Konstitutsiyaviy sud va uning davlat hokimiyati tizimida tutgan o‘rni

MA’RIFIY-HUQUQIY SOAT

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.

(O‘zbekiston Respublikasi  Konstitutsiyasi 132-moddasi)

Har bir mamlakatda huquqiy demokratik davlat barpo etishning eng muhim shartlaridan biri - davlat hokimiyati vakolatlarini biri-biridan mustaqil bo‘lgan davlat organlari o‘rtasida taqsimlanishidir. Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va va normalariga asoslangan holda yangi O‘zbekistonni barpo etishda, davlat hokimiyati organlari o‘rtasida hokimiyat vakolatlarini bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy prinsipni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu nuqtai nazardan olganda, davlat tizimida sud hokimiyatining muhim tarmog‘i - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini hayotga joriy etishda alohida o‘ringa ega. Chunki, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlaydi. Shu asnoda har ikki davlat hokimiyat tarmog‘ining o‘z vakolatlari doirasida ish yuritayotganligi, ular chiqargan normativ-huquqiy hujjatlarda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya qilinganligiga ham baho beradi. Bu bilan huquqiy davlatning muhim sharti hisoblangan qonun ustuvorligini ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashadi. 

Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari ustuvorligini ta’minlash, ko‘p jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faliyati samaradorligiga bevosita bog‘liq.

Davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarini Kostitutsiyaga muvofiq tiyib turish va muvozanatda ushlab turish uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘zining vakolatlari doirasida quyidagi masalalarni ko‘rib chiqadi: 

1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;            

2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar - O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar - O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; 

3) referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 

4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 

5) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; 

6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi; 

7) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi; 

8) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.

Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli.

Yuqorida sanab o‘tilgan Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini aksariyati keyingi yillarda sud-huquq sohasida olib borilgan islohotlar natijasida muntazam ravishda kengayganligini ko‘rishimiz mumkin.

Konstitutsiyaviy sud faoliyatining yana bir muhim jixati shundaki, u faqat, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi Qonunda belgilangan vakolatlarni aniq va og‘ishmay amalga oshirish uchun Konstitutsiyaviy sud o‘z faoliyati davomida quyidagi asosiy prinsiplarga amal qiladi. 

Bular: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ustunligi¸ mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsiplaridir.

Konstitutsiyaning ustunligi.

Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi prinsipi, qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy prinsipning hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa normalarining ro‘yobga chiqarilishi asosida amalga oshiriladi.

Konstitutsiyaviy sud faqat O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.

Konstitutsiyaviy sud va uning sudyalari mustaqilligi deganda nimani tushunish lozim? Buni quyidagicha izohlash mumkin: 

Konstitutsiyaviy sud va uning sudyalari o‘z faoliyatida mustaqildir hamda faqat O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga bo‘ysunadi. 

Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilar ekan, o‘zining huquqiy nuqtai nazarini amaliy maqsadga muvofiqlik mulohazalaridan, siyosiy moyilliklar va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lgan holda ifodalaydi. 

Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Kollegiallik prinsipi deganda, ishlarni qo‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish kamida to‘rt sudyadan iborat tarkibda kollegial amalga oshirilishini tushunish lozim.

Oshkoralik prinsipi esa, Konstitutsiyaviy sudning majlislari, qoida tarzida, ochiq o‘tkazilishini nazarda tutadi.

Konstitutsiyaviy sudning qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘ziga xos vakolatga ega bo‘lgan sud hokimiyati bo‘lgani bois, uning muhokamasiga masalalarni kiritish tartibi ham Qonunda alohida belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga masalalar kiritish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman); O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi; Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi; Senat a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi; O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori; O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi; Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy markazi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil. Agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.

Agar olingan materiallar qo‘yilayotgan talablarga javob bersa, Konstitutsiyaviy sud ular olingan kundan e’tiboran yetti kunlik muddatdan kechiktirmay masalani o‘rganib chiqishga kirishadi.

Ko‘rib chiqilayotgan ish yuzasidan qaror murojaat ko‘rib chiqishga qabul qilingan paytdan e’tiboran uch oydan kechiktirmay Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilinadi.

