IMKONIYATI CHEKLANGAN SHAXSLARGA G‘AMXO‘RLIK Jamiyatimizga xos insonparvarlik, bag‘rikenglik va mehribonlik fazilatlari ifodasidir

Bugungi kunda mamlakatimizda «Inson qadri uchun» g‘oyasi va joriy islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuv barcha sohalardagi yangilanishlarning mazmun-mohiyatiga chuqur singib bormoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng qamrovli islohotlar mantiqiy ketma-ketlikda va samaradorlik bilan amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, yurtimizda inson qadrini ulug‘lashga, inson manfaatlariga, shu jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, kam ta’minlanganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilingan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari izchil amalga oshirilmoqda.

Konvensiya talabiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar imkoniyatini oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi va bu haqda dastavval 2 yil, so‘ngra 4 yilda kamida 1 marta BMTning Konvensiya bo‘yicha qo‘mitasiga keng qamrovli ma’ruza taqdim etishi lozim. Mamlakatimizning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishiga oid dastlabki ma’ruzasi 2023 yil 28 iyulga qadar BMTning tegishli Qo‘mitasiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam berish, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 66-maqsadi: “Nogironligi  bo‘lgan  shaxslarni  qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish” deb nomlanadi. Ayni vaqtda ushbu dasturilamal hujjatda belgilab berilgan ustuvor vazifalar hayotimizga chuqur tatbiq etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir qator qo‘shimcha kafolatlar belgilandi. Jumladan, bundan buyon nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida, fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi. Jahon standartlari asosida nogironlikni belgilash hamda ular uchun qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Shu ma’noda, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyiliga hamohang kechayotgan ayni jarayonlar kuni kecha yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ijrosi bilan o‘zaro uyg‘un holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 fevralda matbuotda e’lon qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada ulkan ahamiyat kasb etganini e’tirof etish o‘rinlidir.

Qarordan ko‘zlangan maqsad:

birinchidan, inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash;

ikkinchidan, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;

uchinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 2,4 foizi, ya’ni 782 ming nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Ulardan 123 ming nafari 18 yoshgacha bo‘lgan, 461 ming nafari mehnat yoshidagi va 198 ming nafari pensiya yoshidagi insonlar hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining yangi qarori nogironligi bo‘lgan ana shu shaxslarning ijtimoiy himoyasini oshirishga qaratilgan.

Qarorda, avvalo, nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash va nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish masalasiga ustuvor darajada e’tibor berilgani juda muhim. Binobarin, Taraqqiyot strategiyasida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya moslamalari bilan ta’minlash darajasini 60 foizga yetkazish belgilangan.

O‘tgan yili nogironligi bo‘lgan shaxslardan 94 foizining protez-ortopediya vositalariga bo‘lgan ehtiyoji qanoatlantirilgani holda, ulardan atigi 119 nafari zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlangan. Shu raqamning o‘zi ham Prezident qarori naqadar muhim va dolzarb ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi, deb o‘ylaymiz.

Qarorga asosan, 2023 yilda 400 nafar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxsni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangan sifatli va zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bu o‘rinda, jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni va birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlash haqida so‘z bormoqda.

         Prezidentimiz qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z huquqlaridan foydalanishlari asnosida duch keladigan byurokratiya va ortiqcha qog‘ozbozlik holatlariga barham berish borasida ham ta’sirchan choralar belgilangan. Bunda, avvalambor, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish hamda davlat idoralari rahbarlari va mansabdor shaxslari qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyozlar berish nazardan tutilganini qayd etish darkor.

Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinmoqda. Sodda qilib aytganda, bunday tibbiy xulosaning mavjudligi mas’ul idoralar tomonidan elektron ma’lumot almashinuvi orqali aniqlanadi.

Bundan tashqari, pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilishi asosli ekanligini aniqlash maqsadida ularni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman yo shahar bo‘limlarining yo‘llanmasiga asosan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinmoqda.

Qarorning yana bir muhim jihati: 2023 yil 1 iyulga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati kengaytirilmoqda. Binobarin, hozirga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar doimiy ravishda 8 turdagi protez-ortopediya va 10 turdagi reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlab kelinayotgani hisobga olinsa, Hukumatning tegishli qarori asosida ushbu raqamlar miqyosi yanada ortadi.

Davlat rahbari tomonidan nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilgani alohida diqqatga sazovor. Qaror talabiga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga yo ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi.

Bunda, jumladan:

  • statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi;
  • bolalar serebral falaji, umurtqa pog‘onasining patologik sinishi bilan kasallangan bolalar va kattalarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlari 2023 yilda robotlashtirilgan lokomat to‘plami va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlanadi.

Qarorga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda so‘z borganda, albatta, fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilganligini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.

Ayni chog‘da, qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yordam olishlariga (pro bono) ko‘maklashish uchun “Yuridik yordam” axborot tizimida advokatlik tuzilmalari va advokatlar foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlari bo‘limi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Buning natijasida, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyasini oshirish maqsadida ular uchun advokatlar tomonidan professional bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatilishini tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi. Shuni ham ta’kidlash joizki, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qator moddalari, jumladan, 5–7, 12–13-moddalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi zarurligi qayd etilgan.

Prezident qarorida tegishli vazirlik va tashkilotlarga nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud imtiyozlarning yagona ro‘yxatini shakllantirish va doimiy yangilab borishga doir vazifa ham yuklangan. Bunda imtiyozlarning yagona ro‘yxatini Adliya vazirligining “Advice.uz” huquqiy axborot portalida e’lon qilib, Internet tarmog‘i orqali doimiy yoritib borish ko‘zda tutilmoqda.

Tabiiyki, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlovchi pedagoglar soni va salohiyatini oshirish ham dolzarb va mas’uliyatli masalalar sirasiga kiradi. Shu maqsadda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga qabul davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun: 2022/2023 o‘quv yilida mazkur mutaxassislik bo‘yicha 82 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan.

Oliygohlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘quv materialini maxsus formatga o‘tkazish, tiflo tarjima va shu kabi boshqa yumushlarda ko‘maklashuvchi maxsus pedagoglar normativlari ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, abiturientlar uchun qabul tartibi, test to‘g‘risida ma’lumot va materiallar qulay formatda bo‘lishi, ya’ni videoroliklar, surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi ta’minlanadi.

Qaror bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. Reja 14 ta tashkiliy-huquqiy chora-tadbirdan iborat bo‘lib, ijro muddatlari va mas’ul ijrochilar aniq ko‘rsatilgan.

Xulosa qilib aytganda, Prezident qarorini bajarishga mas’ul tegishli vazirliklar va manfaatdor tashkilotlar, shu jumladan, ushbu huquqiy hujjatning ishlab chiqilishi tashabbuskorlaridan hisoblanuvchi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi oldida ko‘plab xayrli va mas’uliyatli ishlar turibdi.

Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Har qanday jamiyatning madaniyat darajasi, bag‘rikenglik va mehribonlik xususiyatlari imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan shaxslar va keksa avlod vakillariga munosabati bilan belgilanadi”.

 

Mirzatillo TILLABOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 3 mart kungi 44-soni

Powered by GSpeech