(«Yaponiya Konstitutsiyasi – o'zbek yuristi nigohida» maqolasining davomi)
Konstitutsiyaning 11-moddasida “Xalq insonning barcha asosiy huquqlaridan moneliksiz foydalanadi. Ushbu Konstitutsiya bilan kafolatlanadigan insonning asosiy huquqlari hozirgi va kelajak avlodlarga buzilmas mangu huquqlar sifatida taqdim etiladi. Xalq insonning barcha asosiy huquqlaridan to'siqsiz foydalanadi”, deb qayd etilgan.
Konstitutsiyaning 12-moddasida “Ushbu Konstitutsiya bilan kafolatlanadigan erkinliklar va huquqlar xalqning doimiy sa'y-harakatlari bilan qo'llab-quvvatlanib turilishi kerak. Xalq ushbu erkinliklar va huquqlarni har qanday suiiste'mol qilishdan tiyilib turishi kerak va ulardan jamiyatning tinch-totuvlik manfaatlarida foydalanish uchun doimiy mas'uldir” deb ko'rsatilgan.
Konstitutsiyaning 13-moddasida esa shunday deyiladi: “Barcha odamlar shaxs sifatida hurmat qilinishi kerak. Ularning yashash, erkinlik va baxt-saodatga erishishga intilish huquqi ijtimoiy barqarorlikni buzmasligi uchun qonunchilik sohasi va boshqa davlat ishlarida g'amxo'rlikning oliy yo'nalishi hisoblanadi”.
Ushbu moddalar inson huquqlari abadul-abad va buzilmas ekanligini, o'z mohiyati bo'yicha insonning bir-biriga zid bo'lgan asosiy huquqlarini tartibga solish mumkinligini nazarda tutadi. Masalan, boshqa odamlarning sha'ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilish uchun jazolash fikr bildirish erkinligini chegaralashi mumkin.
Biroq u boshqa odamlarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish uchun har qanday holatda zarurdir. Bunday chegaralashlar “jamiyat farovonligi” kontseptsiyasi doirasida tushuntirilishi mumkin.
Shunday qilib, “jamiyat farovonligi” kontseptsiyasi doirasida insonning barcha ana shunday huquqlari boshqa odamlar huquqlariga zid kelmasa, ularni chegaralash uchun asos yo'q. Masalan, fikrlash va vijdon erkinligi (19-modda) mutlaq qoida sifatida anglanadi va bu masalada chegaralashlarga yo'l qo'yilmaydi.
“Jamiyat xavfsizligi” nuqtai nazarini hisobga olgan inson huquqlarini chegaralaydigan qonunlar va normativ hujjatlar qoidalarini asoslash imkoniyatiga kelganda, sud ishlari tadbirkorlik faoliyatining erkinligi kabi iqtisodiy erkinliklarni chegaralaydigan qonunlar va normativ hujjatlar qabul qilishda qonunchilik hokimiyatiga ish ko'rishning nisbatan keng erkinligiga yo'l qo'yadi. Boshqa tomondan, fikrlash erkinligini chegaralaydigan qonunlarni talqin etadigan qat'iy mezonlardan foydalaniladi.
Shu munosabat bilan qonunchilik hokimiyatining ish ko'rishlari chegaralanadi. Shunday qilib, “jamiyat farovonligi” kontseptsiyasi sud ishlari bilan belgilangan va har bir huquq mohiyatiga bog'liqdir, chunki Konstitutsiyada jamiyat farovonligi tushunchasiga aniqlik kiritadigan qoidalar mavjud emas. Davlat tomonidan “jamiyat farovonligi” tushunchasini ixtiyoriy talqin qilish imkoniyati mavjud bo'lmasligi kerak.
10-bob – Konstitutsiyaning milliy huquq tizimida ustunligini o'rnatadi. Bu, jumladan, boshqa hech qanday qonunlar unga zid bo'lmasligini anglatadi. Qonunlar va boshqa davlat hujjatlari kontitutsiyaviy normalarga zid kelsa, “qonuniy kuchga ega bo'lmaydi”.
Konstitutsiyaning 98-moddasi 2-bandida ko'zda tutilgan qoida – “Yaponiya tomonidan imzolangan shartnomalar va o'rnatilgan xalqaro huquqiy normalarga sidqidildan amal etilishi kerak”. Yaponiya tomonidan ratifikatsiya qilingan va e'lon qilingan shartnomalar, shu jumladan inson huquqlari to'g'risidagi shartnomalar ichki davlat huquqining qismi sifatida qonuniy kuchga egadir.
Shartnomalarning qoidalari to'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan normalar bo'lishi to'g'risidagi masala tegishli qoidalarning maqsadi, ahamiyati va ta'rifi hisobga olingan har bir aniq holatda hal etilishi lozim.
Yaponiyada konstitutsiyaviy islohot istiqbollari
Yaponiya Konstitutsiyasi huquqiy “umri”ning o'ziga xos xususiyati - u amal qilib kelayotgan butun davr davomida birorta konstitutsiyaviy tuzatishlar kiritilmaganligi bilan ajralib turadi. Holbuki Konstitutsiya qabul qilinganidan buyon 70 yildan ko'proq vaqt o'tdi. Bu holat, shu jumladan Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish tartibi nihoyatda qat'iy ekanligi bilan izohlanadi (9-bob).