Konstitutsiyaviy sud majlisining qatnashchilari ham o‘ziga xos tartibda belgilangan. Masalan, Konstitutsiyaviy sud majlisida Sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, adliya vaziri, Hisob palatasi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ishtirok etishi mumkin. Ular ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishga haqli.

Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviyligi shubha tug‘dirgan ko‘rib chiqilayotgan aniq masalalar yuzasidangina to‘xtamga keladi.

Konstitutsiyaviy sudning to‘xtami ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.

Sudya ovoz berishda betaraf qolishga yoki qatnashmaslikka haqli emas.

Majlisda qatnashayotgan sudyalarning ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, Konstitutsiyaviy sudning to‘xtami qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng bo‘linib qolgan taqdirda Raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy sudning to‘xtamiga qo‘shilmagan Konstitutsiyaviy sudning sudyasi o‘z fikrini yozma tarzda bayon qilish va uni Konstitutsiyaviy sud majlisi bayoniga qo‘shib qo‘yishga haqlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarorlari, xulosalari va boshqa to‘xtamlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. Konstitutsiyaviy sudning to‘xtami u matbuotda e’lon qilingan paytidan kuchga kiradi. Konstitutsiyaviy sudning to‘xtami qat’iy va uning ustidan shikoyatga o‘rin bo‘lmaydi.

Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustqil holda ish yuritishni ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaviy sud sudyalarini saylashni  o‘ziga xos tartibi o‘rnatilgan. 

Uning sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi.

Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Senat a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz nafar sudyasidan iborat bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddati birinchi marta saylanganida besh yilni, navbatdagi saylanganida o‘n yilni tashkil etadi. 

Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi, qoida tariqasida, yetmish yoshni tashkil etadi.

Ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emas.

Shu o‘rinda Konstitutsiyaviy sudning sudyaligiga nomzodga qo‘yiladigan talablarga to‘xtalib o‘tsak. 

Chunki, Konstitutsiyaviy sudning sudyaligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar boshqa yurisdiksiya sudlari sudyaligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablardan bir muncha farq qiladi. Siyosat va huquq sohasi mutaxassisi bo‘lgan, yuksak ma’naviy fazilatlarga va zarur malakaga ega bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga Oliy yoki Birinchi malaka darajalari beriladi. Oliy malaka darajasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Birinchi malaka darajasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan beriladi.

Albatta, Konstitutsiyaviy sud sudyasi o‘z vakolati va mas’uliyatidan kelib chiqib, daxlsizlik huquqidan foydalanadi. Shuning uchun ham amaldagi qonunlarga muvofiq, Konstitutsiyaviy sudning sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligisiz jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilishi, shuningdek hibsga olinishi mumkin emas. 

Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan jinoiy ish faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sud sudyasini majburiy keltirish, ushlab turish, xuddi shuningdek shaxsiy ashyolari, yuki, transporti, turar joyi yoki xizmat binosini ko‘zdan kechirish mumkin emas.

Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sud qarori bilan to‘xtatilishi mumkin:

U jinoiy javobgarlikka tortilganda; sudyalik lavozimiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat bilan shug‘ullanganda; sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan u bedarak yo‘qolgan deb hisoblanganda.

Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkinmi? Mumkin, faqat quyidagi hollarda, unda ham Oliy Majlis Senatining qarori bilan tugatiladi:

Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Senatning qarori bilan muddatidan ilgari tugatiladi:

u sudyalik qasamyodini buzganida;

u yozma ariza berganida;

unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganida;

sudya ogohlantirilganidan yoki uning vakolatlari to‘xtatilganidan keyin ham sudyalik lavozimi bilan bir vaqtda shug‘ullanib bo‘lmaydigan faoliyatni davom ettirganida;

sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra u uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifalarini bajarishga qobiliyatsiz bo‘lganida;

u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganida;

u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganida;

u vafot etganida yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb e’lon qilinganida.

Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari tugaganidan keyin unga Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga saylanishiga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.

Vakolatlari muddati tugagan sudyaning uni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoxud boshqa ish taqdim etish to‘g‘risidagi masala hal bo‘layotgan davrda, biroq uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatda o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

 

ABDUMANNOB RAXIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudining sudyasi,

ALISHER KARIMOV,

Konstitutsiyaviy sud 

katta eksperti

O‘zA

Powered by GSpeech