Mulohaza
Mamlakatimizda yangi harakat boshlandi. Kambag‘al oilalar hayotini o‘zgartirish, turmush tarzini yaxshilash uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari!” dasturi amalga oshirilishi belgilandi. Davlat rahbari yig‘ilish o‘tkazib, bu tizim qanday ishlashi, kambag‘al oilalar bilan ishlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini aytdi. Ha, shu ishga mas’ul vazir yoki boshqa rahbar emas, aynan Prezident tushuntirdi, mas’ullarning qulog‘iga dasturning mohiyatini quyib qo‘ydi. Har bir rahbarga beshtadan kambag‘al oila biriktiriladigan bo‘ldi.
Rahbarlar yig‘ilishning ertasigayoq o‘z hududidagi kambag‘al oilalarga kirdi, xonadonda yashovchilar bilan suhbatlashdi, ularning nima muammosi borligi, qanday yordam ko‘rsatish kerakligi aniqlashtirib olindi. Va bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda sur’atlar, videolavhalar paydo bo‘ldi. Ko‘ngillarda umid uyg‘ondi – bu gal rahbarlar masalaga jiddiy kirishdi, demak, tez orada o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi.
Ko‘p joyda amaliy ishlar ham boshlandi. Bundan xursand bo‘ldik.
23 sentyabr kuni davlat rahbari “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga doir farmon va qaror qabul qildi. Bu hujjatlarda ham vazifalar, chora-tadbirlar aniq belgilandi, nochor oilalarni kambag‘allikdan chiqarish tartibidan boshlab bu qanday tarzda amalga oshirilishigacha qayd etib qo‘yildi. Ammo...
Ayrim “haybarakallachi” mas’ullarning xatti-harakati– odamlarning hayotini emas, raqamlarni o‘zgartirishga intilishi ortidan savollar paydo bo‘lmoqda.
Tumanlardan biridan bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot so‘radik. Bir necha kun qayta-qayta so‘raganimizdan keyin taqdim etilgan ma’lumotda keltirilishicha, yil yakunigacha tumanda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish belgilanibdi. Qanday yaxshi-ya. Ammo qaysi yo‘l bilan, qanday manbaalar hisobidan, nimaning evaziga, degan savollarimizga haligacha javob yo‘q.
Ko‘p joyda subsidiya asosida tikuv mashinasi, pishiriq pishirish pechi, motokultivator va yana shu kabi ishlatib daromad topish mumkin bo‘lgan vositalar berilmoqda. To‘g‘ri, bu vositalardan samarali foydalanganlar turmushi biroz bo‘lsa-da o‘zgaryapti, daromad topyapti. Lekin shu “yordam”ning o‘zi bilan qog‘ozda chiqsa ham amalda kambag‘allikdan chiqmayotgan oilalar kam emas-da.
Yana bir ma’lumotga ko‘zim tushib qoldi. Tumandagi banklardan birining rahbari o‘ziga biriktirilgan kambag‘al oilaning ishsiz a’zosiga 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratib, motokultivor olib beribdi. Uni shu yo‘l bilan kambag‘allikdan chiqarmoqchi ekan. Aytingchi, ishsiz fuqaro bu vositani ishlatib, bola-chaqa boqsinmi yoki kredit to‘lasinmi? O‘zi bitta motokultivator qancha turadi?
O‘zi va xodimlari ikki oydan buyon maosh olmayotgan bir tashkilot rahbariga ham beshta kambag‘al oila biriktirilganini eshitib, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan. Axir, uning o‘zi yordamga muhtoj-ku?!
Xullas, Prezident boshlagan bu xayrli ishga ayrim rahbarlar xo‘jako‘rsinga, raqamlar uchun kirishmasin. Kambag‘allikdan farovonlik sari to‘g‘ri yo‘ldan boraylik, odamlarning hayoti yaxshi tomonga o‘zgarsin, kambag‘al oilalarga faovonlik, baraka kirsin, deb zimmamizdagi vazifalarni bajaraylik.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 15.10.2024
- Ko'rishlar: 671
- Chop etish