Konstitutsiyada nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari yanada mustahkamlanmoqda

Rivojlangan jamiyatda inson huquq va erkinliklarini, tenglikni ta’minlash ustuvor hisoblanib, hech kimni kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘bekiston Respublikasida  jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari  davlat tomonidan qat’iy muhofazaga  olinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Biz uchun nogironligi bo‘lgan insonlarni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalariga jalb etish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi”, degan so‘zlari imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlanishi davlat muhofazasida ekanligini tasdiqlaydi.

2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilingani ham nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilinishida yana bir muhim qadam bo‘ldi.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha alohida moddalar kiritilib, ularning huquqlari davlat muhofazasida ekanligi  ko‘rsatib o‘tilgan.  

Xususan, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi mustahkamlangan.  

Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.  

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ularning faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.  

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mayorlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qayd etilgan bo‘lsada, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan moddalarning kiritilganligi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilinishida yanada mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2020 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun, 2023 yil 27 fevralda "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2023 yilda muhtoj shaxslar zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bilan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan va I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlanadi.

2023 yil 1 sentyabrdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlashda tibbiy xulosa talab qilinmaydi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi, mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kiradi.

2023 yil 1 maydan shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarga bolaning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratiladi. Mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat beriladi.

Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari bolani nogironligi bo‘lgan shaxs deb topganda ularga pensiya tayinlashda qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish bekor qilinadi.

“Yuridik yordam” axborot tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam berish uchun alohida murojaat bo‘limi yaratiladi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, yangi Konstitutsiyada ko‘zda tutilgan moddalar har bir inson, uning huquqlari va erkinliklarini ta’minlanishida dasturilamal bo‘lib, jamiyatning farovon hayoti, davlatimizning tadrijiy taraqqiy etishiga xizmat qiladi.  

Biz buni 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida faol qatnashish orqali tasdiqlanishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz.      

                                                                   Hamidullo Mo‘minov,

Inson huquqlari bo‘yicha  

O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

   “Inson huquqlari uyi” mas’ul xodimi.

Powered by GSpeech