XORIJIY SARMOYADORLAR O‘ZBEKISTONDA YANGI INVESTITSIYA IMKONIYATLARINI KASHF ETMOQDA
Jeykob Shaads (Shvesariya),
«Lindemann Law» yuridik firmasi hammuassisi:
– Bugun Samarqand, umuman, O‘zbekiston YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik Yig‘ilishi kabi muhim xalqaro tadbirni o‘tkazish uchun eng munosib joy, deb hisoblayman. Bu O‘zbekiston hukumati tomonidan so‘nggi yillarda samarali iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, jumladan, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va rivojlantirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlarning o‘ziga xos e’tirofidir.
YeTTBning Samarqanddagi tadbiri ham xalqaro hamkorlar, potensial investorlar uchun mahalliy bozorni, mamlakatingizning sarmoyaviy salohiyatini yanada chuqurroq o‘rganish uchun ajoyib imkoniyatdir. Ishonchim komilki, YeTTB bundan keyin ham bu jarayonda muhim o‘rin tutadi va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
YeTTB Yig‘ilishi yaqinda foydalanishga topshirilgan Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazida o‘tkazilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Ushbu sayyohlik markazi qadimiy Samarqandning dunyoga mashhur diqqatga sazovor joylari qatorida ushbu shaharning innovatsion belgisi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Jonatan ChARLZ,
ETTB kommunikatsiyalar departamenti direktori (2011-2022), jurnalistika va kommunikatsiyalar bo‘yicha ekspert (Buyuk Britaniya):
— O‘zbekiston bugungi kunda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha nihoyatda jozibali va istiqbolli mamlakat hisoblanadi. YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishida O‘zbekiston sarmoyaviy salohiyatining taqdimoti buni yana bir bor isbotladi.
Majlisda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston ochiq, do‘stona, mehmondo‘st, yuqori malakali ishchi kuchiga ega jadal rivojlanayotgan mamlakat ekanini ta’kidladi. Mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligi tobora ortib bormoqda. Buni O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan va ijobiy tajribaga ega ko‘plab xorijiy kompaniyalar vakillari ham e’tirof etmoqda.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, hozirgi paytda qayta tiklanadigan energiya manbalari — quyosh, shamol energetikasini rivojlantirishga katta sarmoyalar jalb qilinmoqda. YeTTB Samarqanddagi yig‘ilishda bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlagani ahamiyatlidir.
Bugun Samarqanddagi YeTTB yig‘ilishida xorijiy investorlar mamlakatingizda yangi investitsiya imkoniyatlarini kashf etmoqda.
O‘zbekiston hukumati Samarqandda shunday muhim xalqaro tadbirni o‘tkazib, mamlakatning ajoyib sayyohlik salohiyatini ham namoyish etdi. Ishonchim komilki, tadbir ishtirokchilari o‘zlari bilan tarixiy shahar, uningdiqqatga sazovor joylari, o‘zbek xalqining boy madaniyati va an’anaviy mehmondo‘stligidan katta taassurotlar olib qaytadi.
Endryu Grossman,
«Frontier ESG Advisory” kompaniyasi ta’sischisi Ian Sanders va Iqtisodiy nizolarni hal qilish markazi (Centre for Effective Dispute Resolution) bosh maslahatchisi:
- Shu kunlarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (ETTB) navbatdagi yillik anjumani doirasidagi tadbirlarda minglab xalqaro delegatlar jam bo‘lishdi. Shu o‘rinda ko‘hna tarixga ega bo‘lgan va yosh mamlakat sifatida izchil rivojlanayotgan O‘zbekiston o‘z tarixida transformatsiya jarayonining muhim bosqichida turganini qayd etish joizdir.
Bugungi kunda sodir bo‘layotgan global o‘zgarishlar jarayoni shunday ta’sir ko‘rsatish salohiyatiga egaki, ularni XIX asrning sanoat inqilobi bilan taqqoslash mumkin. Dastlab «energetik o‘tish» deb nomlangan mazkur jarayon o‘zi anglatadigan tushuncha doirasida chiqib ketgan, unga «global barqaror investitsiyalar» atamasi ko‘proq mos keladi.
Bu jarayon xalqaro moliya bozorlarining qiyofasini tez o‘zgartirmoqda: taxminlarga ko‘ra, kelgusi ikki yil ichida 33 trillion dollar miqdoridagi investitsiyalar barqaror rivojlanish va ekologiya, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) standartlariga yo‘naltiriladi.
E’tibor markazining bunday tez o‘zgarishi butun dunyodagi yirik moliya institutlari o‘z ustuvorliklarini yangi voqelikka muvofiq belgilashlari uchun juda ko‘p mehnat qilishi lozimligini anglatadi.
Bugungi O‘zbekiston ushbu yangi yo‘lning boshida turibdi. Davlat korxonalarini markazlashuvdan xalos qilish va xususiylashtirish dasturi tufayli mamlakat ushbu sohada o‘zining yangi milliy strategiyasini amalga oshirishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Aholi tarkibida yosh, bilimli odamlar ustunligini hisobga olsak, ular barqaror rivojlanish va ESG sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun yetarli darajadagi malakaga ega ekanligi ayon bo‘ladi.
Zafar JONPO‘LAT,
“Ziraat Bank Uzbekistan” bosh direktori (Turkiya):
— YeTTB boshqaruvchilarining Samarqanddagi uchrashuvi Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ruhiga mos keladi.
Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si, birinchi navbatda, hamkor davlatlar, jumladan, uzoq xorij bilan ochiqlik va o‘zaro ishonch siyosati tufayli ko‘z o‘ngimizda kundan-kun mustahkamlanib bormoqda.
Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy markazi —Samarqand shahrida 16-18 may kunlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi tashkil etilishi va unda dun yoning yirik xorijiy moliya institutlari va yetakchi korporatsiyalari rahbarlaridan iborat delegatlar ishtirok etayotgani xalqaro biznes hamjamiyatining O‘zbekistondagi sarmoyaviy imkoniyatlarga nisbatan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
“Barqarorlik uchun sarmoya kiritish” shiori ostida o‘tkazilayotgan YeTTB tadbiri, shubhasiz, dunyodagi noaniqliklar tufayli ortib borayotgan iqtisodiy xavflarni bartaraf etishning aniq rejalarini shakllantirish uchun asos yaratadi.
Ishonchim komilki, uchrashuv natijalari mintaqaviy integratsiya va butun Markaziy Osiyo mintaqasi farovonligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 18.05.2023
- Ko'rishlar: 4030
- Chop etish