15 MAY – XALQARO OILA KUNI

Ushbu kunning qisqacha tarixi

1993 yil 20 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Xalqaro oila yili to‘g‘risida”gi rezolyusiyasi qabul qilingan. Ushbu xalqaro xujjatiga muvofiq 1994 yildan boshlab 15 may – Xalqaro oila kuni (International Day of families) sifatida dunyoning deyarli barcha davlatlarida nishonlanadi.

Xalqaro oila kunini nishonlashdan maqsad oilalar bilan bog‘liq muammoli masalalarga davlat va jamoatchilik e’tiborini qaratish, oilalar ahvoliga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va demografik jarayonlar haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishdan iborat. Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida azaldan insoniy qadriyatlar, milliy madaniyat va avlodlar davomiyligini asrovchi qo‘rg‘on, barqarorlik va taraqqiyot omili bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

 

Oila – muqaddas dargoh

Oila – muqaddas va qutlug‘ dargoh. Inson shu dargohda tug‘iladi va voyaga yetadi. Oilani jamiyatning kichik bir bo‘g‘iniga qiyoslash mumkin. Ma’lumki, oila – insonning tug‘ilishidan to umri poyoniga qadar bo‘lgan hayot mazmunini qamrab olgan, ta’lim-tarbiya, iymon-e’tiqodning asosiy poydevori shakllanadigan maskan. Mehr-oqibat rishtalarini, odamiylik mezonlarini, milliy qadriyatlarni e’zozlab-avaylaydigan, kelgusi avlodlarga to‘kis yetib borishini ta’minlaydigan mo‘tabar dargoh.

Darhaqiqat, xalqimiz azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida e’zozlagan, bu qo‘rg‘onga zavol yetmasligi uchun asrab-avaylashgan. Zero, oilani boshqarish, farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish mas’uliyatli vazifadir. Afsuski, ba’zan bu borada bilim, tajriba va tarbiyaning yetarli bo‘lmagani tufayli ko‘prok yoshlar o‘rtasida ajrashish holatlari uchrab turadi. Arzimagan bahonani sabab qilib oilalar buzilib, begunoh va beg‘ubor farzandlar tirik yetim bo‘lib qolmokda. Ayol oqila, fozila, jonkuyar bo‘lsa va turmush o‘rtog‘ini qadrlasa, er bosiq, jiddiy, mehribon, farzandlari, ahli ayoliga jonkuyar bo‘lsa, oila mustahkam bo‘ladi. Er-xotin o‘rtasida mehr-oqibat bo‘lishi kerak.

Yurtimizda oilani mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni kamol toptirish  borasida izchil va samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida avvalgi “Oila” bobi – “Oila, bolalar va yoshlar” deya qayta nomlandi, shuningdek ushbu bobga qo‘shimcha ravishda yoshlarga oid alohida modda kiritildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 76 moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir”, deyilgan.

Oila azal-azaldan insonni har tomonlama barkamol va komil qilib voyaga yetkazadigan, insoniy fazilatlar va xislatlarni shakllantiradigan, o‘zlikni milliy, mintaqaviy, umumbashariy va borliq xaqiqati darajasida anglatadigan, milliy hamda umumbashariy qadriyatlarga sadoqat ruhini kamol toptiradigan beqiyos va betakror tarbiya, ma’naviyat, ma’rifat o‘chog‘i hisoblanadi. Oila bergan mehru ma’rifatni inson boshqa hech qaerdan topa olmaydi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda yosh oilalar uchun qurilayotgan zamon talablariga to‘la javob beradigan uylar, ularga berilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar oila institutiga qaratilayotgan katta e’tiborning yana bir tasdig‘idir. Oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlar rivojini ta’minlovchi, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni dunyoga keltirib, tarbiyalovchi maskandir.

 

Jamiyat va oila

Oila — jamiyatning asosiy boshlang‘ich bo‘g‘ini, go‘zal urf-odatlar, milliy qadriyat va an’analarlarni o‘zida asrovchi, asrlar osha tarbiyada o‘ziga xos milliylikni shakllantiruvchi muqaddas maskan. Oila tinch bo‘lsa, mahalla tinch, jamiyat farovon, davlat mustahkam bo‘ladi. Ezguliklar oiladan boshlanadi, undan mahallaga ko‘chadi, jamiyatga kirib boradi.

Vatanga sadoqat, ota-onaga oqibat, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat omillari o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga oilada singdiriladi. Oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirish ota-onada farzandlar, farzandlar oldida ota-onaga nisbatan burchlarini, ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Insonning hayoti oiladan boshlanadi. Oila – hurmat, hamjihatlik va mehr-muhabbat manbaidir. Oila farovonligi – mamlakat taraqqiyotining o‘lchovidir. Oila – hayot abadiyligini saqlaydigan, ko‘p asrlik urf-odatlarimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimizni avloddan-avlodga meros qilib qoldirib kelayotgan muqaddas qo‘rg‘ondir. Shu boisdan ham yurtimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, unda o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va do‘stona munosabatlar hukmron bo‘lishiga erishish uchun alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz ta’kidlaganidek, tarbiya, avvalo, oiladan boshlanadi. Darhaqiqat, har tomonlama yetuk, barkamol va komil shaxsni tarbiyalashda oilaning o‘rni beqiyos. Tarbiyaning asosiy o‘chog‘i hisoblangan oila millat davomiyligini saqlash, milliy qadriyatlar rivojini ta’minlaydigan yangi avlodni dunyoga keltirib, uni ma’nan va jismonan sog‘lom qilib tarbiyalaydigan muqaddas maskandir. Ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy muhit sog‘lom qaror topgan oilada bolaning ongi yaxshilik, ezgulik, mehr-oqibat, odamiylik, or-nomus, g‘urur, samimiyat, to‘g‘riso‘zlik kabi fazilatlar bilan to‘lib, jamiyatga kerakli inson sifatida voyaga yetadi.

Mamlakatimizda baxtli va farovon oilalar soni ko‘paysin. Har bir oila tinch-osoyishta va baxtli bo‘lib, yurtimiz ravnaqi va barqarorligiga asos bo‘lsin.

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyatining

“Ijodiy-tashkiliy” guruh rahbari

Muxlisa XASANOVA

Powered by GSpeech