Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qanday muhim hayotiy mezonlar mujassamlashgan?

Oʻtgan asrda texnologik imkoniyatlarimiz bugungidek darajada keng emasdi.

Agar eʼtibor bersak, keyingi yillarda insoniyat tafakkurida, oʻy-fikrlarida, dunyoqarashida sezilarli oʻzgarishlarni kuzatish mumkin. Bu, ehtimol, yosh avlod uchun sezilmas, lekin biz tengilar mening fikrimga qoʻshilishiga shubham yoʻq. Chunki XXI asr tiriklik ostonasidan hatlar ekan, hayotimizga katta harflar bilan “DUNYO OʻZGARMOQDA”, degan chaqiriqni yozib kirdi. Bu – odam avlodlarining oʻz qoʻli va tafakkur hosilasi bilan roʻy berayotgan buyuk evrilish hodisasi edi, aslida.

Oʻtgan asrda texnologik imkoniyatlarimiz bugungidek darajada keng emasdi. Bunga oddiy misollar koʻp: aytaylik, 20–30 yil oldin bizga “Borib-borib mashinalar elektr energiyasi bilan yuradi”, deyishsa ertakka oʻxshardi. Agar kimdir “Koʻrasizlar, kun kelib odamlar sunʼiy qanot bogʻlab uchadi”, desa kulgiga qolardi. Yoki oʻzimizni olaylik. Kelajakni bashorat qiluvchi ekspertlar hammani bir joyga yigʻib, “XXI asrning birinchi choragi yakuniga borib dunyoda “Yangi Oʻzbekiston” atamasi paydo boʻladi, xalq dardu tashvishlari, muammolarini tinglaydigan katta siyosiy tizim ish boshlaydi, oddiy fuqarolar gapiradi, ularni hokimlar, hatto Prezident eshitadi”, desa, ochigʻi, ishonmasdik. Qarangki, oʻtgan asrda tasavvurga sigʻmas orzu-oʻylar bugun kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hayratlarning ham chegarasi boʻlar ekan. Nimaga bunday deyapmiz? Chunki bugun bir olim-ixtirochi kelib, “Yaqin yillarda uchar poyezdlarni yaratamiz. Ular oʻzga sayyoralarga qatnay boshlaydi”, desa ishonamiz, aslo hayratlanmaymiz. Kamiga “Boʻlar ekan-ku”, deb qoʻshib ham qoʻyamiz.

Lekin tiriklik dunyosida hadsiz, oʻzgarmas va qiyossiz bir tole bor. Bu – hayotda yashash zavqi, munosib yashash baxti. Hadsiz, dedik, chunki – Alloh inʼom etgan hayot qadri bu yorugʻ olam uzra birdek anglashiladi va uning falsafasi chegara bilmaydi. Oʻzgarmasligining boisi zavq va baxt tushunchalari hamisha yonma-yon yurib, mohiyatan butun dunyo xalqlari uchun birdek tushunarli yetuklik hosilasi ekanida namoyon boʻladi. Beqiyosligi shundaki, dunyoga kelishning oʻzi buyuk baxt va uning qadriga yetib, hayotda inson, degan rutbaga munosib yashab oʻtish toleini hech bir neʼmat bilan tenglashtirib boʻlmaydi, nazarimizda.

Biz oʻzgarayotgan dunyoda munosib yashash baxti va uning zavqi haqida bejiz gap boshlamadik. Diydasi, zuvalasi oʻtgan asrda qotgan odam avlodlariga hayratlar ulashishdan tolmayotgan bugungi zamonimizda mamlakatlarni, taqdiri yelkadosh davlatlar joylashgan qitʼalarni ikki turli taqdir qurshab turibdi. Biri – siyosiy ziddiyatli munosabatlarga toʻla algʻov-dalgʻov hayot. Ikkinchisi – oʻz hududida tinchlikni saqlab turishga kuch topayotgan va dunyoga ham yaxshilikni sogʻinuvchi mamlakatlardagi jozibador muhit.

Shukrki, biz – Yangi Oʻzbekiston ahli bugun ikkinchi taqdirga egalik qilmoqdamiz. Egalik hissi hamisha xalq koʻksini koʻtarib turadi. Jamiyatda yangilanishlar va oʻzgarishlarga turtki beradi, odamlar ongu tafakkurida evrilishlar hodisasini paydo qiladi.

Bu tabiiy sodir boʻladigan, oʻz-oʻzidan erishiladigan natija emas, albatta. Uning zamirida kuchli siyosiy intilishlar, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishlar falsafasi yotadi. Gap shu haqda borar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bir gapini qayta-qayta yodga olishdan ruhlanamiz. Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida shunday yozadi: “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.

Biz bu yoʻlda islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyatimiz aʼzolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi”.

Maqolamiz avvalida dunyoda “Yangi Oʻzbekiston” atamasi paydo boʻlgani-yu mamlakatimizda xalq dardu tashvishlari, muammolarini tinglaydigan katta siyosiy tizim boshlangani haqida aytdik. Buning asl mohiyati, zalvorli falsafasi Prezidentimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi shu orzu-niyatlari, maqsadu muddaosi, hayotiy gʻoyasida oʻz aksini topadi.

Biz shuncha gapni nega aynan bugun aytyapmiz? Boisi shundaki, bugun mamlakatimiz yangi davr ostonasida turibdi. Yaʼni, oʻttiz yildan ziyod vaqt mobaynida mustaqil Oʻzbekiston davlatimizning huquqiy asosini taʼminlab kelgan, bugungi farovon hayotimiz uchun mustahkam omil boʻlgan Konstitutsiyamizni yangi davr ruhiga monand yangi tahrirda qabul qilish arafasidamiz.

Mavzuga kirishishdan oldan bu tarixiy jarayonning biz anglagan uchta muhim asosini aytib oʻtsak.

Birinchisi – milliy strategik rivojlanishimizning ikkinchi bosqichida koʻzda tutilgan xalqchil islohotlarni hayotga keng tatbiq etish va ular samaradorligini taʼminlash ehtiyoji.

Ikkinchisi – xalqimiz manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻyish siyosatini konstitutsiyaviy mustahkamlash maqsadi.

Uchinchisi – oʻzgarayotgan dunyoda ichki va tashqi siyosat prinsiplarini zamonaviy nigoh nuqtayi nazaridan hayot ruhiga moslashtirish.

Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarga yana bir qancha sabablar va ehtiyojlarni sanash mumkin. Lekin, barchasining zamirida yagona maqsad mujassam topganini aytish kifoya. Bu – xalq hayotini yaxshilash yoʻlida barcha jabhadagi islohotlar negizida turgan huquqiy asoslarning toʻgʻridan toʻgʻri va Konstitutsiya darajasida tatbiq etilishini taʼminlash maqsadi.

Shu oʻrinda Konstitutsiyamizning yangi tahriridan oʻrin olgan alohida jihatlar haqida soʻz yuritsak. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz “Xalq Konstitutsiyasi”, deya baholanmoqda. Bu shunchaki taʼrif emas. Uning zamirida bir qator muhim hayotiy mezonlar turibdi. Avvalo, milliy strategik rivojlanishimiz asosi sifatida qaralayotgan bu hujjat bevosita xalqimiz takliflari asosida shakllantirildi. Qariyb ikki yilga yaqin vaqt davomida takomiliga yetkazilgan yangi loyihaga oddiy fuqarolardan kelib tushgan minglab takliflarning hech biri eʼtiborsiz qolmadi. Ularning har biri yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Va, eng muhimi, bu takliflarning har toʻrttadan bittasi inobatga olindi. Shu maʼnoda, yangi tahrirdagi Bosh qonunimizni haqiqiy maʼnoda “Xalq Konstitutsiyasi” deyishga toʻlaqonli asoslarga egamiz.

Yana bir muhim jihat – amaldagi Konstitutsiyamizda mavjud 128 modda 155 taga koʻpaydi. Bu shunchaki koʻpaydi, degani emas. Taʼbir joiz boʻlsa, qariyb har bir modda xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash, ijtimoiy davlat tamoyillarini kuchaytirish ruhi bilan yoʻgʻrilgan hayotbaxsh normalar bilan boyitildi. Bu shuni anglatadiki, endilikda yurtdoshlarimiz faqatgina Konstitutsiya asosida koʻp muammolariga yechim topishi mumkin boʻladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bu fikrimizga misollar koʻp. Ularning ayrimlarini keltiramiz.

Birinchi misol: 20-moddaga koʻra, “Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”. Sir emaski, shu paytgacha fuqarolar va davlat tashkilotlari oʻrtasida biror-bir ziddiyatli, bahsli muammo yuzaga kelganida, masala sudlashishgacha yetib borganida, ish davlat manfaatlari nuqtayi nazaridan hal qilinar, yaʼni tarozi pallasi u tomonga bosar edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda esa bu boradagi masalalarda inson manfaatlari bosh mezon boʻlishi koʻzda tutilmoqda.

