Kambag‘al oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish yangi bosqichga ko‘tariladi

Ijtimoiy yordam manzillashadi: oilalar endi toifalarga qarab qo‘llab-quvvatlanadi, ayrim oilalarga daromad olish imkoniyati yaratiladi, kambag‘al oilalar farzandlari uchun imtiyozlar beriladi — Prezident farmoniga sharh.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga mos ravishda aholini ijtimoiy himoya qilish, samarali ijtimoiy himoya siyosatini yuritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda aholi uchun ajratilgan ijtimoiy yordam ko‘lami 5 barobarga oshirildi, 2 milliondan ortiq oila ushbu ijtimoiy himoya dasturlari bilan qamrab olindi.

Yaqin ikki ichida aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida 47 ta qonunchilik hujjatlari (3 ta Qonun, 6 ta Prezident farmoni va 12 ta qarori, 26 ta Hukumat qarori) qabul qilindi.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar asosida davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlarni mahalla darajasiga tushirilishini ta’minlash maqsadida, 208 ta tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Joylarda ijtimoiy xodim va uning assistenti lavozimi joriy etilib, har bir mahalladagi oila soni, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlarini inobatga olgan holda ijtimoiy xodimlar “hudud – uchastka – mahalla” tamoyili asosida biriktirildi.

Statistik ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, joriy yilning dastlabki choragida “Inson” markazlari tomonidan jami 1 mln 238 mingta ariza qabul qilingan bo‘lib, shundan 752 mingta (61 %) arizaga xizmat ko‘rsatilgan. Qiyos uchun: 2024 yilning I choragi davomida fuqarolardan 58,2 ming ariza qabul qilingan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich joriy yilning birinchi choragida 21,3 baravarga oshgan. Shuningdek, 2024 yilning mart oyida 27 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar uchun ariza qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilning mart oyida 103 turdagi xizmatlar uchun fuqarolardan ariza va murojaat qabul qilish imkoniyati yaratilgan.

Yaqinda qabul qilingan “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni [PF–84] ijtimoiy himoya sohasida manzillik, samaradorlik va yangi imkoniyatlarni ta’minlash orqali ushbu yo‘nalishni yangi bosqichga ko‘taradi.

Farmonning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Ijtimoiy yordam manzillashadi: oilalar endi toifalarga qarab qo‘llab-quvvatlanadi 

2025 yil 15 maydan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va unga tushish xavfi bo‘lgan oilalar "qizil""sariq" va "yashil" toifalarga taqsimlanadi. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar ushbu toifalarga qarab belgilanadi (uy-joylarni ta’mirlash, tiklash va moslashtirish hamda sog‘liqni saqlash bo‘yicha yordamlar bundan mustasno).

"Qizil" toifaga quyidagi mezonlarga mos, har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgan oilalar kiritiladi:

– a’zolaridan kamida biri sog‘lig‘i tufayli ishlay olmaydigan oila;

– parvarishga muhtoj a’zosi, shu jumladan, nogiron farzandi bor oila;

– o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat oila;

– boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila.

"Sariq" toifaga — har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan, lekin barcha a’zolari mehnatga layoqatli bo‘lgan oilalar kiritiladi.

"Yashil" toifaga — har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan hamda quyidagi mezonlardan biriga mos keladigan oilalar kiritiladi:

– oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan bo‘lsa; 

– oilaning Kambag‘al oilalar reyestriga tushish ehtimoli yuqori bo‘lsa.

Kambag‘al oilalarga imtiyozlar va yordamlar berish tartibi o‘zgaradi 

2025 yil 1 iyundan boshlab:

– qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi. 2026 yil 1 yanvardan esa bu imtiyozlar faqat Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarga beriladi;

– davlat xizmatlaridan foydalanganda to‘lanadigan boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarda "sariq" toifadagi oilalarga 50%, "qizil" toifadagilarga esa 75% chegirma qo‘llaniladi;

– agar oila "qizil" yoki "sariq" toifadan "yashil" toifaga o‘tsa, ularga qonunchilik bilan belgilangan ijtimoiy yordamlar yana 12 oy davomida saqlanadi.

“Qizil” toifadagi oilalarga daromad olish imkoniyati yaratiladi

2025 yil 1 iyundan boshlab “qizil” toifaga kirgan oilalarga passiv daromad keltiradigan yordam choralari ko‘rsatiladi.

Birinchi yo‘nalish – quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish: kambag‘al oilalarning uyiga quyosh elektr stansiyalari o‘rnatiladi. Bu ish tuman (shahar) hokimligi va ta’minotchi korxona o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. O‘rnatish xarajatlari davlat tomonidan subsidiya orqali qoplanadi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi “Quyoshli xonadon” dasturi asosida sotib olinadi va oilalarga subsidiya to‘lab boriladi. Agar oilaning uyida ilgari bunday qurilma o‘rnatilgan bo‘lsa, bu yordam ko‘rsatilmaydi.

Ikkinchi yo‘nalish – ko‘chma do‘konlar o‘rnatish: kambag‘al oilalarning yerida yengil konstruksiyali ko‘chma do‘konlar o‘rnatiladi. Buning uchun oila va tadbirkor o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Kambag‘al oilalar a’zolariga ijtimoiy yordamlar tegishli hujjatlar asosida ko‘rsatiladi

2025 yil 1 iyundan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar quyidagilar asosida ko‘rsatiladi:

– oilaning kambag‘al deb e’tirof etilgani to‘g‘risidagi ma’lumot;

– shaxsning kambag‘al oilaga mansubligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.

Ma’lumotlar qanday olinadi?

Oilaning kambag‘alligi haqidagi ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidan, “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi. Shaxsning kambag‘al oilaga mansubligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.

Kambag‘al oilalar farzandlari uchun imtiyozlar beriladi

2025 yil 1 iyundan boshlab “qizil” toifaga kiruvchi oilalarning “a’lo” baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdorida maxsus stipendiya beriladi.

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalarning umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod qilinadi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab kambag‘al oilalarning “a’lo” baholarga o‘qiydigan farzandlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam oladi va sog‘lomlashtiriladi. Bu xarajatlar Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni muvofiqlashtiradi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.

Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat va yordamlarni joriy etish, o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur farmon yordam va imtiyozlarning manzilli, shaffof va adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, kambag‘al oilalarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning bolalariga ta’lim va sog‘lomlashtirish borasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish orqali uzoq muddatli ijtimoiy barqarorlikka zamin hozirlaydi.

Umidjon Qurbonov, O‘zA

Powered by GSpeech