Koronavirus inqirozi va jurnalistlik faoliyati muammolari (O'n ikkinchi maqola)

Tarixdan ma'lumki, hamma zamon va makonlarda ham insoniyat boshiga turli xavf-xatar va sinovlar tushgan. 2019 yil oxiridan buyon jahon jamoatchiligini tashvishga solib kelayotgan COVID-19 virusi ham odamzod uchun shunday tahdidlardan biridir. Hozirgi global dunyoda tinchlik va sog'liqni asrash juda murakkab vazifa bo'lib turibdi.

O'zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlangan kundanoq davlat va hukumat bu xatarni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko'rdi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o'tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta'minlandi.

Dunyoning barcha davlatlari bilan muntazam aviaqatnovlar to'xtatilib, xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni, shuningdek, yo'lovchi tashuvchi transport vositalarining mamlakat hududiga barcha chegara o'tkazish punktlari orqali kirib kelishi to'xtatildi.

O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslarni 14 kun davomida maxsus ajratilgan tibbiyot muassasasi yoki karantin tadbirlarini tashkil etishga moslashtirilgan bazalar yoxud uy sharoitida karantinga olish talabi belgilandi.

Davlat tomonidan koronavirusga qarshi kurash olib borish, uning keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash hamda bemorlar salomatligini tiklash sohasida tezkor qarorlar qabul qilindi. Dastlabki 2 oy ichida milliy qonunchilikda 26 ta me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Bunday muhim chora-tadbirlarga qaramasdan, koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan shaxslar karantin talablarini qo'pol ravishda buzish orqali, shu jumladan, karantin o'tash joylarini tark etgan holda infektsiyaning aholi orasida keng tarqalish xavfini vujudga keltirdi.

Shuningdek, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar haqida haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni Internet butunjahon tarmog'i orqali tarqatish holatlari uchray boshladi.

Misol uchun, O'zbekistonda koronavirus karantini e'lon qilinganidan so'ng ikkinchi kuniyoq, ya'ni 17 martda ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi mazmundagi yolg'on axborot tarqaldi: “Bugun 23:00 va tonggi 5:00 gacha vertolyotlar dezinfektsiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo'lishi lozim va 23:00 dan so'ng ko'chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi”.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi ushbu yolg'on xabarni zudlik bilan rad etdi.

Shu o'rinda haqiqatga to'g'ri kelmaydigan axborot tarqatish "Ommaviy axborot vositalari to'g'risida"gi qonunning 6-moddasi, "Axborotlashtirish to'g'risida"gi qonunning 12-(1)-moddasi va Jinoyat kodeksini buzish hisoblanishini ta'kidlash lozim. Bu esa jinoiy javobgarlikka olib keladi. 

Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-1, 2-qismiga ko'ra, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g'oyalari bilan yo'g'rilgan, qirg'in solishga yoki fuqarolarni zo'rlik bilan ko'chirib yuborishga da'vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to'rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko'rsatilgan harakatlar: 

a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan; 

b) xizmat mavqeidan foydalanib; 

v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib; 

g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog'idan foydalanib sodir etilgan bo'lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, "Hozirgi vaziyatda ayrim mas'uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o'zini «piar qilish»ni yaxshi ko'radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi. Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto'g'ri, asoslanmagan ma'lumotlarni tarqatishga yo'l qo'ymasligimiz zarur".

Bu, o'z navbatida, milliy qonuchilikka bir qator qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritishni taqozo etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 26 martda “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun imzolanib, 27 mart kuni matbuotda e'lon qilindi.

Qonunga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta'minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish maqsadida Jinoyat kodeksi 244-(5)-modda bilan to'ldirildi.

Unda karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo'lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatish:

bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha (44 million 600 ming so'm) miqdorda jarima;

300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko'paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek, Internet orqali tarqatish:

BHMning 200 baravaridan (44 million 600 ming so'mdan) 400 baravarigacha (89 million 200 ming so'm) miqdorda jarima;

300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

3 yilgacha ozodlikni cheklash;

3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Agar dunyo mamlakatlari bilan solishtiriladigan bo'lsa, ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun bundan ko'ra kuchliroq jazo choralari qo'llanilishi ko'zda tutilgani ayon bo'ladi.

Misol uchun, "The Washington Post" xabariga qaraganda, Vengriyada yolg'on axborot tarqatgani uchun besh yil qamoq jazosi, shuningdek karantinga rioya qilmaganlar uchun ham qamoq jazosi muddatlarini nazarda tutuvchi favqulodda qonun qabul qilingan.

