23 avgust kuni Toshkentdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlab chop etilgan «Yangi O'zbekiston» kitob-al`bomining taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchi-adiblar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
Mazkur kitob-al`bom turli vazirlik va idoralar mutaxassislari, fotomuxbirlar hamda AOKA mas'ul xodimlaridan iborat ijodiy jamoa tomonidan nashrga tayyorlandi. Unda istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi besh yilda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo'lida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ulkan ishlar haqida hikoya qilinadi.
Taqdimotda so'zga chiqqan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta'kidlaganidek, Prezidentimizning yaqinda “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan interv`yusida mamlakatimizning inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha erishayotgan yutuqlari nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib borayotganiga alohida e'tibor qaratildi.
Chindan ham, O'zbekiston ilk bor 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi. 2021 yil 1 yanvardan bu boradagi vazifasini bajarishga kirishdi. Endilikda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning oliy minbaridan turib o'zbek tilida ilgari surgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlangan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari izchillik bilan ro'yobga chiqarilmoqda.
Keyingi yillarda BMT, YEXHT, Yevropa Ittifoqi, Parlamentlararo Ittifoq, shuningdek Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT, MDH kabi ko'plab xalqaro tashkilotlar va jahonning deyarli barcha davlatlari bilan o'zaro hamkorlik munosabatlarimiz yuksak pog'onaga ko'tarildi. Bu o'tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning jahon miqyosidagi siyosiy o'rni va obro'-e'tibori keskin oshganidan dalolat beradi.
Dunyoda Yangi O'zbekistonga nisbatan qiziqish, intilish va ishonch ruhi, mamlakatimiz bilan hamkorlikka erishishga rag'bat tamoyillari kuchaydi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidentiga xalqaro hamjamiyatning ishonchi juda yuqori va bu ishonch tobora ortib hamda mustahkamlanib bormoqda.
Yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasida, koronavirus sharoitiga qaramay, 40 dan ortiq davlatdan 150 dan ziyod vakil ishtirok etgani hamda o'ndan ortiq nufuzli tashkilotning rahbarlari onlayn tarzda faol qatnashgani bu fikrimizning yana bir isbotidir. Bu yutuqlarning barchasiga, albatta, bundan 30 yil oldin xalqimiz qo'lga kiritgan asosiy huquqimiz – mustaqillik tufayli erishmoqdamiz.
Binobarin, bundan o'ttiz yil oldin mustaqillik shu ozod yurtda yashaydigan har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining to'la ta'minlanishi kafolati bo'lib maydonga chiqdi. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “Yangi O'zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va printsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlatdir”.
Taqdimoti tashkil etilgan kitob-al`bomning “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat” deb nomlangan alohida bobidagi muxtasar kirish so'zida ayni shu haqda so'z boradi. Mazmunli va rang-barang fotosuratlarda O'zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari nechog'lik ta'minlanayotgani o'zining yaqqol ifodasini topgan.
Kitob-al`bomning boshqa barcha boblari ham kitobxonni befarq qoldirmaydigan yorqin fotolavhalar bilan bezatilgan. Eng muhimi, yangi nashr o'zining “Yangi O'zbekiston” degan jarangdor nomiga har tomonlama mos va munosibdir.
Kitob-al`bom “O'ttiz yillik murakkab va sharafli yo'l”, “Yangi O'zbekiston – milliy taraqqiyotning yangi bosqichi”, “Davlat idoralari xalqimizga xizmat qilmoqda”, “Innovatsion asosda qayta qurilayotgan iqtisodiyot”, “Yangi O'zbekistonni azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda quramiz”, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir”, – “Ma'naviyat – Yangi O'zbekiston poydevori”, – “O'zbekiston va jahon” sarlavhalari bilan nomlangan 8 ta bo'limdan iborat, deyiladi aoka.uz sayti xabarida. Asar o'zbek (kirill va lotin alifbosida), rus va ingliz tillarida o'ziga xos dizayn va yuqori poligrafik sifatda, jami 30 000 nusxada nashr etilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.08.2021
- Ko'rishlar: 3928
- Chop etish