“Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanloviga
Inson huquqlari – har bir alohida shaxsning qadr-qimmati va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlaydigan qoidalar majmuidir. Ular davlat konstitutsiyaviy huquqining negizini tashkil etib, shaxsning huquqiy maqomi asosini va asosiy huquqlarini mujassamlashtiradi.
Xalqimiz azaldan erksevar bo‘lgan. Ajdodlarimiz beva-bechoralar, yetim-yesirlar, nochor va nogironlarga madad qo‘lini cho‘zish orqali ularning huquqlarini ta’min etishni o‘zlarining insoniy burchi deb bilganlar.
Zardushtiylikning muqaddas kitobi – «Avesto»da inson huquqlarining ustuvorligi, insonlarning jamoa bo‘lib yashash tarzi, shuningdek, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar, jamoa hayoti bilan bog‘liq masalalarni birgalikda hal etish tartib-taomillari qayd etilgan. Ayniqsa, "Avesto"dagi So‘g‘d hujjatlari o‘sha davr uchun mukammal bo‘lgan huquq tizimi va oila-nikoh normalari amal qilganligini ko‘rsatadi.
So‘g‘d hujjatlarida huquqiy munosabatlar ishtirokchilari tarkibi, ularning huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlari, shartnomani bajarmaganlik oqibatlari, shartnoma tuzish vaqti va joyi batafsil aks etgan. O‘sha davrlarda mehnat faoliyati, jamoalarni boshqarish saylanadigan oqsoqollar qo‘lida bo‘lib, jamoa hayoti bilan bog‘liq barcha ishlar Oqsoqollar kengashi orqali hal etilgan. Oqsoqollar kengashining boshlig‘i zimmasiga qishloqda istiqomat qiladigan jamoaning manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan.
Qadimgi Sharqning taniqli mutafakkiri Abu Ja’far Narshaxiy IX asrda bitilgan «Buxoro tarixi» asarida shaharda 19 ta yirik mahalla bo‘lganligi, ular o‘zini o‘zi idora qilish vakolatlariga egaligini ta’kidlangani ham bu fikrlarimizni tasdiqlaydi.
Bugungi kunda zamondoshlarimiz tilida tez-tez yangrayotgan "Inson qadri", "Insonga e’tibor" kabi ezgu da’vatlarning ildizi, aslida, olis tariximizga borib taqaladi. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodida insonga ehtirom va e’tibor masalasini olaylik.
Navoiy bobomiz o‘z asarlarida insonni nihoyatda ulug‘lagan, uni yashashga, baxtli-saodatli bo‘lishga, dunyoni obod qilishga, o‘zidan yaxshi nom qoldirishga chaqirgan. Olam ko‘rki bo‘lgan inson vujudi – tabiatdagi boshqa narsalardek – o‘t, suv, havo va tuproqdan tashkil topgan, deydilar Navoiy hazratlari. Birgina shu kichik qatrada ham inson zotiga qanchalik yuksak va beqiyos baho berilgani tahsinga loyiqdir.
Alisher Navoiyning fikricha, inson xulq-atvori, dunyoqarashi, odob-axloqi, madaniy-ma’naviy qiyofasi – bularning barchasi ijtimoiy muhitga bog‘liqdir. Ya’ni, ulug‘ bobokalonimiz bundan 580 yil avval uqtirganlaridek, inson ijtimoiy muhit mahsuli sifatida shakllanadi va kamolotga yetadi.
E’tibor berganmisiz, Sohibqiron bobomiz "Temur tuzuklari"da: "Saltanatning ishlarini qonun-qoida va intizomga solib, saltanatim martabasiga zebu ziynat berdim", deb ta’kidlaganlar. Amir Temur saltanatida sipohiy qo‘l ostidagi kishiga zulm o‘tkazsa, u xizmat doirasidan tashqari chiqqan sanalib, sipohiyning o‘zi jabrlanuvchilarga topshirilgan. Bu holda jabrlanuvchi sipohiyni xohlagancha jazolashi mumkin bo‘lgan.
Basharti katta va mahalliy boshliqlar o‘z vakolatlari doirasidan chiqib, o‘zlaridan kichik darajadagi kishilarga zulm o‘tkazsalar, ularga mol-mulkiga qarab jarima solish nazarda tutilgan. Biror kishining aybi isbotlanganda, unga nisbatan faqat bitta jazo qo‘llangan.
Tarix – o‘z yo‘liga. Yurtimizda inson huquqlari sohasidagi hozirgi holat va istiqbollar qanday?
O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekistonda “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga amal qilish masalalari islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu esa nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda mazkur islohotlarning eng demokratik tamoyillarga mosligi, ularning pirovard maqsadi va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi inson qadri va manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilganining e’tirof etilishiga sabab bo‘lmoqda” (Qarang: Shavkat Mirziyoev. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi. To‘ldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2022. – B.58).
Haqiqatan ham, bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida yurtimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida shiddatli va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yanada e’tiborlisi, mamlakatimizda joriy yil – "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili" deb e’lon qilindi.
Yana bir e’tiborga loyiq voqelik: 2023 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi “Hamma uchun qadr-qimmat, erkinlik va adolat” shiori ostida keng nishonlanadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 1948 yili qabul qilingan bo‘lib, unda umuminsoniy huquqlar belgilab berilgani va har bir insonning teng qadr-qimmati tan olingani juda muhim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 7 fevraldagi Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Dastur matni bilan tanishgach, uning mazmun-mohiyati ayni shu Deklaratsiya g‘oyalari bilan uyg‘un va hamohang ekaniga ishonch hosil qildim.
Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida “Inson huquqlari haftaligi” doirasida turli ma’rifiy-huquqiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Men ham o‘zim tahsil olayotgan Akademik litseyda o‘tkazilgan anjumanda Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi bo‘yicha o‘z fikrlarim bilan o‘rtoqlashdim.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim – inson huquqlari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va dunyoqarashni shakllantirish orqali inson huquqlari umumiy madaniyatini yaratishga yo‘naltirilgan tizimli ta’limdir. Ushbu ta’lim inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni tarqatish orqali amalga oshiriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim barcha insonlarni o‘z huquqlari va boshqalarning ham huquqlarini himoya qilishga undaydigan qadriyatlar, e’tiqod va munosabatlarni ilgari suradi. Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturidan ko‘zlangan asl maqsad ham shu.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Bunda "Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat" degan tamoyil ustuvorlik kasb etayotgani har qancha e’tibor hamda e’tirof sazovor, deb o‘ylayman.
Saidakmal MAMASOLIYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi
Akademik litseyning 1-bosqich o‘quvchisi
- Qo'shildi: 24.02.2023
- Ko'rishlar: 4674
- Chop etish