Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi ochildi

27 fevral kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Ushbu sessiya doirasida o‘tkaziladigan Yuqori darajadagi segment ishida va boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Shveysariyaga jo‘nab ketdi. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasining ochilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘zga chiqdi. Bosh kotib XX asr davomida va XXI asr boshida insoniyat taraqqiyoti yo‘lida erishilgan natijalar endi ortga ketayotganini afsus bilan qayd etib, ilk bor o‘n yilliklar davomida o‘ta qashshoqlik va ochlik holatlari to‘xtovsiz ortayotganidan tashvish bildirdi.

Bugungi kunda iqlim nuqtai nazaridan “qaynoq nuqtalar” hisoblanadigan hududlarda 3,5 milliard aholi yashamoqda. A.Guterrishning qayd etishicha, ana shu ulkan ko‘lamdagi xavotirli hududlar tez orada inson huquqlari uchun o‘ta serkulfat joylarga aylanadi.

BMT Bosh kotibi ayni vaqtda yer yuzida zo‘ravonlik, nizolar va inson huquqlarining buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshib, 100 million kishiga yetganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan u qochqinlar va migrantlarning huquqlarini hech bir “kamsitishlarsiz” ta’minlashga chaqirdi. Binobarin, “bizga qochqinlar va migrantlarga yordam berish uchun xavfsiz, tartibli va qonuniy choralar nihoyatda zarur”, dedi A.Guterrish.

Delegatlar bir oydan ortiq muddat davom etadigan sessiya majlislarida BMT Maxsus ma’ruzachilarining 80 ta hisobotini tinglab, muhokama qiladilar. Sessiya doirasida, jumladan, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda oziq-ovqat va taraqqiyot huquqlariga bag‘ishlangan majlislar o‘tkaziladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zolari o‘lim jazosini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqadi. Irqiy kamsitishning barcha turlariga barham berish yuzasidan munozaralar tashkil etilishi ham mo‘ljallanmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 52-sessiyasi joriy yil 4 apreligacha davom etadi. Bu, o‘z navbatida, mazkur sessiya BMT Kengashi tarixidagi eng uzoq muddatga cho‘zilgan forumga aylanadi, deganidir.

Ma’lumot uchun: BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 2006 yil 5 mart kuni BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyusiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur rezolyusiya asosida Kengash inson huquqlari sohasida har bir davlat majburiyatlari bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi hamda shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash BMTning butun dunyoda barcha inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi uchun asosiy mas’ul organi hisoblanadi. Kengashning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ‘ib qilishdir. Inson huquqlari bo‘yicha kengash qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat bo‘lib, O‘zbekiston 2020 yilda Kengash a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech