Mamlakatimizda so‘nggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Shu maqsadda Senat raisi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham faol ish olib bormoqda.
Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Bundan buyon ham taraqqiyot kushandasi bo‘lgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz”.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yil 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida davlatimiz rahbari bu borada bildirgan fikrlarning tub mohiyati va ahamiyati keng muhokama etildi. Majlisni mazkur Milliy kengash raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva boshqardi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi.
Majlisda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan ham munosib baholab borilayotganligi e’tirof etildi. Xususan, Jahon odil sudlov loyihasi tomonidan yuritiladigan Huquq ustuvorligi indeksining 2021 yil hisobotida O‘zbekiston 19 pog‘onaga, 139 ta mamlakat orasida 89-o‘rindan 70-o‘ringa ko‘tarilgani alohida e’tiborga sazovor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 oktyabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu hujjat mamlakatimizda huquqni qo‘llash amaliyoti qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni aniqlash va bartaraf etish tizimining sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalarini tartibga soluvchi 75 ta qonunchilik hujjatidagi 302 ta korrupsiyaviy omilni bartaraf etish ko‘zda tutilgan.
Bu haqda so‘z borganda, jumladan, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va uning “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimi ishlab chiqilib, 2021 yildan real vaqt rejimida mamlakat miqyosida joriy qilinganini ta’kidlash lozim. Bu tizimlarni tatbiq qilishdan maqsad – qurilish ob’ektlarini nazorat qilish jarayonlarida korrupsiyaviy omillarni kamaytirish va shu jarayonlarning shaffofligini ta’minlashdir.
Mazkur tizim:
- Qurilish sohasida elektron davlat xarid portali;
- Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingi;
- “Qurilish nazorati” axborot tizimi;
- “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi;
- “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” axborot tizimi;
- Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish elektron platformasidan iborat.
O‘z navbatida, oliy ta’lim sohasida korrupsiogen va inson bilan bog‘liq omillarni kamaytirish maqsadida bir qator xizmatlar raqamlashtirilgan. Xususan, oliy ta’lim muassasalarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida “Raqamli universitet” loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish maqsadida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish – HEMIS” axborot tizimi ishlab chiqilib, 50 ta oliy ta’lim muassasasida joriy etilgan. Bu axborot tizimi orqali talabalar shaxsiy varaqasi, guruh jurnali, reyting daftarchasi, dars jadvali, davomat va o‘zlashtirish qayd varaqalari raqamlashtiriladi.
Mazkur tizimda 30 ming 402 nafar o‘qituvchi va 656 ming 502 nafar talaba to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi mavjud.
Bunga qadar oliy ta’lim tizimida yoshlarni adolat tamoyili asosida o‘qishga qabul qilish mexanizmi joriy etilib, bir vaqtning o‘zida 5 tagacha oliy ta’lim muassasasi tanlovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratilgani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki buning natijasida 170 ming 655 nafar yosh yigit-qiz oliy ta’lim bilan qamrab olindi.
Boshqacha aytganda, bu ko‘rsatkich 2016 yilda atigi 9 foizdan iborat bo‘lgan esa, endilikda 28 foizga ortdi. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish tartibi ham soddalashtirildi.
Oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, kapital qurilish hamda davlat xaridlari sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” qabul qilinib, ular ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatildi. Xususan, oliy ta’lim va kapital qurilish sohalaridagi bir qator tartib-taomillar soddalashtirildi, inson omili kamaytirildi, ayrim xizmatlarning raqamlashtirilishi hisobiga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etildi.
Shu bilan birga, “korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirishga doir “yo‘l xaritalari”dagi ayrim bandlar belgilangan muddatda va talab darajasida bajarilmagani bilan bog‘liq salbiy holatlar ham mavjud. Bu, o‘z navbatida, yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Misol uchun, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijro etilmasligi va qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy omillarning saqlanib qolayotganligi oliy ta’lim sohasini chinakam “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish imkonini bermayapti. Oqibatda oliy ta’lim tizimida korrupsiya holati yuqoriligicha qolmoqda.
Bu o‘rinda “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalarini ushbu fikrlarning tasdig‘i sifatida keltirish mumkin. Gap shundaki, ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, 2020 yilda respondentlarning 28,9 foizi oliy ta’lim muassasalarida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 38,8 foizni tashkil etgan.
Milliy kengash majlisida sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga qaramay, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatchilik ortib borayotgani tashvish bilan qayd etildi. Binobarin, jinoyatga jazo – muqarrar, deydilar.
Shu ma’noda, 2020 yilda korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan 2 ming 270 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 502 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Ammo, 2021 yil 9 oyining o‘zida ushbu ko‘rsatkich ikki barobar ortgan.
Korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilishi oqibatida yetkazilgan moddiy zarar hajmi ham 1,5 barobarga ko‘paygan. Ya’ni, 2020 yilda jami 500 milliard so‘m zarar yetkazilgan bo‘lsa, shu yilning 9 oyi davomida bu ko‘rsatkich 782 milliard so‘mni tashkil etgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni ko‘rish zarur. Shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshirilishi talab etiladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yaqinda ilgari surilgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan 7 ta ustuvor vazifalar, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga e’tibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingani diqqatga loyiqdir.
Majlisda bir qator muhim hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash masalalari haqida ham so‘z bordi. Jumladan, oliy ta’lim va kapital qurilish sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.
Xulosa qilib aytganda, aslida ham, faqat davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshiradigan tadbirlar va huquqiy choralar bilangina korrupsiya balosiga qarshi samarali kurashib bo‘lmaydi. Buning uchun, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qayd etganidek, “butun jamiyatimizda, avvalo, yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 10.11.2021
- Ko'rishlar: 3680
- Chop etish