KONSTITUTSIYA VA SO'Z ERKINLIGI – PANDEMIYA INQIROZI SHAROITIDA

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligiga

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko'ra, so'z, axborot, e'tiqod, fikr va g'oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «fuqarolarning fikr, so'z va e'tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir».

So'z erkinligi, matbuot erkinligi, fikr erkinligi aslida ham fuqarolik jamiyatining mazmun-mohiyatini bor bo'y-basti bilan ochib beruvchi adolat, oshkoralik, demokratiya tushunchalariga to'la hamohang. Istiqlol yillarida bu tushuncha va qadriyatlar jamiyat hayotida mustahkam o'rin egallashi yo'lida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi.

 

Birinchi maqola: Fikr yuritish va so'z erkinligi – konstitutsiyaviy huquq

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustaqillik sharofati tufayli so'z, matbuot va fikr erkinligini ta'minlashga qaratilgan muhim qoidalar mustakamlab qo'yildi. Ushbu konstitutsiyaviy qoidalarni ikki guruhga tasniflash mumkin.

Birinchi guruh – fikr yuritish va so'z erkinligini inson va fuqaroning daxlsiz hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo'yishga hech kim haqli bo'lmagan shaxsiy huquq va erkinliklari sifatida qaror toptiruvchi konstitutsiyaviy qoidalar.

Konstitutsiyaning 29-moddasida qayd etilganidek, har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o'zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo'lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Konstitutsiyaning 2, 12, 14, 15, 16, 17, 18, 19, 20, 22, 23, 24, 25, 26, 27, 30 va 31-moddalari ham, garchi ularning matnida “so'z erkinligi”, “matbuot erkinligi”, “fikr erkinligi” kabi tushunchalar ishlatilmagan bo'lsa-da, inson va fuqaroning ana shu huquq hamda erkinliklari ta'minlanishi va himoya etilishiga xizmat qiladi.

Bu konstitutsiyaviy moddalar keyinchalik qabul qilingan ko'plab qonunlar va kodekslarda yanada kengaytirildi va konkretlashtirildi.

Ikkinchi guruh – insonning fikrlash, so'z va matbuot erkinligini to'g'ridan-to'g'ri ta'minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyati alohida instituti – ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi huquqiy maqomi belgilab qo'yilgan konstitutsiyaviy qoidalardir. 

Konstitutsiyaning 67-moddasi bunga misol bo'la oladi. Unda qayd etilganidek: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to'g'riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo'l qo'yilmaydi”. Bunday qoida ilgari O'zbekistonning birorta konstitutsiyasida, hattoki sobiq ittifoq konstitutsiyasida ham bo'lmagan.

Ushbu modda negizida O'zbekiston tarixida birinchi marta ommaviy axborot vositalarining erkinligi printsipi konstitutsiyaviy qoida tariqasida mustahkamlab qo'yildi. Eng muhimi, senzura bekor qilindi. Senzuraning taqiqlanishi bilan ommaviy axborot vositalariga tazyiq o'tkazilishining oldi olindi.

Ushbu konstitutsiyaviy qoida ommaviy axborot vositalari chinakam erkin faoliyat yuritishining huquqiy kafolati bo'lib, jamiyatning yangilanishi jarayonida mislsiz ahamiyatga ega.

Shu bilan birga,  mazkur konstitutsiyaviy qoida ommaviy axborot vositalari qonunchiligining asosi bo'lgan bir qancha qonunlar qabul qilinishida mustahkam poydevor vazifasini o'tadi va o'tamoqda.

Konstitutsiyaning 29-moddasiga ko'ra, fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo'lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Mazkur yo'nalish bo'yicha taqiqlanishi ko'zda tutilgan suiiste'molliklarning o'zi to'rtta qismdan iborat bo'lib, bular:

a) O'zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo'rlik bilan o'zgartirishga da'vat qilish;

b) urush va zo'ravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targ'ib etish;

v) davlat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan o'zga sirni oshkor etish;

g) jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir qilish. 

Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularning shaxsiy hayotiga arlashish taqiqlanadi.

Bu qoida Konstitutsiyada inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi yozib qo'yilgan 13-modda, fuqarolar huquq va erkinliklarining daxlsizligi mustahkamlangan 18, 19 va 20-moddalar, shuningdek, har kimning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi kafolatlangan 25, 27 va 48-moddalarga asoslangan.

Asosiy Qonunning 48-moddasiga muvofiq, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.

Konstitutsiyaning 29-moddasida qayd etilganidek, har kim o'zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Asosiy Qonunda belgilangan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqi mustaqillik yillarida ommaviy axborot vositalari sohasiga doir qonunlarda yanada kengaytirildi va mustahamlandi.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech