“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan maxsus soni nashr etildi.
Jurnalning ilk sahifalarida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi” ruknida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov hamda Toshkent moliya instituti professori, siyosiy fanlar doktori To‘ra Norboevning maqolalari taqdim etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning “Fuqarolarning huquq va manfaatlari ustuvor ahamiyatga ega” nomli maqolasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari bo‘yicha boshqa xalqaro hujjatlarning maqsad hamda vazifalari bilan hamohang ekani ochib berilgan. Konstitutsiyamizda kafolatlangan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar batafsil tahlil qilingan.
Toshkent moliya instituti professori, siyosiy fanlar doktori To‘ra Norboevning maqolasida esa Bosh Qomusimizdagi inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlovchi normalar asosida davlatning insonparvar va xalqparvar siyosati tahlil qilingan. Maqola so‘ngida, “Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish har birimizning hayotiy shiorimizga aylansa, istiqbolda ko‘zlagan ulkan marralarimizga, albatta, yetamiz”, deya xulosa chiqarilgan.
Shuningdek, maxsus sonda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining ijrochi direktori Marg‘ub Salim Butt, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeev, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi szyan Yan, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xaynening Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz faoliyati to‘g‘risidagi maqolalari o‘zbek, ingliz va rus tillarida e’lon qilingan.
Jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet o‘z maqolasida Milliy markazga “O‘zbekistonda inson huquqlarini rivojlantirish borasidagi asosiy hamkorimiz” deya ta’rif berib, yo‘lga qo‘yilgan samarali aloqalarni yuksak darajada qadrlashini e’tirof etgan. Inson huquqlarini himoya qiluvchi dunyodagi eng nufuzli tashkilot rahbarining bunday yuqori bahosiga sazovor bo‘lish mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ham munosib hissa qo‘shayotganidan dalolat beradi.
IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining ijrochi direktori Marg‘ub Salim Butt esa, “Tashkilotlarimiz o‘rtasida davom etayotgan hamkorlik Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo boshqa davlatlarning milliy huquqni himoya qilish muassasalari uchun ilg‘or amaliyotning timsoli bo‘la oladi”, deya mulohaza bildirib, o‘z fikrini aniq misollar bilan isbotlagan. Maqolada ta’kidlanganidek, 2019 yilning 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining (IHT IHMDK) yillik 6-seminari yuqori saviyada o‘tkazilib, qator muhim natijalarga erishildi. Yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda mavjud xalqaro va mintaqaviy vositalarni xolis tahlil qilish imkonini bergan ushbu anjuman yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada qator amaliy tavsiyalar, jumladan BMT Bosh Assambleyasining Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha tavsiya ilgari surildi.
Shuningdek, maqolada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning IHT IHMDK a’zosi sifatida olib borgan faoliyati, xususan komissiyadagi qator mavzuli tadqiqotlarni nihoyasiga yetkazishda ko‘rsatgan yordami, IHTning “Islomda bola huquqlari to‘g‘risida”gi paktini qayta ko‘rib chiqishda katta hissa qo‘shgani, tashkilotning boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdagi faolligi e’tirof etilgan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeev Milliy markaz xodimlarini qadrli sana bilan tabriklab, “O‘zbekistonlik hamkasblarimizning muvaffaqiyatlari, faoliyatlarining samaradorligi va erishgan natijalari katta hurmatga sazovor”, deya ta’kidlagan. Maqolada yozilganidek, ikki tomonlama munosabatlar, ayniqsa, so‘nggi yillarda yangicha mazmun kasb etib, yuqori bosqichga ko‘tarildi. 2019 yilda imzolangan Anglashuv memorandumi do‘stona hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini ochib berdi.
Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi szyan Yanning “Xitoy va O‘zbekistonning mushtarak tushunchalari inson huquqlari bo‘yicha xalqaro munosabatlarga yangi kuch bag‘ishlaydi” nomli maqolasida inson huquqlari sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning o‘rni, so‘nggi yillarda erishilgan muvaffaqiyatlar atroflicha tahlil qilingan. “O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan beri o‘tgan 30 yil davomida inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga katta ahamiyat berib kelmoqda. Mamlakatda birinchi marta Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya qabul qilindi, inson huquqlari sohasidagi qonunchilik uzluksiz takomillashtirib borilmoqda”, deya fikr bildirilgan.
Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne ham Milliy markaz tashkil etilganining 25 yilligi bilan samimiy tabriklar ekan, markaz O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini, mamlakat fuqarolarining qonuniy huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, jurnal sahifalaridan o‘rin olgan H.Yunusov, O.Axmadov, O.Oqyulov, L.Turikova, N.Meliqulov, M.Nasretdinova, T.Axmedov, Z.Munavvarov va M.Ataevning o‘zbek tilidagi, A.Hakimov, O.Nizameddinxo‘jaev, Z.Israilova, G‘.Qarshiev, Sh.G‘ofurov, X.Qurbonova, S.To‘ratosheva, N.Alimovaning ingliz tilidagi, A.G‘afurov, B.Eshonqulov, F.Haqberdieva, F.Bakaeva, F.Hamdamovaning rus tilidagi maqolalari ham dolzarb mavzularga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining ushbu maxsus sonini mutolaa qilishga vaqt ajratib, fikr-mulohazalaringizni tahririyatimizga yuborasiz degan umiddamiz.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas’ul kotibi
- Qo'shildi: 07.12.2021
- Ko'rishlar: 3161
- Chop etish