Afsuski, shunga qaramasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro'sizlantirishga olib keladigan hamda jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega bo'lgan yolg'on axborotni tarqatish, shuningdek ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish hollari dunyo miqyosida va mamlakatimizda ham uchrab turibdi.

Shu ma'noda, kuni kecha bo'lib o'tgan Oliy Majlis Senatining o'ninchi yalpi majlisida “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma'qullanganini alohida ta'kidlash lozim.

Ushbu Qonunda axborot egalarining so'z mas'uliyati va uning oqibatlari bo'yicha javobgarlikni his qilishi, boshqa shaxslarning huquqlari kafolatlanishi ham tegishlicha belgilab qo'yilgan.

Yangi Qonunning maqsadi – dolzarb, ishonchli va jamiyat uchun muhim bo'lgan axborotni erkin tarqatish jarayonlariga ko'mak beradigan amaliy huquqiy mexanizmlarni yaratishdir. Shuningdek, u ommaviy axborot vositalari erkinligi hamda jurnalistlarning professional faoliyatining himoyasi to'g'risidagi qonunchilik himoyasini ta'minlash, milliy axborot makonining hamda huquq tartibot asoslari xavfsizligi va barqarorligini ta'minlashni ko'zda tutadi.

Mazkur Qonun asosida quyidagilarni amalga oshirish belgilangan:

diffamatsiya, ya'ni, tuhmat va haqorat holatlari bilan bog'liq jinoyatlar tarkibiga nisbatan yengillashtirish choralarini qo'llash;

pornografik mahsulotni tayyorlash yoki realizatsiya qilish holatlari va reklama sifatida foydalanish holatlariga nisbatan belgilangan jazo choralarini kuchaytirish;

shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro'sizlantirishga olib keladigan hamda jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega bo'lgan yolg'on axborotni tarqatish bilan bog'liq harakatlar uchun qonunchilikka yuridik javobgarlik choralarini kiritish.

Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi, Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.

Birinchidan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish hamda zo'ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ'ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish  uchun javobgarlikni belgilovchi moddalariga ma'muriy huquqbuzarlik harakatlariga aniqlashtiruvchi qoidalar kiritildi.

Ushbu moddalarning matni “ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlariga yoki Internet jahon axborot tarmog'iga joylashtirish” degan so'zlar bilan to'ldirildi.

O'z o'rnida, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks yolg'on axborot tarqatish uchun ma'muriy javobgarlikni belgilovchi yangi modda bilan boyidi.

Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining yuqorida qayd etilgan harakatlarni ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgani uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari, shuningdek tuhmat va haqorat qilish uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari ham huddi shunday me'yorlar bilan to'ldirildi.

Shu bilan birga, mantiqiy davomiylikni joriy qilish maqsadida Jinoyat kodeksiga ham yolg'on axborot tarqatish uchun javobgarlikni belgilovchi yangi modda kiritildi.

Jinoyat kodeksining diffamatsiya holatlari bilan bog'liq jinoyatlar tarkibiga nisbatan yengillashtirish choralari qo'llanildi. Kodeksning tuhmat va haqorat qilish uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari sanktsiyalaridan ozodlikdan mahrum qilish jazosi chiqarib tashlandi.

Qonun ijodkorlarining fikricha, mazkur Qonun bilan yolg'on axborotni tarqatganlik uchun yuridik javobgarlik choralarining qabul qilinishi fuqarolarning axborot huquqlari himoyalanishiga, kommunikatsiya tizimiga dolzarb va ishonchli axborotlar kiritilishiga, shuningdek jamiyatning xavfsizligi va barqarorligi ta'minlanishiga ko'mak beradi.

Shuningdek, ushbu Qonun bilan kiritilayotgan diffamatsiya, ya'ni tuhmat va haqorat holatlari bilan bog'liq jinoyatlar tarkibiga nisbatan yengillashtirish choralari jamiyatda ochiqlik darajasini oshiradi. O'zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi ko'rsatkichlari yaxshilanishini ta'minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, qonunchilikda yolg'on va noto'g'ri ma'lumot tarqatganlik uchun javobgarlik bor. Mazkur Qonunning qabul qilinishi esa milliy OAV va jurnalistlarning professional faoliyati uchun yangi samarali mexanizmlarni yaratishga imkon beradi. Eng muhimi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari to'g'risidagi ma'lumotlarni erkin olishlari hamda ularning faoliyatiga aralashmaslik bo'yicha qo'shimcha kafolatlarni yaratadi.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech