15 mart – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tashkil topgan kun
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 2006 yil 15 mart kuni BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyusiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur rezolyusiya asosida Kengash inson huquqlari sohasida har bir davlat majburiyatlari bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi hamda shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi.
Ya’ni, davlatlar Universal davriy tahlil doirasida inson huquqlarining barcha sohalari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini har
4 yilda Inson huquqlari bo‘yicha kengashga taqdim etadi. Kengash inson huquqlarini qo‘pol tarzda va muntazam ravishda buzish hollari bilan bog‘liq voqealar va amaliyotni muhokama etib boradi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash BMTning butun dunyoda barcha inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi uchun asosiy mas’ul organi hisoblanadi. Kengashning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ‘ib qilishdir.
Kengash biron-bir farqlarsiz va adolat hamda tenglik asosida barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklarini umumhurmat qilish va himoya qilish ishiga ko‘maklashadi. Inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha o‘zining tegishli tavsiyalarini taklif etadi.
Bugungi kunda BMT tizimida inson huquqlarining turli sohalariga ixtisoslashgan 59 nafar maxsus ma’ruzachi mavjud. BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari — inson huquqlari bo‘yicha muayyan mamlakatdagi vaziyat yoki aniq bir mavzuni o‘rganish va bu haqda ma’ruzalar taqdim etish uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil ekspertlardir.
Kengash doirasida, dunyoning har qanday hududida va har qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar, sodir etilgan va tizimli hamda ishonchli ravishda tasdiqlangan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining barcha qo‘pol buzilishi holatlarini o‘rganish maqsadida shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartiboti o‘rnatilgan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi jahon bo‘ylab inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi borasidagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko‘rsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur Kengashga a’zo har bir davlat o‘z majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq mezonlarga amal qilishda namuna bo‘lishi lozim.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat. O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor 2020 yil 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi.
Mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan buyon bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning oliy minbaridan ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi va izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.
Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida – 2021 yil 22-24 fevral kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Yuqori darajadagi segment ishida O‘zbekiston Prezidenti ushbu Kengashga a’zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Yuqori darajadagi segment Inson huquqlari bo‘yicha kengashning yil davomidagi eng asosiy siyosiy tadbiri hisoblanadi.
Jeneva shahrida 2021 yil 8 oktyabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi. Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.
Davlatimiz rahbari o‘sha nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zero, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 48-sessiyasida O‘zbekiston kiritgan rezolyusiya matni BMT Kengashiga a’zo barcha, ya’ni 47 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, O‘zbekiston ilgari surgan xalqaro hujjat loyihasiga dunyoning 37 mamlakati hammualliflik qildi.
2022 yil 4 oktyabrda BMT Inson huquqlari kengashining 51-sessiyasida “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyasi qabul qilindi. Ushbu rezolyusiya 41 ta davlat, shu jumladan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilinib, unda yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarni virtual olamdagi tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar ifodasini topgan.
Bularning barchasi, bir tomondan, davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratgan mazkur umuminsoniy muammo nechog‘lik dolzarbligini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Ikkinchi tomondan, bu – O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini jahon jamoatchiligi keng qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin dalolati hisoblanadi.
BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyusiyasida Inson huquqlari bo‘yicha kengash bajaradigan vazifalar qatorida inson huquqlari sohasidagi ta’limga ko‘maklashish masalasi ham alohida ta’kidlangan. Ya’ni, xalqaro hamjamiyat Inson huquqlari bo‘yicha kengash 2006 yilda tuzilgan davrdayoq inson huquqlari sohasidagi ta’lim ushbu organ shug‘ullanadigan ustuvor sohalardan biriga aylanishini chuqur anglagan.
Gap shundaki, bugungi kunda jahon ahli tinchlikka, dunyoning bugungi manzarasiga bemisl ta’sir ko‘rsatadigan uchta voqelikni boshidan kechirmoqda. Bular – pandemiya inqirozi, iqlim o‘zgarishi va Yevropaning qoq yuragida kechayotgan hamda global oqibatlarga ega qurolli nizolardir.
Bu voqealarning barchasi inson huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qiladi. Shunday ekan, ushbu voqealarga inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashish – bunday kulfatlarni yengib o‘tish va kelgusida yana takrorlanishi oldini olishning eng maqbul yo‘lidir.
Bunday inqirozlarning oldini olish uchun inson huquqlari sohasiga oid yetuk normalar va institutlarga ega bo‘lish talab etiladi. Binobarin, rang-baranglik qadriyatlarining ahamiyatini e’tirof etish, jamiyatni farovon qilish va nizolarga barham berish uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limdan maqbulroq ta’sirchan vosita bormi?
Aholining o‘ta zaif qatlamlari huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotga erishishda inson huquqlari sohasidagi ta’lim yangi yaxshi imkoniyat ekaniga shubha yo‘q. Nizolar va mojarolar bo‘lib o‘tganidan keyin jamiyatning ijtimoiy ahvolini tiklashda inson huquqlari sohasidagi ta’limdan shifobaxshroq malhamni topib bo‘lmasligi kundek ravshan.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida bu yo‘nalishda amalga oshirayotgan izchil faoliyati o‘z munosib samaralarini berayotganini jahon hamjamiyati amalda yaqqol ko‘rib turibdi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2023 yil
7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda juda muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidentining ushbu sohani rivojlantirishga doir navbatdagi yangi qarori Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha 2022 yil 10 dekabrda boshlangan butun dunyo miqyosidagi kampaniya davrida qabul qilingani alohida diqqatga molikdir. Nega deganda, ayni Deklaratsiya bashariyat tarixida birinchi marta insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan nufuzli xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanadi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi uchta asosiy maqsadga erishish uchun qabul qilindi. Bular, birinchidan, O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish; ikkinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash; uchinchidan, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat.
O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida zimmasiga olgan majburiyatlari doirasidagi faoliyati haqida so‘z yuritganda, shuningdek, mamlakatimiz 2021 yilda BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilganini alohida qayd etish lozim. O‘z navbatida, 2022 yil dekabrida “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti” shafeligida, fuqarolik jamiyatining xotin-qizlar tashkilotlari va “BMT-ayollar” tuzilmasi ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazildi.
Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilindi. O‘tgan yil avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimiz delegatsiyasi 2023 yil 28 fevral – 4 mart kunlari Jeneva shahrida bo‘lib, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etdi. Xalqaro hamjamiyat e’tiboriga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlarni istiqbolda yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi.
Yuqori darajadagi segment majlisi ishtirokchilariga yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan batafsil axborot berildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyasi BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini ta’sis etish yuzasidan ilgari surilgan Toshkent tashabbusi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.
Eng asosiysi, Inson huquqlari bo‘yicha kengash oliy minbarida O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyalarining qabul qilinishi borasidagi mamlakatimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun BMTga a’zo davlatlarga chuqur minnatdorchilik izhori yangradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi bo‘lish uchun qat’iy intilgani bejiz emasligi, ya’ni bundan ko‘zlangan maqsadi ezgu va xolis ekanligi amalda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz BMT Kengashi a’zosi sifatida zimmasidagi majburiyatlarni astoydil bajarib, inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga izchil ko‘maklashmoqda.
Binobarin, davlatimiz va jamiyatimiz hamisha mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor bo‘lishi, inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishi, himoya qilinishi va rag‘batlantirilishi tarafdoridir.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 15.03.2023
- Ko'rishlar: 3871
- Chop etish