Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari faoliyati samaradorligi baholab boriladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari ishini yangicha tizim asosida tashkil etish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Buni amalda joriy etish maqsadida joriy yil 21 aprelda davlatimiz rahbarining "Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari mustaqilligi hamda faoliyati samaradorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva mazkur qarorning muhim jihatlari haqida ma’lumot berdi: 

– Qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari  tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, hududiy tuzilmalar va tarkibiy tashkilotlar mavjud bo‘lmagan davlat tashkilotlarining markaziy apparati shtat birligi soni 150 tagacha bo‘lsa, 1 nafar mas’ul xodim; 150-400 gacha bo‘lsa, markaziy apparatda 2 nafar xodimdan iborat bo‘linma; 400 va undan ortiq bo‘lsa, markaziy apparatda 3 nafar xodimdan iborat bo‘linma faoliyat yuritadi. 

Hududiy tuzilmalar va tarkibiy tashkilotlar mavjud bo‘lgan davlat tashkilotlarining markaziy apparati shtat birligi soni 150 tagacha bo‘lsa, markaziy apparatda 2 nafar xodimdan iborat bo‘linma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan mas’ul xodim; 150-400 gacha bo‘lsa, markaziy apparatda 3 nafar xodimdan iborat bo‘linma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan mas’ul xodim; 400 va undan ortiq bo‘lsa, markaziy apparatda 4 nafar xodimdan iborat bo‘linma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan mas’ul xodim faoliyat olib boradi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining belgilangan umumiy soni va ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘zlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari uchun ushbu minimal mezonlarda nazarda tutilganidan ko‘proq shtat birliklarini belgilashi mumkin. Bunda, belgilangan mas’ul xodimlar shtat birliklari soni 7 va undan ortiq bo‘lgan hollarda boshqarma, 2 va undan ortiq bo‘lgan hollarda bo‘lim tashkil etiladi.

2027 yil 1 yanvargacha Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” hamda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatlarining   (eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tayinlanadi. 

Mazkur nazorat bo‘linmalari rahbarlari bevosita Agentlikka bo‘ysunadi. Ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish Agentlik hamda eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy ta’minlash, ularning xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan o‘tkazish hamda malakasini oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi. 

Ilk marta lavozimga tayinlangan davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining rahbarlari va xodimlari – Agentlikda, hududiy bo‘linma va tarkibiy tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul xodimlari – davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarida ikki haftalik stajirovka o‘taydi. 

Agentlik tomonidan ular uchun har yili qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Har uch yilda attestatsiyadan o‘tkazilishi ta’minlanadi.  

2025 yil 1 iyulga qadar “E-anticor.uz” elektron platformasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan ishlar haqidagi hisobotni elektron shaklda taqdim etish, anonim so‘rovnomalar o‘tkazib, natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi. 

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech