida, bir tomondan, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risidagi dolzarb normalar aks etgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, yurtimizda ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yo'l qo'yilmasligiga doir konstitutsiyaviy talabga qat'iy amal qilish mexanizmlari o'z ifodasini topgan.
Xususan, hech kim jurnalistdan e'lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o'zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini, efirga berilmasligini talab qilish huquqiga ega emasligiga oid qat'iy normalar qonundan o'rin olgan.
Muhim jihatlardan yana biri shuki, Qonunning oldingi tahririda fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan ixtiyoriy ravishda ma'lum qilingan maxfiy xabar, shuningdek, fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblansa-da, unda manbaning nomini oshkor etmaslik sharti ko'zda tutilmagan edi.
Endilikda axborot manba nomini oshkor etmaslik sharti bilan taqdim etgan xabar va faktlar jurnalistika sohasining siri hisoblanib, buni oshkor etmaslik jurnalist majburiyati sifatida belgilandi.
Qonunga mazkur bandning kiritilishi bir tomondan jurnalist faoliyatining kafolatlarini kuchaytirsa, boshqa tarafdan axborot manbasining daxlsizligini ta'minlash va ushbu sohaga bo'lgan ishonchni mustahkamlashning muhim sharti bo'lib xizmat qiladi.
Boshqacha aytganda, Qonunga kiritilgan barcha yangilanishlar mohiyatan inson omili, uning umume'tirof etilgan haq-huquqlari himoyasini kafolatlashni nazarda tutadi.
Unda "jurnalist" tushunchasiga yangi ta'rif berilib, ular faoliyatini amalga oshirish maqsadida axborotni izlash, so'rash, olish, tahrir qilish va tayyorlashda qo'shimcha huquqlar kafolatlandi.
Jurnalistni ommaviy axborot vositalarida axborotni tarqatishda javobgarlikdan ozod etishning aniq mexanizm va mezonlari ham belgilandi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 17.12.2020
- Ko'rishlar: 4612
- Chop etish