Karantinda o'qing: yangi kitob

Yurtimiz ziyolilari koronavirus karantini davrida mutolaa qilish uchun muntazam ravishda yangi va sara kitoblarni tavsiya etib kelmoqdalar. Shunday kitoblar orasida akademik Akmal Saidovning "Qiyosiy adabiyotshunoslikka kirish" deb nomlangan salmoqli asari ham bor.

Taniqli adib, olim va jurnalist Xurshid Do'stmuhammadning 2020 yil 1 mayda "Yangi O'zbekiston" gazetasida e'lon qilingan "Sayohatga marhamat!" sarlavhali tahliliy maqolasida ushbu kitob haqida so'z boradi. Kitob, avvalo, qamrovning kengligi, mundarijaning boyligi, mavzuga nihoyatda bag'rikenglikda va xolis yondashilgani bilan e'tiborni tortadi, deyiladi maqolada.

O'zbek kitobxonlariga birmuncha yaxshi tanish Shekspir, Gyote, Po, Gyugo, Bal`zak, Joys, Kafka, T.Mann, Kamyu, Morua, Abe singari badiiy so'z daholari qatori, nomlari va asarlari mamlakatimiz kitobxonlari orasida hali u qadar ommalashmagan Maaluf, Gendel`, Lessing, Xofman,

D.Glattauer, F.Vyurtle, N.Kun, X.Arreola, M.Yan, L.She, L.Yol badiiy olamlari inkishof etiladi. Shu bilan bir vaqtda kitobdan o'rin olgan hech bir ijodkorga doir tadqiqotlar tugallik va mufassallikka da'vo qilmasligi tabiiy.

Zero, jahon adabiyoti salaflarining badiiy dunyosini qiyosiy o'rganishga kirishishni bamisoli bahri ummon qa'riga sho'ng'igan g'avvoslar mehnatiga qiyoslash mumkin — maroqli izlanishlarning adog'i aslo ko'rinmaydi. Muhimi, qaysi sahifaga ko'z yugurtirmasin, kitobxon ko'nglining bir chekkasida beixtiyor zamonaviy o'zbek adabiyoti, adabiyotimiz namoyandalari ijodini qiyoslashga va muayyan xulosalar chiqarishga kirishib ketganini o'zi ham sezmay qoladi. Bu ham so'z yuritilayotgan kitobning yutug'idir, albatta.

Katta hajmli kitob mutolaasiga kirishishni olis-olis yurtlarga sayohatga o'xshatishadi. Xalqimizning “O'z uyim — o'lan to'shagim” naqli zamiridagi hikmat naqadar chuqurligini butun dunyo ahli o'z tajribasida anglab turgan ayni kunlarda astoydil sayohatga otlanish niyatingiz bormi? Marhamat, G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan yangigina chop etilgan, akademik Akmal Saidov qalamiga mansub “Qiyosiy adabiyotshunoslikka kirish” (770 sahifa!) kitobi sizlarni dunyoning manaman degan davlatlariga, bashariyatga o'lmas ma'naviy meroslar qoldirgan buyuk zotlar ijod dunyosiga boshlab boradi. Shunisi aniqki, bu safar-sayohat sizlarga ulkan va boy taassurotlar hadya etadi, deb yozadi maqola muallifi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech