Koronavirus pandemiyasi va migrantlar huquqlari himoyasi

Hozirgi vaqtda migratsiya va migrantlar barcha davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida sezilarli mavqeiga egadir. Aynan shu sababli
xalqaro hamjamiyat 2018 yilda Marokash shahrida Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi Global shartnomani ma'qullagan.

BMT ma'lumotlariga ko'ra, hozirgi kunda jahonda mehnat migrantlari va qochoqlar soni 272 mln kishini tashkil qiladi. Shundan 70 mln kishi noqonuniy migrantlardir. Pandemiyaning dastlabki bosqichida ko'rilgan karantin choralari tufayli ularning ma'lum bir qismi mehnat qilishga borgan mamlakatlarda ijtimoiy himoyasiz, iste'mol mahsulotlarisiz, turar joysiz va o'z Vataniga qaytish imkoniyatisiz qoldi.

Bugungi kunda insoniyat duch kelgan pandemiya, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "o'zining ko'lami va miqyosiga ko'ra, mislsiz global inqirozga, butun bashariyat taqdiri va jahon iqtisodiyoti uchun g'oyat jiddiy sinovga aylandi”.

Chindan ham, global falokatga aylangan pandemiya sharoitida ishsizlikning keskin oshishi, daromadlarning qisqarishi shunday ham nochor holatda bo'lgan millionlab insonlarning, xususan, mehnat migrantlarining yanada og'irroq sharoitga tushishiga olib keldi. Yashash uchun vosita qidirishga urinish shafqatsiz ekspluatatsiyaga tushib qolish xavfini kuchaytirdi.

Nolegal, ya'ni noqonuniy migrantlar va mavsumiy ishchilar yanada xavfliroq ish sharoitlariga to'qnash kelmoqda. Bu esa ularning jinoiy guruhlar qo'liga tushishi oldidagi zaifligini oshirmoqda.

Shu ma'noda, O'zbekiston MDH hududida mehnat migratsiyasi masalalari bo'yicha hamkorlik dasturi qabul qilishni taklif qilgani e'tiborga sazovor. Bu tashabbusni Prezident Shavkat Mirziyoev 18 dekabr kuni bo'lib o'tgan MDH davlat rahbarlari sammitida ilgari surdi.

Davlatimiz rahbarining fikricha, mehnat muhojirlari hujjatlarini o'zaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish vaqti keldi. Shu maqsadda O'zbekiston mehnat migratsiyasi masalalari bo'yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etmoqda.

MDH davlatlari rahbarlari tomonidan O'zbekiston Prezidentining boshqa bir qator takliflari qatori ushbu tashabbusi ham qizg'in kutib olingani bejiz emas. Chunki hozirgi kunda MDH davlatlarida ishlayotgan fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish dolzarb masala sanaladi. Shu bilan birga, ham davlat va biznes, ham ishchilarning manfaatlarini birlashtirish va hisobga olish zarur.

Binobarin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta'kidlaganidek, “Hech bir mamlakatning yakka o'zi pandemiyani va uning oqibatida kelib chiqqan migratsion inqirozni bartaraf eta olmaydi. Bu vaziyat eng nochor holatda bo'lgan migrantlarga kuchli zarba beradi. Shuning uchun davlatlar migratsiya jarayonini tartibga soladigan choralarni hamkorlikda
kuchaytirishlari kerak”.

O'zbekiston migrantlar huquqini himoya qilish yo'nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish borasida chora-tadbirlarni izchil amalga oshirmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish bo'yicha taklifi bunga yaqqol misoldir.

Bunday Kodeksda avvalo COVID-19 pandemiyasi sharoitida aholi bandligini ta'minlash, mehnat migrantlari manfaatlarini himoya qilish, qashshoqlikni yumshatish masalalarida davlatlarning hamkorligi va majburiyatlari masalasi o'z ifodasini topadi. Bu xalqaro hujjatning qabul qilinishi esa migrantlar huquqini himoya qilish yo'nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. 

O'zbekiston BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida migrantlar huquqini himoya qilish bo'yicha belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning “Yo'l xaritasi”da migrantlar huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi belgilandi.

Milliy strategiyaning “Yo'l xarita”sida 2021 yilda «Mehnat migratsiyasi to'g'risida»gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish ko'zda tutilgan. Mazkur qonunda jamiyat, davlat va inson manfaatlariga daxldor migratsiya muammolarini hal etish, migratsiya sohasidagi munosabatlarning barqarorligini ta'minlash, mehnat migrantlari huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalalari nazarda tutiladi.

Shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish tadbirlari doirasida BMTning Barcha mehnatkash-migrantlar va ularning oila a'zolarining huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi konventsiyasini, Xalqaro Mehnat Tashkilotining Mehnatkash-migrantlar to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilish masalasini o'rganib chiqish bo'yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 14 sentyabrda qabul qilingan "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan O'zbekistonda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilishga kirishildi.

O'zbekistonda Odam savdosini, ayniqsa ayollar va bolalar savdosini oldini olish va bartaraf etish hamda ular uchun jazolash to'g'risidagi Palermo protokoli qabul qilinganligining 20 yilligi keng nishonlandi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot hamkorligida migrantlar huquqlarini ta'minlash yo'nalishida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, axborot-tahliliy yo'nalishda - «Odam savdosiga qarshi kurashish va migrantlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha milliy tizim tahlili» amalga oshirildi.

