17-18 may kunlari Surxondaryo viloyatida shu mavzuda o‘quv kursi mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Malaka oshirish kurslari Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosini ta’minlash, Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish jarayonlari doirasida o‘tkazildi. Bunda davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi dasturilamal hisoblanadi.
O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarda Surxondaryo viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z videomurojaatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va BMTning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishini ta’kidladi. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi va qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘quv kursi dasturida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga oid Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Voyaga yetmaganlar va ayollar himoyasiga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanishi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalarga uyg‘un ravishda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.05.2023
- Ko'rishlar: 4171
- Chop etish