Ikkinchi misol: 23-modda “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi”, degan norma bilan boyitilgan. Toʻgʻri, amaldagi Konstitutsiyamizda ham “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi”, deyilgan. Ammo bu normaning hayotdagi ifodasini koʻrmagan edik. Shu bois, chet elda turli sabablar bilan boʻlib turgan himoyaga muhtoj fuqarolarimiz oʻzini yolgʻiz, vatan himoyasidan ayro his etib keldi. Bu, ayniqsa, mehnat migrantlarimizni qiynab kelar edi. Yangi tahrirning muhim jihati shundaki, endilikda davlat xorijdagi oʻz fuqarolariga, vatandoshlarimizga xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. Yaʼni, bu borada xalqaro tan olingan normalar asosida ish koʻriladi. Bu degani, mazkur normaning ishlashi xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilishiga sabab boʻladi va Oʻzbekistonning tashqi siyosatda nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Uchinchi misol: 27-moddaga asosan “Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas”. Ochigʻini aytish kerak, “falonchini olib ketishibdi, qamab qoʻyibdi, nima ayb ish qilgan ekan?” qabilidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinib turar edi. Bunday hollarda gumonlanuvchi ham, uning yaqin qarindoshlari ham chorasiz qolgan. Endi, oʻzingiz anglaganingizdek, bu kabi inson qadri toptaladigan amaliyotga konstitutsiyaviy darajada chek qoʻyilmoqda.

Toʻrtinchi misol: 28-moddada esa “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas”ligi belgilanmoqda. Mana bu oʻzgarishni, chin maʼnoda, inqilobiy, deyish mumkin. Boisi, Yangi Oʻzbekistonda xalqchil islohotlar boshlanguniga qadar sudlangan, qamalgan yoki qamalib chiqqan fuqarolarning farzandlari “qora tamgʻa” bilan yurar, nafaqat ularning farzandlari, balki yaqin qarindoshlari ham biron tuzukroq davlat ishiga joylashishi katta savol ostida qolar edi. Ayniqsa, huquq-tartibot organlarida ishlashga bolaligidan havasi boʻlgan yigit-qiz ota yoki onasining bilib-bilmay qilgan xatosi tufayli bir umrga shu orzusidan mosuvo boʻlishga majbur edi. Oʻzingiz aytingchi, shu adolatdan edimi?!

Beshinchi misol: 42-moddaga “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”, degan yangi norma kiritilgan. Bu ham aziz opa-singillarimizni, koʻplab yosh oilalarni uzoq yillar oʻylantirib kelgan, kerak boʻlsa, hayotiy rejalarini oʻzgartirib yuborayotgan katta muammolardan biri edi. Tasavvur qiling – siz yosh oilasiz. Er-xotin oldida maqsadlar koʻp: ijaradagi uydan chiqib, shaxsiy uyi boʻlishini orzu qiladi, bundan tashqari, mashina olgisi, dam olish kunlari sayohatga chiqqisi keladi. Chunki odamzot borki, orzu-havasli boʻladi va bu ham yashash huquqi kabi insonning tabiiy huquqlari sirasiga kiradi.

Buning uchun esa er-xotin birgalikda mehnat qilishi, shunga yarasha munosib oylik olishi kerakmi? Kerak. Shunday maqsadu oliy niyatlar bilan turgan yosh kelinchakni “sen homilador ekansan” yoki “buni ishga olsak, ertaga tugʻruq taʼtiliga chiqishi bor, ortiqcha dahmaza”, deya “toʻgʻri tushuntirib” yuborgan tashkilot masʼullari qancha boʻlgan?! Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ana shu adolatsiz amaliyotga ham barham berilmoqda.

Oltinchi misol: 44-modda shunday: “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”. Bu bilan xalqimizni uzoq yillar ezib kelgan, qanchadan-qancha dardu sitamlarga sabab boʻlgan armonlarimizga barham beryapmiz. Axir ota-ona uchun farzandi paxta dalalarida kimyomiy moddalar taʼsirida falaj boʻlayotganini koʻrib turib, chora topolmaslikdan boshqa fojiali taqdir bormi bu dunyoda?

Yettinchi misol: 47-moddada “Har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi”, degan norma mustahkamlanmoqda. Boshqasini qoʻya turing, hozir “Har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega”ligi haqida gaplashaylik. Bu yerda “Ijtimoiy davlat” maqomi oʻz soʻzini aytadi. Yaʼni, shu paytga qadar bizning davlat oʻz fuqarolari uy-joyli boʻlishini kafolatlamagan. Endi esa, ijtimoiy davlatchilik fonida har bir fuqaro bu huquqqa egaligi belgilanmoqda. Demak, Yangi Oʻzbekiston strategiyasida koʻzlangan maqsadlarimiz va aholini uy bilan taʼminlash siyosati bundan keyin ham bardavom boʻladi va u konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.

Sakkizinchi misol: 52-moddada “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”, deya qatʼiy belgilanmoqda.

Shu kunlarda televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalayotgan targʻibot lavhasini koʻrmagan yurtdoshimiz qolmagandir. Bu – “Balogardonova va Ura Barakallayevich” oʻrtasidagi ijtimoiy-siyosiy munosabat. Oʻqituvchini majburiy mehnatga jalb qilganimiz oqibatida kim yutdi? Eng ayanchli fojiani koʻringki, majburlaganlar ham, majbur boʻlganlar ham yutqazdi, millat yutqazdi, Vatanning bugun va kelajagi yutqazdi.