96-moddaga muvofiq, Konstitutsiyaga o'zgartirishlar parlamentning tashabbusi bo'yicha kiritilishi mumkin. Bunda ana shu o'zgartirishlar har bir palata a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ko'pchiligi tomonidan qo'llab-quvvatlanishi kerak.
Shundan keyin ana shu o'zgartirishlar umumxalq referendumida ko'pchilikning ovoz berishi orqali ma'qullanishi kerak yoki bu parlament qarori tomonidan belgilanadigan boshqacha saylov o'tkazish orqali ma'qullanishi talab qilinadi.
Faqat shundan keyingina Imperator o'zgartirishlarni “xalq nomidan Konstitutsiyaning ajralmas qismi sifatida” promul`gatsiya qiladi. Konstitutsiyani qayta ko'rib chiqishning yuqorida qayd etilgan tartibi mustahkamlab qo'yilganiga qarmasdan uni o'zgartirish yuzasidan umumxalq ovoz berish tartibi to'g'risidagi qonun shu paytgacha qabul qilinmagan.
1950-1980-yillarda Konstitutsiyani qayta ko'rib chiqish to'g'risidagi masala u qadar ko'p ko'tarilmagan. Shundan keyingi davrda uni o'zgartirish to'g'risidagi takliflar vaqti-vaqti bilan Parlament, partiyalar, jamoatchilik tomonidan muhokama qilingan.
Bunda eng munozarali masala 9-moddada mustahkamlab qo'yilgan urush olib borish hamda qurolli kuchlarni xalqaro mojarolarni hal etish vositasi sifatida qo'llash to'g'risidagi masala bo'lgan.
2005 yil avgustida Yaponiyaning Bosh vaziri Yunishiro Koitsumi Bosh vazir nazorati ostida qurolli kuchlardan “millatni himoya qilish” maqsadida foydalanishga hamda ularning xalqaro operatsiyalarda ishtirok etishiga ruxsat beradigan o'zgartirishni ilgari surgan. Ushbu tuzatish jamoatchilik tomonidan qizg'in muhokama qilindi.
Imperatorning rolini kuchaytirish, xotin-qizlarning maqomi, ta'lim tizimi to'g'risidagi konstitutsiyaviy normalarni kiritish, diniy tashkilotlar huquqiy holatini o'zgartirish, mahalliy o'zini o'zi boshqarish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimchalar kiritish va qator boshqa takliflar ham kiritildi. Shuningdek, saylanadigan Bosh vazir mansabini kiritish, saylov tizimini takomillashtirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Konstitutsiyani isloh etish bo'yicha takliflarda uni o'zgartirish tartibi normalarini soddalashtirish masalasi ko'tarildi. Bunda Konstitutsiyada mustahkamlab qo'yilgan uchdan ikki ko'pchilikning yoqlashi to'g'risidagi normani parlamentda ovoz berishda oddiy ko'pchilik bilan soddalashtirish taklifi ham kiritildi.
Xalq tomonidan ovoz berish to'g'risidagi qoidaga kelganda, birorta siyosiy guruh uni o'zgartirish masalasini ko'tarmadi. Ehtimol, bunga ushbu qoida hozirga qadar foydalanilmay kelinganligi sabab bo'lgandir.
Turli siyosiy kuchlarning faol munozara o'tkazishlari, shuningdek 2000 yildan boshlab Parlamentning har ikki palatasidagi Konstitutsiyani o'zgartirish bo'yicha qo'mitalar faoliyatiga, ushbu masala bo'yicha qator eshitishlar o'tkazilganiga qaramasdan Konstitutsiyani o'zgartirishga yakdil yondashuvni shakllantirib bo'lmadi.
Eng barqaror zamonaviy Konstitutsiya
Yaponiyaning 1947 yilgi Konstitutsiyasi eng barqaror zamonaviy Konstitutsiya hisoblanadi. Zero, u qabul qilingan 72 yildan beri Konstitutsiyaga hech bir tuzatish kiritilmagan.
Xuddi ana shu holat Yaponiyaning 1947 yilgi Konstitutsiyasi sifati va barqarorligining yaqqol dalolatidir. Yaponiya Konstitutsiyasining bunday barqarorligi, eng avvalo, bahs talab qilmaydigan afzalliklari: mazmunining mukammalligi, qoidalarning aniqligi va konstitutsiyaviy normalarning mahoratli shakllantirilganligi bilan izohlanadi.
Haqiqatan ham, yapon xalqi Konstitutsiyasining nufuzini juda yuqori baholaydi. Yaponiyada Konstitutsiya u kuchga kirganligining birinchi yili – 1948 yildan boshlab nishonlab kelinadi va mamlakatda davlat bayrami hisoblanadi. Yaponlar ushbu sanani sevishadi, chunki u bayramlarning “oltin haftaligi”ga kiradi.
Ana shu “oltin hafta” 29 apreldagi Syova kunini, 3 maydagi Konstitutsiya kunini, 4 maydagi Ko'katlar kunini va 5 maydagi Bolalar kunini qamrab oladi. Bu kunlarda Yaponiya parlamenti binosi odamlar uchun ochiq bo'ladi.
Shuningdek, maktablar, universitetlar va boshqa muassasalarda Konstitutsiyaning Yaponiyani taraqqiy ettirishdagi ahamiyati to'g'risida ma'ruzalar qilinadi. Bularning hammasi yapon xalqida konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirishga yo'naltirilgandir.
Akmal Saidov,
akademik
- Qo'shildi: 17.12.2019
- Ko'rishlar: 6126
- Chop etish