Ikkinchidan, tadbirlar, jumladan, treninglar yo'nalishida - 6 ta qo'shma tadbir o'tkazildi. Ushbu tadbirlar doirasida 166 nafar mutaxassisning kasbiy malakasi oshirildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning O'zbekistonda va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida o'tkazilgan tadbirlarida trener va ekspert sifatida ham ishtirok edi.

Uchinchidan, nashrlar yo'nalishida - «Mehnat migrantlari uchun odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha amaliy qo'llanma» o'zbek va qoraqalpoq tillarida tayyorlandi va chop etildi.

To'rtinchidan, axborot resurslari ta'minoti yo'nalishida - Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Axborot-resurs markazida «Odam savdosiga qarshi kurashish»ga bag'ishlangan alohida bo'linma tashkil etilgan.

Hozirgi kunda “Migrantlar huquqlari” bo'yicha axborot markazini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda bu yerga 25 nomdagi 100 ga yaqin maxsus adabiyot keltirildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi beg'araz ravishda Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot tomonidan Samarqand shahrida va Andijon viloyati Oltiinko'l tumanida tashkil etilgan «Mahalla axborot-resurs markazlari»ga 500 dan ortiq kitob va jurnallar taqdim etdi.

Beshinchidan, xorijiy tajribani o'rganish yo'nalishida - 2017 yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot tomonidan tashkil etilgan xorij o'quv-tanishuv safarlarida ishtirok etdi. Xususan, Markaz vakili Koreya Respublikasi va Filippin davlatlariga safar qildi. Milliy markaz vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlarida tashkil etilgan mintaqaviy tadbirlarda ham qatnashdi.

Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot bilan hamkorlik doirasida nochor migrantlarga yordam berish; xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya g'oyalarini ro'yobga chiqarish; migrantlar huquqini himoya qilish bo'yicha ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirishga doir qator tavsiyalar tayyorlandi.

Shuni ham ta'kidlash joizki, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi «Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta'lim va tadqiqotlar» mavzusida respublika tanlovini e'lon qildi. Tanlov 2020 yil oktyabr`-dekabr` oylarida o'tkazilib, unda 80 dan ortiq ishtirokchi o'z ijodiy ishlari bilan faol qatnashdi.

Tanlovning ikki nominatsiyasi migrantlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha yo'nalishlarda o'tkazildi. Ushbu nominatsiyalar bo'yicha g'oliblarni taqdirlash marosimi 18 dekabr - Xalqaro migrantlar kunida bo'lib o'tdi.

Xususan, avvalo, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etgan “Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta'lim va tadqiqotlar” tanlovining migrantlar huquqlari bo'yicha g'oliblari  deb quyidagilar e'lon qilindi.

Tanlovning «COVID-19 inqirozidan zarar ko'rgan muhojirlarga yordam berish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarining eng faoli» yo'nalishi bo'yicha:

«Barqaror hayot» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti (Termiz, Surxondaryo);
«Nihol» nodavlat notijorat tashkiloti (Toshkent viloyati);
«Madad» respublika nodavlat notijorat tashkiloti;
«Tadbirkor ayollar jamiyati (Obshestvo jenshin malix predprinimateley)» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari (Qizilorda, Qozog'iston). 

O'z navbatida, tanlovning «COVID-19 inqirozidan zarar ko'rgan muhojirlarga yordam berish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi davlat tashkilotlarining eng faol xodimi» yo'nalishi bo'yicha Otabek Botirjonov bilan Alisher Ro'ziev sovrindor bo'ldi.

Xulosa qilib aytganda, migrantlarning huquqlarini himoya qiliish yo'nalishidagi ishlar bundan keyin ham izchil davom etadi va bu boradagi xaqaro va mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz zarur bo'ladi. Jumladan, Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot bilan 2021 yili hamkorlikni yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Milliy markazda migrantlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha axborot markazini rivojlantirish, migrantlar huquqlariga qaratilgan mehnat migratsiyasini tartibga solish bo'yicha o'quv kurslarini tashkil etish ko'zda tutilgan.

Shuningdek, “Xalqaro migratsiya huquqi” bo'yicha o'quv moduli va qo'llanma tayyorlash bo'yicha hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda. Bu jarayonlarda "Mehnat migratsiyasidan - ta'lim migratsiyasi sari" shiori alohida e'tibor markazida turadi.

Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori 

 

Ma'lumot uchun: 2020 yil 19 dekabr kuni Tashkent City anjumanlar zalida «Toshkent yoshlar forumi – 2020» doirasida "Globallashuv davrida yoshlar migratsiyasi va uning ijtimoiy-siyosiy masalalari" mavzuida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Yoshlar migratsiyasi masalalariga bag'ishlangan ushbu tadbir O'zbekiston Yoshlar ittifoqi, Respublika yosh olimlar kengashi va O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi.

Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ma'ruza qildi. E'tiboringizga taqdim etilgan maqola ushbu ma'ruza matni asosida tayyorlangan.

Powered by GSpeech