Yangi Oʻzbekiston jamiyatida amaldagi bu dahshatli taqdirni oʻzgartirganimizga ham bir necha yil boʻldi. Endi esa shu tizimni yanada mustahkamlash, uni hech qachon ortga qaytarmaslik uchun Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻymoqdamiz.

Toʻqqizinchi misol: 67-modda bilan “Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlaydi. Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli. Oʻzbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanadi”, degan iqtisodiy istiqbolli asoslar yaratilmoqda. Singapur qanday qilib dunyoning rivojlangan shahar davlatiga aylandi? Qanday qilib Uchinchi dunyodan Birinchi dunyoga oʻtdi? Albatta buning asoslari koʻp. Ulardan biri haqida Singapurning buyuk taraqqiyoti asoschisi Li Kuan Yu oʻz xotiralarida aytadi: “Amerikaga 1967-yil oktyabrda birinchi marta rasmiy tashrif bilan borganimda Chikagodagi biznes-nonushtaga toʻplangan taxminan 50 nafar ishbilarmonga Singapur qanday qilib 1819-yili 120 nafar baliqchi yashaydigan qishloqdan ikki millionli aholisi bor shaharga aylangani haqida gapirib bergandim. Buning sababi “Boshqalarga nisbatan arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarish. Arzon hamda sifatli xizmatlar koʻrsatish yoki halok boʻlish” degan shiorimiz edi.

Bu faktni nima uchun keltirdik? Gap shundaki, mamlakatimizda yangi iqtisodiy makon boʻldi. Uning asoslariga toʻxtaladigan boʻlsak, aytish joizki, birinchidan, erkin konvertatsiya nazariyasini amalda qoʻlladik, oʻzimizning va chet ellik ishbilarmonlar uchun erkin iqtisodiy siyosatni yoʻlga qoʻydik, siquvga oluvchi milliy qonunchiligimizni jozibador tadbirkorlik ruhi bilan sugʻordik.

Pirovardida, bugun biz tanlagan iqtisodiy yuksalish yoʻli oʻz natijasini bera boshladi. Xususan, yangi turdagi tovarlar ishlab chiqarish koʻlami kengaydi, eksport hajmi oshdi, mamlakatga keluvchi investorlar soni koʻpayib, ming-minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishiga zamin yaratildi. Endi esa bu boradagi islohotlarga konstitutsiyaviy maqom bermoqchimiz. Bunda har qanday tadbirkor va uning istiqbolli tashabbuslari kafolatlanishi belgilanmoqda. Bu bizga nima beradi? Li Kuan Yu aytmoqchi, arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish imkonini beradi, shu orqali mamlakatda tovarlar va xizmatlar eksporti hajmi oshishiga erishiladi.

Oʻninchi misol: 79-moddada “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deyilmoqda. Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati. Masalaga shu nuqtayi nazardan yondashsak, mazkur normaning naqadar hayotbaxsh ekanini anglash mushkul emas. Agar men adashmayotgan boʻlsam, haligacha hech bir mamlakatda yoshlarning barcha jabhadagi himoyasi, jamiyat va davlat hayotidagi ishtiroki Oʻzbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasidagi kabi bunchalik eʼtiborga olinmagan.

Eʼtibor bering, davlat har bir yoshning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlashni oʻz zimmasiga olmoqda, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun hamisha tayyorligini bildirmoqda. Bundan anglashiladiki, Yangi Oʻzbekiston uzoq yillik mustahkam va oʻzgarmas strategiyasiga ega. Unda bizni yoshlarning shaxdu shijoati bilan yoʻgʻrilgan katta oʻzgarishlar va farovon hayot qarshi olishiga ishonchimiz komil.

* * *

Biz bugun yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdan oʻrin olgan oʻnta yangilikni sanadik. Aslida ular juda koʻp, qariyb har bir moddada koʻzga tashlanadi. Muhimi bitta gap: Yangi Oʻzbekiston oʻzining tanlangan, saralangan yoʻlidan qatʼiy iroda bilan olgʻa borar ekan, bu yoʻlda bizni maqsad sari eltuvchi yagona manba, bu – xalqimizning xohish-irodasi mustahkamligi, sobitqadamligi va islohotlarga ishonch hissi buyukligida.

Eng muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bizni ana shu maqsadlar sari olib boruvchi Bosh huquqiy asosdir. Bunda sizu bizning ovozimiz ham boʻlishi kerak. Shunday ekan, barchamiz referendumda ishtirok etib, yangilanayotgan hayotimiz uchun yana bir bor ovoz berishimiz zarur boʻladi.

Qalandar ABDURAHMONOV,

akademik

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech