O‘zbekiston Prezidentining yoshlar bandligiga ko‘maklashishga oid farmoni e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 26 aprelda «Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Farmonning maqsadi mamlakatimizda yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, doimiy ish bilan hamda munosib daromad olishini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishdir.

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘lovchilar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qoplab beriladi.

Bunda ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qoplab beriladi.

Ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasining qoplab berilishi 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan transfertlar hisobidan amalga oshiriladi.

Ma’lumki, bugungi kunda milliy qonunchilikda yurtimiz yoshlariga muayyan imtiyozlar berilgan. Xususan:

  • Mehnat kodeksida yoshlar uchun alohida kafolatlar belgilangan, jumladan 16 dan 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun ish vaqti haftasiga 36 soatdan oshmasligi lozim.
  • Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va kontrakt bo‘yicha o‘qiyotgan ijtimoiy faol talabalarga kontrakt summasining 35 foizi to‘lab beriladi.
  • Kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga ta’lim krediti beriladi.
  • Yoshlar muammolari bilan ishlashning yangicha tizimi – «Yoshlar daftari» ishga tushirilgan.
  • «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarning nogiron oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari miqdorida yordam ko‘rsatiladi.
  • Nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun 15 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
  • Davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy qilingan.
  • Ijtimoiy faol yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlar beriladi.
  • Mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga 20 turdagi yordam beriladi.
  • Ayrim yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.
  • «Moziyga sayohat» dasturi doirasida «Yoshlar daftari»ga kiritilganlar davlat muzeylariga bepul kiritiladi.
  • Xorijdagi yosh vatandoshlarning vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi navqiron avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yo‘lida tubdan yangi bosqichni boshlab beradi. Chunki unda yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish kafolatlanmoqda.

Jumladan, davlat:

– yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirishni kafolatlayapti;

– yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilanayapti.

Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish –davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti.

Davlat shu orqali o‘z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun g‘oyat ahamiyatlidir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech